«O‘zbek jurnalistikasi «koma» holatida edi» – Komil Allamjonov so‘nggi 4 yildagi o‘zgarishlar haqida gapirdi

O‘zbekiston 15:14 / 28.09.2020 9079

«O‘zbekistonda axborotdan erkin foydalanish imkoniyati yaqin-yaqingacha ayanchli ahvolda bo‘lgan. 2016 yilga qadar o‘zbek jurnalistikasi «koma» holatiga tushib qolgan edi. O‘lib-o‘lmagan, yashab-yashab ketmagan. Televideniyeda faqat bachkana maqtovlar, gazetalarda faqat «jannatdan xabarlar» yoritilar edi.

Bu hozir kulgilidir, lekin, afsuski, holat xuddi shunday bo‘lgan. Davlat aholiga kerak bo‘lgan ma'lumotni emas, balki o‘zi to‘g‘ri deb bilgan ma'lumotlarni tarqatish bilan shug‘ullangan. Butun matbuot faqat bitta inson uchun, o‘sha paytdagi davlat rahbarining ko‘ngli uchun xizmat qilgan.

Odamlar tashvishlari va muammolari deyarli yoritilmagan. Skanvord, krossvord va munajjimlar bashoratlari yoki «sariq matbuot»dan boshqa nashrlarning barchasi majburiy obuna hisobidan kun ko‘rgan. Jurnalistlarning dardini faqat anonim shaklda biror ijtimoiy tarmoqda qoldirishdan boshqa iloji bo‘lmagan», dedi Komil Allamjonov Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi va YeXHTning O‘zbekistondagi loyihalari koordinatori bilan hamkorlikda o‘tkazilayotgan xalqaro onlayn-konferensiyada.

Nimalar o‘zgarmoqda?

Uning qayd etishicha, o‘tgan 4 yil mobaynida matbuot sezilarli darajada erkinlashdi, jurnalistlar mamlakatning real ijtimoiy-siyosiy hayotidan olingan voqealarni bemalol yoritadigan bo‘ldi. Hatto hukumatni tanqid qiluvchi tanqidiy materiallarni faolroq nashr eta boshladi.

«Viloyat jurnalistlari xam ancha faollashdi. Ular inson huquqlarining buzilishi, korrupsiya va mansabdor shaxslarning beparvoligi haqida, ya'ni ilgari taqiq ostida bo‘lgan mavzular haqida ko‘proq, jasorat bilan yozishni boshladi. Mamlakat o‘zining taniqli blogerlariga ega bo‘ldi.

Bundan tashqari, blogerlarning rasmiy doiralar tarafidan e'tirof etilishi shunday pog‘onaga ko‘tarildiki, ayrim blogerlarning aholi manfaati uchun bergan takliflari prezident va hukumat qarorlarida aks eta boshladi. Ular ko‘targan mavzular va muammolar ta'sir kuchi oshganidan davlat idoralari zudlik bilan unga munosabat bildira boshladi», dedi fond vasiylik kengashi raisi.

U o‘tgan 4 yil ichida hukumatni tanqid qilgani uchun ilgari taqiq ostida bo‘lgan ko‘plab xorijiy saytlar blokdan olingani, jurnalistlarning manfaatlarini himoya qilish uchun Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi, keyinchalik esa Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi tashkil etilgani, respublikaning barcha vazirlik va idoralarining matbuot xizmatlari qayta tiriltirilgani, ular mavqeyi oshirilganini qayd etib o‘tdi.

Ko‘proq yangiliklar: