O‘zbekiston kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha Xitoy tajribasini o‘rganadi

O‘zbekiston 11:55 / 29.09.2020 10064

Joriy yilning 26 sentabr kuni Xitoy hukumati tomonidan BMT kotibiyati bilan hamkorlikda tashkil etilgan «Kambag‘allikni qisqartirish yuzasidan hamkorlikni kengaytirish» mavzusida yuqori darajadagi xalqaro videokonferensiya bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi axborot xizmati xabariga ko‘ra, konferensiyada Xitoy tashqi ishlar vaziri Van I, BMT bosh kotibining birinchi o‘rinbosari Amina Muhammad, BMT bosh kotibi o‘rinbosari Lyu Chjyenmin hamda Misr, Qozog‘iston, Peru, Filippin, Janubiy Afrika va boshqa rivojlanayotgan mamlakatlarning tashqi ishlar vazirlari ishtirok etdi.

Rivojlanish bo‘yicha xalqaro hamkorlik kun tartibida, qashshoqlikni har qanday shaklda yo‘q qilishga ustuvor ahamiyat berayotgani, rivojlanayotgan mamlakatlarga, eng kam rivojlangan mamlakatlarga, xususan pandemiya oqibatlarini bartaraf etish muhim ahamiyat kasb etishi ta'kidlandi.

O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari Jamshid Qo‘chqorov o‘z nutqida kambag‘allikni qisqartirish prezident tomonidan belgilangan ustuvor vazifa ekanligini ta'kidladi. Ushbu muammoning ahamiyati O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan BMT Bosh assambleyasining 75-sessiyasida ilgari surgan takliflarida, shuningdek, qashshoqlikni yo‘q qilish va kambag‘allikni qisqartirish BMT Bosh assambleyasining yaqinlashib kelayotgan sessiyasining asosiy mavzularidan biri sifatida belgilashda va ushbu masalalarga bag‘ishlangan Global sammitni o‘tkazishda o‘z aksini topgani qayd etildi.

O‘zbekistonning uzoq muddatli strategik maqsadi barqaror va inklyuziv iqtisodiy o‘sishni ta'minlash, aholi jon boshiga daromadlarni oshirish, kambag‘allik darajasini keskin kamaytirish ekanligi ta'kidlandi.

Ushbu maqsadlarga erishish uchun O‘zbekiston bozor iqtisodiyotini mustahkamlash hamda liberallashtirish bo‘yicha tarkibiy islohotlarga e'tibor qaratmoqda.

O‘zbekiston delegatsiyasi nutqida kambag‘allikni qisqartirish sohasida global hamkorlikni kuchaytirish zarurligi, shuningdek, ushbu mamlakatning qashshoqlikka qarshi kurashish bo‘yicha Xitoyning muvaffaqiyatli tajribasi rolini alohida ta'kidlab o‘tdi.

Delegatsiyalar rahbarlari xalqaro rivojlanish bo‘yicha sheriklik aloqalarini kengaytirish, «Bir makon - bir yo‘l» tashabbusini va BMTning 2030 yilgacha barqaror rivojlanish kun tartibini amalga oshirishga hissa qo‘shadigan boshqa mintaqaviy va xalqaro hamkorlik tashabbuslarini qabul qilishning muhimligi to‘g‘risida kelishib oldilar. 

Uchrashuv doirasida, qatnashchilar rivojlanayotgan mamlakatlar uchun yanada ochiq va inklyuziv rivojlanish muhitini yaratish, ayniqsa, pandemiya sharoitida global ta'minot zanjiridagi uzilishlarni bartaraf etish bozorlar ochiqligini ta'minlashning ahamiyatiga ham e'tibor qaratishdi.

Xususan, XXR tashqi ishlar vaziri va BMT vakillari global pandemiya natijasida 70-100 millionga yaqin dunyo aholisi o‘ta qashshoqlik darajasiga tushib qolishi bo‘yicha tahdidlar mavjud ekanligini ta'kidladilar. Shu munosabat bilan ular kambag‘allikni qisqartirish, moliyaviy va texnik yordam rolini kuchaytirish yuzasidan strategik sheriklik muhimligi hamda pandemiya sharoitida yanada zarur omilga aylanganini qayd etdilar.

Bundan tashqari, global koronavirus pandemiyasining salbiy oqibatlarini yumshatish bo‘yicha O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan inqirozga qarshi amaliy choralar, xalqaro tashkilotlar va moliya institutlari bilan hamkorlik, shuningdek, kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha konsepsiya va strategiyani ishlab chiqish bo‘yicha xalqaro ekspertlar bilan birgalikda olib borilayotgan ishlar to‘g‘risida ma'lumot berildi.

Iqtisodiy barqaror va inklyuziv o‘sishni ta'minlash, inson kapitalini rivojlantirish va yangi ish o‘rinlarini yaratishga yo‘naltirilgan va amalga oshirilayotgan tarkibiy islohotlar O‘zbekistonda kambag‘allikni qisqartirishga qaratilgan asosiy chora-tadbirlar sifatida taqdim qilindi.

O‘zbekiston tomonidan quyidagilar taklif qilindi:

kambag‘allikni qisqartirish sohasida Xitoy va O‘zbekiston o‘rtasidagi hamkorlikning huquqiy asoslarini yaratish;

XXRning kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha tajribasini o‘rganish maqsadida, vazirliklar va idoralar xodimlari uchun xizmat safarlarini tashkil etish;

Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligiga Xitoydan maslahatchi-ekspert jalb qilish.

O‘z navbatida, Xitoy tomoni yordam ko‘rsatishga va kambag‘allikni qisqartirish sohasidagi tajribasi bilan o‘rtoqlashishga tayyorligini bildirib o‘tdi.

Ko‘proq yangiliklar: