OAV Tramp 10 yildan beri daromad solig‘ini to‘lamagani haqida yozdi, u barchasini rad etdi

Jahon 10:46 / 28.09.2020 5314

The New York Times nashri Donald Trampning soliq deklaratsiyasi bo‘yicha qo‘lga kiritgan ma'lumotlarini tahlil qilib, u so‘nggi 15 yilning 10 yilida umuman soliq to‘lamaganini aniqlagan. U 2016 yilda esa bor-yo‘g‘i 750 dollar federal soliq to‘lagan. Vaholanki, u va uning kompaniyasi Panamada 15 ming 598 dollar, Hindistonda 145 ming 400 dollar va Filippinda 156 ming 824 dollar soliq to‘lagan.

So‘nggi 15 yil ichida u soliq hisobotlarida topganidan ko‘ra ko‘proq zararni ko‘rsatib kelgan. Nashr ma'lumotlariga ko‘ra, 2018 yilda prezident «Shogird» realiti shousidagi ulushidan va o‘z ismidan foydalanish huquqi uchun qariyb 427 million dollar, ikkita ofis binosiga muvaffaqiyatli sarmoyalar tufayli yana 176,5 million dollarga ega bo‘lgan. Mazkur daromadlarning o‘zi uchun Tramp 100 million dollardan ko‘proq soliq to‘lashi kerak edi.

Biroq soliq to‘lamaslikning sababi - Tramp o‘zi egalik qiladigan va o‘zi yuritadigan biznesida, deb yozadi gazeta. U hisobotlarda ko‘rsatib o‘tgan doimiy zarar uni federal daromad solig‘ini to‘lashdan ozod qiladi. Xususan, Trump National Doral Miami kurorti va Vashingtondagi Trump International Hotel Trampga zarar keltirgan.

Tramp New York Times nashridagi ma'lumotlarni yolg‘on deb atadi. «Bularning barchasi soxta yangiliklar. Aslida, men soliq to‘layman», deya yozdi u.

Prezidentning ta'kidlashicha, hozirda uning soliq deklaratsiyasi qayta ko‘rib chiqilmoqda. «Agar mening deklaratsiyamni ko‘rib chiqsangiz, o‘ylashimcha, u yerda barcha kompaniyalar uchun 108ta sahifa bor. Siz ko‘proq narsani bilib olasiz. Men bu jamoatchilikka yetkazilishini kutmoqdaman. Odamlar haqiqatan ham hayratda qolishadi», dedi Tramp.

New York Times nashri avvalroq Trampni soliqlarni so‘lashdan bo‘yin tovlashda ayblagan edi. Gazeta 2019 yil may oyida Tramp biznesi 1985 yildan 1994 yilgacha 1,17 milliard dollar zarar ko‘rgani haqida yozgandi. Nashr ma'lumotiga ko‘ra, bu Trampga sakkiz yil davomida daromad solig‘ini to‘lamaslikka yordam bergan.

Ko‘proq yangiliklar: