Maktablarda atlas va xaritalar yetishmovchiligi qachon hal qilinadi?

O‘zbekiston 09:26 / 29.09.2020 8664

Respublikaning ba'zi maktablarida geografiya va tarix darslarida bor-yo‘g‘i bitta xaritadan foydalaniladi. Ba'zan geografiya darsida foydalanilayotgan xarita darsni bo‘lib, tarix fani uchun olib ketib qolinishi yoki buning aksi bo‘ladigan holatlar ham uchrab turadi.

Katta masshtabdagi xaritalarning tanqisligi masalasini o‘rganib, o‘zi bunday turdagi xaritaning dars davomida o‘quvchi uchun ahamiyati qandayligi haqida «Maktabda geografiya» jurnali bosh muharriri Oybek Abdimurotovga murojaat qildik.

«Geografiya darslarida katta masshtabli xaritalar juda muhim ahamiyat kasb etadi. Kichik masshtabli xaritalarda geografik obektlar kam bo‘lib, ularning maydoni, shakli va o‘lchamlarida xatoliklar ko‘p bo‘ladi. Katta masshtabli xaritalarda esa geografik obektlar ko‘proq bo‘lib, ularning maydoni, shakli va o‘lchamlari kam xatolik bilan tasvirlanadi.

Shuningdek, bunday xaritalarda mayda masshtabli xaritalarga qaraganda nisbatan kichik hududlarni ham tasvirlash imkoniyati yuqori. Bu esa o‘quvchilarda o‘zi yashaydigan viloyat, tuman, shahar va hatto mahalla yoki qishlog‘ining geografik o‘rni va boshqa xususiyatlari haqida aniq tasavvur hosil qilish imkonini beradi», – dedi Oybek Abdimurotov.

Bosh muharrirga ko‘ra, geografiya faniga doir bilimlarni yaxshi o‘zlashtirishda o‘quv atlaslari va yozuvsiz xaritalar bilan ishlashning amaliy ahamiyati katta. Chunki o‘quv atlaslarida darslikdagi har bir mavzuga taalluqli xaritalar tizimli ravishda jamlangan. O‘quvchilar ushbu xaritalar bilan ishlash orqali tabiat va jamiyatda sodir bo‘layotgan voqea va hodisalarni geografik makon bilan bog‘liqligini tushunib, darslik matnidan olgan nazariy bilimlarini mustahkamlash imkoniyatiga ega bo‘ladilar.

Atlaslar va yozuvsiz xarita bilan ishlaganda o‘quvchilar nafaqat o‘qib, balki voqea va hodisalarni o‘zgarish xolatini ko‘z bilan ko‘rib, qo‘l bilan bajarganlarida ko‘proq anglab yetadilar.

Maktablar xarita va atlaslar bilan qay darajada ta'minlangan?

Maktab o‘quvchilarining xarita va atlaslar bilan ta'minlanganlik darajasini bilish maqsadida respublikaning turli viloyatlaridagi o‘qituvchilar bilan bog‘lanib ko‘rdik. Ularning aksariyati xarita va atlaslarning kamligini ma'lum qilishdi. O‘qituvchilarga ko‘ra, bitta sinfda sanoqli o‘quvchilargina atlas va yozuvsiz xaritalardan foydalanishadi.

Ustozlarning ta'kidlashicha, bunga sabab – atlas va yozuvsiz xaritalar narxining balandligidir. Ularning ko‘pchiligi katta masshtabli tabiiy, siyosiy va iqtisodiy xaritalarning juda kamligi yoki umuman yo‘qligini ham ta'kidlashdi.

Ma'lum bo‘lishicha, atlas va yozuvsiz xaritalarning o‘quv qurollari do‘konlaridagi o‘rtacha narxi 15-20 ming so‘mni tashkil qiladi.

Chekkaroq hududdagi ustozlar yarimsharlar xaritasi, Markaziy Osiyo, O‘zbekiston va viloyatlarning siyosiy-ma'muriy hamda tabiiy xaritalariga ehtiyoj kattaligi, ammo ularni topish qiyinligini ta'kidlashdi.

Kadastr agentligi va «Kartografiya» korxonasi munosabati

Xaritalar asosi, ularning ilmiy holatini ishlab chiqish Davlat soliq qo‘mitasi huzuridagi Kadastr agentligi tomonidan amalga oshiriladi.

«Yozuvsiz xarita va atlaslar asosini ishlab chiqish davlat mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladi. Xalq ta'limi vazirligi butun respublika bo‘yicha maktablar uchun qaysi turdagi, masalan, tabiiy, siyosiy, fizik yoki boshqa turdagi xaritalarning talabnomasini yig‘ib, shakllantirib bersa, biz ko‘rib chiqib, grafik asosida tashkil qilamiz. Bu ishni ular bilan birgalikda kelishgan holda amalga oshirishimiz mumkin», – dedi Kadastr agentligining Yerni masofadan turib zontlash, geodeziya va kartografiya boshqarmasi boshlig‘i vazifasini bajaruvchi Ixtiyor Ergashev.

Respublikada 10 mingdan ziyod maktab mavjud. Atlaslar esa 10 ming nusxada chop etilmoqda. Bitta maktabda yuqori sinflar har biri o‘rtacha 2tani tashkil qilsa, bu 50-60 o‘quvchiga bitta atlas to‘g‘ri kelishini anglatadi. Adadning kamligi sabablarini «Kartografiya» ilmiy-ishlab chiqarish davlat korxonasi rahbari Orif Ibragimov izohlab berdi.

«Atlas va yozuvsiz xaritalarga talab juda kam. Bizga asosan tadbirkorlik sub'yektlari o‘zlarining sotishi uchun xarita va mavzuli xaritalar uchun buyurtma berishadi. Biz bir necha bor Xalq ta'limi vazirligiga murojaat qildik. Atlas va yozuvsiz xaritalarni hech bo‘lmaganda maktab darsliklari bilan birga ijara tarkibiga qo‘shishni taklif qildik. Chunki geografiya darsliklari yangilanganda, atlaslar ham qayta yangilanadi. Darslikdagi o‘zgarish va qo‘shimchalar atlaslarga ham kiritiladi. Hozirda biz o‘zimiz imkonimiz yetgunicha maktablar sonini aniqlab, tadbirkorlarni jalb qilgan holda atlas va yozuvsiz xaritalarni nashr etib turibmiz», – dedi Orif Ibragimov.

Atlaslarni ijara darsliklari qatorida tarqatish masala yechimi bo‘lishi mumkin

Bir nechta o‘qituvchilar ham atlaslarni maktab darsliklari bilan birga ijaraga berish taklifini ma'qullashdi.

«O‘quv atlaslari va yozuvsiz xaritalar sotuvda yetarli. Ammo ota-onalar farzandlariga olib berishi uchun qimmatlik qiladi. Agar imkoni bo‘lsa, atlaslar sifatini yaxshilab, maktablarga darslik bilan ijaraga berilsa, o‘quvchilar sotuvdan faqat yozuvsiz xaritani olishsa degan fikrdaman. Shunda o‘quvchilar darsda to‘liq atlasdan foydalanish imkoniga ega bo‘ladi», – dedi biz bilan suhbatlashgan o‘qituvchilardan biri.

O‘qituvchilar va «Kartografiya» ilmiy-ishlab chiqarish davlat korxonasi rahbari taklifi yuzasidan Xalq ta'limi bilan bog‘lanib, izoh oldik. Xalq ta'limi axborot xizmati rahbari Laylo Rustamovaning ta'kidlashicha, Vazirlar Mahkamasining qarori bilan Xalq ta'limi vazirligi tomonidan maktablar faqat darslik va o‘quv metodik qo‘llanmalari bilan ta'minlanadi. Yozuvsiz xarita va atlaslar bilan ta'minlash vazirlik tomonidan amalga oshirilmaydi.

Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 22 fevraldagi qarorida Xalq ta'limi vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Respublika maqsadli kitob jamg‘armasining asosiy vazifalari belgilab berilgan. Bu vazifalar qatorida umumiy o‘rta va o‘rta maxsus ta'lim muassasalari o‘quvchilarini ijara asosida ta'minlash uchun umumiy o‘rta ta'lim muassasalarining kutubxona jamg‘armalariga umumta'lim fanlaridan darsliklar va chet tillari bo‘yicha mashq daftarlarini xarid qilish va yetkazib berishni moliyalashtirish belgilangan.

Shu o‘rinda, maktab darsliklari bilan birga atlas, yozuvsiz xarita va turli hajm va xildagi xaritalarning yetkazilishini moliyalashtirish masalasi ham qo‘shilsa, respublikadagi o‘quvchilarning geografiya va tarix fanlarini chuqurroq o‘rganishlariga, o‘qituvchilarga qiyinchilik tug‘dirayotgan masalaga yordam berishi mumkin.

Xulosa

Respublikaning aksar maktablarida yozuvsiz xarita, atlas hamda turli xil va hajmdagi xaritalarga ehtiyoj ancha yuqori. O‘qituvchilar dars jarayonida xarita va atlaslar yetishmovchiligi sabab o‘quvchilar bilan samarali ishlashda qiyinchilikka uchrashmoqda. Ota-onalarda atlas va yozuvsiz xaritalarni sotib olish uchun yo e'tibor, yo mablag‘ yetishmaydi.

Xalq ta'limi vazirligi respublikadagi maktab o‘quvchilari sonidan kelib chiqib, atlaslar, xaritalar va yozuvsiz xaritalar uchun ehtiyojni aniqlab, muammo yechimiga jiddiyroq yondashishi – o‘quvchilarning geografiya va tarix fanlarini chuqurroq o‘rganishlariga xizmat qilishi shubhasiz.

Zuhra Abduhalimova,
Kun.uz muxbiri

Ko‘proq yangiliklar: