Muhammadjon Obidov Farg‘ona viloyat hokimligi axborot xizmatidan ketdi. U shifoxonada turib «iste'fo berdi»

O‘zbekiston 21:41 / 28.09.2020 34531

«17 sentyabrdan buyon pnevmoniya kasalligi bilan shifoxonadaman. Biroz jiddiyroq keldi. O‘pkaning 45 foizi shikastlangan. Shuhrat G‘aniyevni kuzatish, Xayrullo Bozorovni tayinlash marosimida ham ishtirok etolmadim. Vrachlar yaxshi qarashyapti. Ammo o‘zgarish juda sust. Hokimlikning axborot xizmatini bir kun ham egasiz qoldirib bo‘lmaydi. Qolaversa, yangi hokim ish boshladi. Shuning uchun bugun bir qarorga keldim: Farg‘ona viloyati hokimligi axborot xizmati rahbarligidan iste'fo berdim. Viloyat hokimi Xayrullo Bozorov bilan ilgari ham, hozir ham uchrashmaganman. Shunday bo‘lsa-da, kasalligimni inobatga olib, avval tuzalib chiqsin yoki telefonda bir so‘zlashay, demasdan iste'fomni qabul qilibdilar. Xursand bo‘ldim.

Bir yil G‘aniyev bilan astoydil, fidoyilik va sadoqat bilan ishladim. Yangi tizim – axborot xizmati imijini ham yaratdik. Men shu davr faoliyatim bilan faxrlanaman. G‘aniyev kuchli shaxs va buni respublika miqyosida qiladigan ishlari bilan isbotlashiga aminman.

Do‘stlar, mening iste'fomni boshqacha talqin qilmay, qanday bo‘lsa shundayligicha qabul qilasizlar, deb umid qilaman. Qo‘lingizdan kelsa, duo qilib qo‘ying», deb yozadi Muhammadjon Obidov.

Muhammadjon Obidov 2004 yildan buyon O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi Farg‘ona viloyat bo‘limi raisi hisoblanadi. U 2020 yil 22 yanvarda viloyat hokimligi muassisligidagi «Farg‘ona haqiqati» – «Ferganskaya pravda» gazetalari birlashgan tahririyatiga ham bosh muharrir etib tayinlangandi.

Eslatib o‘tamiz, 25 sentabr kuni 2012 yildan buyon Farg‘onaga hokimlik qilib kelgan Shuhrat G‘aniyev bosh vazir o‘rinbosari lavozimiga o‘tishi munosabati bilan hokimlikdan ketdi, uning o‘rnini esa Namangan viloyatining sobiq hokimi Xayrullo Bozorov egalladi.

Ko‘proq yangiliklar: