Vazirlar Mahkamasi huzurida yangi milliy kengash tashkil etiladi

O‘zbekiston 07:27 / 28.09.2020 9860

Prezidentning “Ommaviy sportni rivojlantirish va sog‘lom turmush tarzini har bir fuqaroning hayotiga kiritishga qaratilgan chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori loyihasi e'lon qilindi.

Respublikada jismoniy tarbiya va sportni aholi o‘rtasida yanada ommalashtirish ishlarining samaradorligini oshirishga ko‘maklashish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzurida Xalq salomatligi milliy kengashi tashkil etiladi va uning tarkibi tasdiqlanadi.

Kengashning asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilanadi:

aholi salomatligini jismoniy tarbiya va sport orqali muhofaza qilish sohasida barcha darajalardagi hokimliklar va idoralararo, ayniqsa, jamoat tashkilotlarining o‘zaro hamkorligini yo‘lga qo‘yish;

vazirliklar, davlat qo‘mitalari, davlat boshqaruvi organlari va barcha darajalardagi hokimliklarning aholi salomatligini muhofaza qilish borasidagi vazifalar ijrosi haqidagi hisobotlarini har chorakda kamida bir marotaba eshitish;

jismoniy tarbiya va sport sohasidagi davlat siyosati amalga oshirilishi holati tahlil qilinishini tashkil etish;

jismoniy tarbiya va sport, shuningdek, jismoniy tarbiya-sog‘lomlashtirish bilan shug‘ullanuvchilar o‘rtasida tadbirlar (musobaqalar, mashg‘ulotlar, festival va shu kabilar) o‘tkazilishining tizimli monitoringini olib borish;

bo‘sh turgan yer maydonlari va sport inshootlarini sport sohasida davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida loyihalarni amalga oshirishga ruxsat berish;

respublikada jismoniy tarbiya va sport sohasida qabul qilingan qonun hujjatlari to‘liq va sifatli bajarilishi choralarini ko‘rish.

Kengash ikki oy muddatda:

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar, tumanlar (shaharlar) hokimlari, davlat organlari va tashkilotlari rahbarlarining aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, ularni sport bilan shug‘ullanishi uchun sharoit yaratishdagi faoliyatiga reyting asosida baho berish tartibini;

sport inshootlari va tashkilotlari rahbarlarining aholining keng qatlamini jismoniy tarbiya va sportga jalb qilish, zarur sharoitlarni yaratish, yuqori mahoratli sportchilarni tayyorlash va boshqa yo‘nalishlardagi ish faoliyati samaradorligini baholash tartibini tasdiqlaydi va amaliyotga joriy etadi.

Ko‘proq yangiliklar: