Twitter Rossiyaning yana bir saytiga sanksiya qo‘lladi

Jahon 16:07 / 28.09.2020 3126

Twitter joriy etgan sanksiyaga ko‘ra, foydalanuvchilar «RIA Novosti»ning sahifasini qidiruv orqali topa olishmaydi. Saytning Twitter'dagi sahifasiga a'zo bo‘lganlar esa uni avvalgidek o‘qishlari mumkin. Shuningdek, siz o‘qiydigan foydalanuvchi «RIA Novosti»ning sahifasida chiqqan xabarni ulashsa, uni ko‘ra olasiz. Shunchaki, Twitter'ning qidiruv bo‘limi orqali «RIA Novosti» sahifasini topib bo‘lmaydi.

Twitter rus saytlariga nisbatan birinchi marta bunday sanksiya qo‘llamayapti. Oldinroq «RT» va «Sputnik» agentliklarining sahifalari ham qidiruvda ko‘rinmaydigan qilib qo‘yilgandi.

«Twitter tomonidan qilingan bu ishni senzura deb baholaymiz. Bu harakat Rossiya konstitutsiyasiga zid. Bizning so‘rovimizga Twitter rasmiylari javob berishmayapti», deyiladi agentlik bayonotida.

Avgustda Twitter hukumat ta'siridagi akkauntlarga sanksiya qo‘llashini ma'lum qilgandi. «RIA Novosti» esa Vladimir Putinning farmoniga ko‘ra 2013 yildan buyon rasman davlat tasarrufida faoliyat yuritib keladi.

Rossiya Dumasining axborot siyosati qo‘mitasi a'zosi Anton Gorelkin «RIA Novosti»ga nisbatan qilingan bu ishni terroristik harakat deb atadi.

«Twitter'da insayderlarim yo‘q va ular nega bunday qilishganini taxmin ham qila olmayman. Shuni aytishim mumkinki, ular buni terrorchilardek qilishdi. Buni e'lon qilinmagan urush deyish ham mumkin.

Agar «RIA»dagilar Twitter'ning qandaydir qoidalarini buzishsa, sanksiyaga tushishlari mumkinligidan ogohlantirilishi kerak edi. Sanksiya qo‘llangach esa uning sababi tushuntirilishi lozim. Biroq ular shunchaki yirik agentlik sahifasini qidiruvdan olib tashlashdi va hech qanday izoh berishmayapti.

Ular bizning bozorda ishlashmoqchimi, marhamat qilib fuqarolarimiz, kompaniyalarimiz va OAVlarimizni hurmat qilishsin», degan Gorelkin.

Ma'lumot uchun, qaysidir manbani qidiruvdan olib tashlash sanksiyasi Telegram messenjerida ham mavjud. Masalan, o‘z o‘quvchilari sonini soxta botlar yordamida ko‘paytiradigan kanallar Telegram ma'muriyati tomonidan qidiruvda ko‘rinmaydigan qilib qo‘yiladi.

Ko‘proq yangiliklar: