«Ular bu faoliyatning o‘ziga xos jihatlaridan bexabar». Xushnudbek Xudoyberdiyev sudyalar va advokatlarni jurnalistikaga o‘qitishni taklif qildi

O‘zbekiston 19:15 / 28.09.2020 5671

Bugun, 28 sentabr kuni Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi va YeXHTning O‘zbekistondagi loyihalari koordinatori bilan hamkorlikda Xalqaro axborotdan erkin umumfoydalanish kuni munosabati bilan xalqaro onlayn konferensiya o‘tkazildi.

O‘zbekiston Milliy axborot agentligi bosh direktorining o‘rinbosari Xushnudbek Xudoyberdiyev konferensiyada so‘z olib, jurnalistlar faoliyatida yuzaga keladigan nizolar va ularning yechimlari haqida gapirdi.

«O‘zbekistonda 2016 yildan keyin so‘z erkinligi tomon qanday qadamlar tashlangani hech kimga sir emas. Shaxsan biz buni o‘z tanamizda his qilib turibmiz, ko‘ryapmiz. So‘z erkinligi shamoli kelib, O‘zbekiston ochiq ma'lumotlar berish, erkin jurnalistika sari shiddat bilan qadamlar tashlayotgan bir jarayonda yangi keyslar paydo bo‘lyapti. Ya'ni nizolarni sud orqali hal qilish. Ilgari bunaqasi bo‘lmagan», dedi u.

U ilgari nizolarni hal qilish qanday bo‘lgani haqida gapirgan.  

«Jurnalist bilan bog‘liq biror muammoga duch kelib qolinsa, nima qilingan? Telefon qilingan, ayrim amaldorlar o‘z amalidan foydalanib, bosim qilgan. Shu bilan masala hal bo‘lgan.

Hozir yangi keys paydo bo‘lyapti. Ko‘pchilikning hammaga ham bosim orqali kuchi yetmayapti. Bunday jarayonda ular endi jurnalistlarni va ommaviy axborot vositalarini chiqargan materiali uchun sudga berishni boshlayapti. Umuman olganda, bu – yaxshi signal. Sababi, sudga berdimi, demak, u boshqa qing‘ir yo‘llardan – turli bosimlar va zo‘ravonlikdan foydalana olmagan, bunga kuchi yetmagan, shuning uchun sudga bergan.

Sudga berish jarayonida endi boshqacha savol tug‘iladi. Ilgari bunday jarayon uchramagan bo‘lsa, sudyalarimiz va advokatlarimiz media sohasini qayerdan yaxshi biladi? Ularda bunday keyslar, bunday sud jarayonlari avval bo‘lmagan. Jurnalistik faoliyatning o‘ziga xos jihatlaridan xabari yo‘q. Nima tuhmat, nima haqorat, qaysi biri axborot olish erkinligi, qaysi biri axborot tarqatish erkinligi yoki qaysi biri shaxsning sha'ni, qadr-qimmatini buzuvchi – mana shunday nozik chegaralarda afsuski muammo mavjud», dedi Xushnudbek Xudoyberdiyev.

U jurnalistni ayblaydigan insonlarga jurnalistikani tushuntirish kerakligini aytib, sudyalar va advokatlarni soha bo‘yicha o‘qitish fikrini ilgari surdi.

«Mass-media sohasida jurnalistlar, blogerlar, matbuot kotiblarini o‘qitishimiz kerakligi to‘g‘ri, jurnalist kelganida qo‘rqmasligi uchun balki tashkilot rahbarlarini ham o‘qitishimiz kerakdir. Lekin tanganing ikkinchi tomonida agar jurnalist biror muammoga duch keladigan bo‘lsa, uning masalasini ko‘radigan sudya qay darajada bu sohani yaxshi tushunadi? Jurnalistni himoya qilmoqchi bo‘layotgan advokat buni qay darajada yaxshi tushunadi?

Bo‘shliqni yechish uchun taklif qilardimki, biz seminar, treninglarda faqat jurnalist va blogerlarni asosiy planga chiqarmasdan, balki tanganing narigi tomonidagilarni ham o‘qitsak, maqsadga muvofiq bo‘lardi. Ya'ni, mana shunday keyslarda adolatli, sohani tushungan holda qonuniy qaror qabul qilish ko‘nikmasini shakllantirib olishimiz kerak.

O‘ylaymanki, ana shunda O‘zbekiston o‘z oldiga qo‘ygan hozirgi maqsadlari sari yaxshiroq bora oladi. Sababi, bu yerda siz so‘z erkinligini yaratsangiz-u, lekin nariyoqda mediani umuman tushunmaydiganlar sizning ustingizdan qaror qabul qilsa, bu umuman noto‘g‘ri. Shuning uchun xalqaro tashkilotlar, Mass-media fondi, AOKA bu haqida ham o‘ylashi, buni kelgusi rejalariga kiritishi - juda ham muhim masala. Jurnalistlarning huquqini himoya qilish uchun amalga oshiriladigan ish faqat bayonotlardan emas, narigi tomonda, ya'ni jurnalistni ayblaydigan insonlarga jurnalistikani tushuntirishdan boshlanishi to‘g‘ri bo‘ladi, degan fikrdaman», dedi Xushnudbek Xudoyberdiyev.

Ko‘proq yangiliklar: