Nogironligi bo‘lgan bolalarga maktabdan tashqari ta'lim bepul bo‘lishi kafolatlandi

Jamiyat 21:16 / 23.10.2020 3893

28 sentabr kuni Kun.uz saytida «Cho‘zilayotgan muammo: jismoniy imkoniyati cheklangan bolalarning musiqa ta'limini olish imkoni cheklanganicha qoladimi?» nomli maqola e'lon qilingan edi. Unda ko‘tarilgan muammo bir necha kun oldin qabul qilingan «Nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari to‘g‘risida»gi qonun bilan o‘z yechimini topadigan bo‘ldi.

Qonunning 38-moddasida nogironligi bo‘lgan bolalarning bepul umumiy o‘rta, maktabdan tashqari, o‘rta maxsus va professional ta'lim olishi davlat tomonidan kafolatlanishi belgilandi.

40-moddada esa nogironligi bo‘lgan shaxslarning maktabdan tashqari ta'limi bolalar, o‘smirlar ijodiyot saroylari, uylari, klublari va markazlarida, «Barkamol avlod» bolalar maktabida, bolalar-o‘smirlar sport maktablarida, bolalar musiqa va san'at maktablarida, studiyalarda, axborot-kutubxona hamda sog‘lomlashtirish muassasalarida amalga oshirilishi nazarda tutilgan.

Qonun rasmiy e'lon qilingan kundan e'tiboran 3 oy o‘tgach kuchga kirishi inobatga olinsa, ushbu muddat o‘tganidan so‘ng, nogironligi bo‘lgan shaxslar, shu jumladan, ko‘zi ojiz bolalar ham musiqa va san'at maktablarida bepul ta'lim olishlari mumkin bo‘ladi.

Ko‘proq yangiliklar: