Dunyodagi vaziyat: Angliyada ming funtlik jarimalar, Hindiston 6 millionlik nuqtadan o‘tdi

Jahon 23:56 / 28.09.2020 20371

Dunyo bo‘ylab koronavirusdan zararlanish holatlarining umumiy soni 33 milliondan oshdi. Turli mamlakatlarda kasallik tarqalishini kuzatib borayotgan Jons Hopkins universiteti ma'lumotlariga ko‘ra, qurbonlar soni millionga yaqinlashmoqda (997 ming 780 o‘lim).

Virusdan zararlanish holatlari bo‘yicha tashxislarning eng katta qismi AQSh hisobiga to‘g‘ri keladi - 7,1 mln. Ikkinchi o‘rinda 6,1 mln holat tasdiqlangan Hindiston bormoqda. Braziliya uchinchi o‘rinda - 4,7 million holat.

Angliya: o‘zini yakkalash tartibini buzishda jarima miqdori 1000 funt
Angliyada dushanba kunidan boshlab o‘zini yakkalash tartibi buzilganda qo‘llanadigan jarima miqdori keskin oshirildi. Bu qoida Covid-19 alomatlari kuzatilayotgan yoki bemor bilan aloqada bo‘lganlarni kuzatuvchi Test and Trace dasturi xodimlari tomonidan ogohlantirilgandan so‘ng uydan tashqariga chiqqan odamlar uchun taalluqli.

Birinchi marta qoidani buzgan shaxs 1000 funt (deyarli 1,3 ming AQSh dollari) jarima to‘laydi. Bu hol qaytarilsa, miqdor 10 ming funtgacha (13 ming AQSh dollari) oshishi mumkin.

Hukumatning jarimalarni kuchaytirishiga o‘zini yakkalash tartibiga amal qilishi lozim bo‘lgan insonlarning juda oz qismigina buni ixtiyoriy ravishda bajarishini isbotlagan tadqiqot natijalari sabab bo‘ldi.

Britaniyaning boshqa qismlari - Shotlandiya, Uels va Shimoliy Irlandiya ham shunga o‘xshash cheklovlar kiritishni rejalashtiryapti.

Buyuk Britaniyaning NHS milliy sog‘liqni saqlash tizimi vakillari hukumat alohida tashkil etgan Test and Trace dasturini tanqid qilmoqda. 

Shifokorlar Test and Trace kelayotgan qishda testlarga bo‘lgan katta talabni qondira olmasligi va qo‘shimcha manbalarga jiddiy ehtiyoj sezilishi mumkinligidan xavotirda. 

«Ushbu dastur mamlakatda katta ahamiyatga ega, xuddi yong‘in va jinoyatchilikka qarshi kurash kabi. Agar u ishlamasa, barchamiz bundan jabrlanamiz», dedi BBC'ga bergan intervyusida NHS Providers rahbari Kris Hopson.

Yaponiya: koronavirus va Olimpiya olovi
Tokio Olimpiadasi tashkilotchilari Olimpiya mash'alasi estafetasi 25 mart kuni boshlanib, «Umid bizning yo‘limizni yoritadi» shiori ostida o‘tkazilishini ma'lum qildi. 

Estafetaning birinchi nuqtasi 2011 yilda atom elektr stansiyasida dahshatli avariya sodir bo‘lgan Fukusima prefekturasi bo‘ladi. U yerdan Olimpiya mash'alasi Yaponiyaning qolgan 47 prefekturasi bo‘ylab aylantiriladi.

Tokio Olimpiadasi 2020 yil yozida bo‘lib o‘tishi kerak edi, ammo boshqa ko‘plab ommaviy tadbirlar singari, koronavirus tufayli u ham bekor qilindi. Olimpiya o‘yinlari boshlanishining yangi sanasi - 2021 yil 23 iyul.

Braziliya: yangi holatlar avj oldi
Aprel-may oylarida Braziliyaning shimoli-g‘arbiy qismidagi Manaus shahri Covid-19'ning o‘ta kuchli to‘lqinini qabul qilgandi, natijada mahalliy qabristonlarda qurbonlarning barchasini dafn qilishga ulgurmay qolishgandi. 

Sentabr oyi oxirida medRxiv veb-saytida nashr qilingan tadqiqot shuni ko‘rsatdiki, 1,8 millionlik shahar aholisining 66 foizida Covid-19'ga qarshi antitanalar bor va shaharda kasallikka qarshi jamoaviy immunitet shakllangan deb aytish mumkin. 

«Barcha belgilar shuni ko‘rsatadiki, Manausda virusning shu qadar ko‘p tarqalishi tufayli yangi kasallanishlar va o‘limlar soni kamayishni boshladi», deydi tadqiqot mualliflaridan biri. 

Ammo endi Covid-19'ning yangi holatlari yana ko‘payishni boshladi. Shaharda ko‘plab cheklovlar bekor qilingandan so‘ng, hukumat ommaviy tadbirlarga yana 30 kunlik taqiq qo‘ydi va do‘kon hamda restoranlarning ish vaqtini chekladi.

Shahar meri Artur Virjilio vaziyat shunday tus olishida inqirozni jiddiy qabul qilmagan va odamlarga haqiqatni aytmaydigan prezident Jair Bolsonaruni aybladi.

So‘nggi oylarda Braziliya koronavirusning achinarli statistikasi bo‘yicha yetakchilar qatorida qolmoqda. Tanqidchilar Bolsonaruni ijtimoiy masofalanish va infeksiyaga qarshi boshqa choralar bo‘yicha ilmiy dalillar va mutaxassislarning tavsiyalarini e'tiborsiz qoldirishda ayblamoqda. 

Pekin: shifokor-informatorlarni himoya qilish to‘g‘risidagi qonun
Pekin hukumati aholi salomatligi uchun yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan xavf to‘g‘risida xabardor qilishni istagan shifokorlar ish haqi va yuridik yordam olishiga doir qonun qabul qildi, deb xabar bermoqda «Frans-press» agentligi. Avvalroq,  xuddi shunday choralar Hongkong yaqinida joylashgan Shenchjen shahrida joriy qilingan edi.

Bu qonun Li Venlian nomi bilan bog‘liq - Uhan shahridan bo‘lgan shifokor-oftalmolog 2019 yil dekabrida yangicha kasallik tarqala boshlaganini birinchilardan bo‘lib payqagandi.

U o‘z hamkasblarini yangi virus haqida ogohlantirgan, ammo tez orada politsiya paydo bo‘lib, undan yolg‘on xabar tarqatmaslik to‘g‘risida tilxat olingandi. 2020 yil fevralida Venlian bemorlardan koronavirus yuqtirib olish oqibatida 34 yoshida vafot etdi.

Hindistonda 6 milliondan ortiq holat
Virusdan kasallanish holatlari soni 6 millionlik nuqtadan o‘tgan Hindistonda so‘nggi bir kunda 82 mingdan ortiq yangi holatlar qayd etilgan. Mutaxassislarning bir qismi mamlakatda test olish hajmi pastligi va haqiqiy raqamlar, jumladan, qurbonlar soni bundan ham ko‘p bo‘lishi mumkinligini aytmoqda.

14 noyabr kuni Divali bayrami boshlanadi - olov festivali ushbu mamlakatda har yili keng miqyosda nishonlanadi. Odamlar uylarini bezaydi, mushakbozlik qilishadi, bir-birinikiga mehmonga boradi.

Ekspertlar bu bayram arafasida do‘konlarda odamlar to‘planishi kasallik yanada avj olishiga sabab bo‘lishidan xavotirlanmoqda.

Hindistondagi tibbiy tadqiqotlar bo‘yicha kengash rahbari, doktor Balgram Bxargava esa Financial Times nashriga bergan intervyusida Hindiston aholisi ko‘pligini hisobga olgan holda mamlakat koronavirusga qarshi nisbatan muvaffaqiyat bilan kurashayotganini qayd etgan.

Madrid: ko‘ngillilar yodgorligi va yangi lokdaun

Madriddagi Roma xiyobonida 50 mingdan ortiq qizil-oltinrang bayroqlar paydo bo‘ldi. Yakshanba kuni volontyorlar guruhi bu bayroqlarni koronavirus qurbonlari xotirasiga o‘rnatib chiqishdi.

Rasmiy statistikaga ko‘ra, Ispaniyada Covid-19 tufayli 31 mingdan ortiq kishi vafot etgan, ammo haqiqiy raqamlar bundan ancha ko‘p bo‘lishi mumkin, chunki pandemiya boshida ko‘plab o‘lim holatlari koronavirus statistikasiga kirmay qolgan.

Dushanba kuni Madridda yangi cheklov choralari kuchga kiradi - hozircha lokdaun yangi kasallanish holatlari nisbatan ko‘p aniqlanayotgan tumanlarda amal qiladi.

Ko‘proq yangiliklar: