Cho‘zilayotgan muammo: jismoniy imkoniyati cheklangan bolalarning musiqa ta'limini olish imkoni cheklanganicha qoladimi?

Jamiyat 19:01 / 28.09.2020 3316

Birinchi murojaat

2019 yilning oktabr oyida Toshkent shahridagi 77-sonli ixtisoslashtirilgan maktab-internat o‘qituvchilari va o‘quvchilarning ota-onalaridan birinchi murojaat kelgan edi. Murojaatda maktab o‘quvchilari maktab hududida ochilgan Yashnobod tumani 17-sonli musiqa va san'at maktabi filialida ham o‘qishi, lekin ko‘pchilik bolalar musiqa maktabi to‘lovini to‘lashga qiynalishi yoki to‘lov muammosi tufayli o‘qiy olmasligi aytilgan edi.

«Ko‘zi ojiz bolalarning aksari musiqa ta'limini olishga qiziqadi. Sababi ular boshqa sog‘lom bolalar kabi o‘zlari xohlagan joyga bora olmaydi, turli sport turlari bilan shug‘ullana olmaydi. Shuning uchun ular musiqaga mehr beradi. Ko‘pchilik ko‘zi ojiz bolalarning ota-onalari ham imkoniyati cheklangan kishilar va ularning daromadi ham yuqori emas. Bundan tashqari, ayrim bolalarning davolanib turishi uchun ham ma'lum mablag‘ kerak bo‘ladi.

Ko‘zi ojiz bolalarga musiqa va san'at maktablarida bepul o‘qish imkoniyatini yaratishni so‘rab Oliy Majlis Qonunchilik palatasi, Ombudsman, Moliya vazirligi, Xalq ta'limi vazirligi, Madaniyat vazirligiga ham murojaat qildik. Ularning ko‘pchiligi masalani ko‘rib chiqyapmiz, degan javobni berishadi», – deyishgan edi murojaatchilar.

Javob: «Loyiha ishlab chiqilyapti»

Murojaatga javoban Madaniyat vazirligining Ta'lim muassasalari va tarmoqlarni metodik ta'minlash boshqarmasi bu masala bir necha yillardan beri muhokama etilayotgani, imkoniyati cheklangan bolalarni to‘lov pulidan ozod qilish bo‘yicha normativ hujjat loyihasi Madaniyat vazirligi va Moliya vazirligi hamkorligida ishlab chiqilayotganini aytgan edi.

«Respublika bo‘yicha [musiqa maktablarida] taxminan 350 nafar imkoniyati cheklangan bolalar o‘qiydi. Agar loyiha yanvar oyida tasdiqlansa, nafaqat ko‘zi ojiz bolalar, balki boshqa jihatdan imkoniyati cheklangan bolalarga ham 100 foiz imtiyoz beriladi. Chunki tibbiyot xodimlari ham imkoniyati cheklangan bolalar uchun musiqa bilan shug‘ullanish muhim ekani haqida ta'kidlashadi», – deya ma'lumot bergan edi o‘shanda vazirlik mas'ul xodimi Muhabbat Muhiddinova.

Ikkinchi murojaat

Ko‘zi ojiz bolalarni musiqa maktablarining to‘lov pulidan ozod qilish masalasi bo‘yicha 2020 yilning iyun oyida Kun.uz’ga yana bir murojaat keldi.

Mana shu muddat oralig‘ida «O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi prezident qarori bilan imkoniyati cheklangan bolalar musiqa va san'at maktablari to‘lov pulidan ozod qilinuvchi 25 foizlik imtiyozli kvotaga kiritildi. Bundan oldin faqat kam ta'minlangan oilalar farzandlariga bunday imkon berilgan edi.

«Biroq men ishlayotgan Toshkent shahridagi 17-sonli musiqa va san'at maktabida 280 nafar bola ta'lim oladi. Ularning 133 nafari – ko‘zi ojizlar. Demak, faqat ko‘zi ojiz o‘quvchilarning o‘zi 25 foizdan ancha yuqori. Lekin imkoniyati cheklangan va kam ta'minlangan bolalarning faqat 25 foizigina to‘lov pulidan ozod qilinishi mumkin. Buning bilan imkoniyati cheklangan bolalarning musiqa ta'limini olish imkoni cheklanadi», – deya vaziyat haqida tushuntirgan edi murojaatchi-o‘qituvchi Bahodir Qurbonov.

Javob: «Yangi qaror loyihasi tayyorlanyapti»

Bu murojaatga javoban Madaniyat vazirligi ayni paytda respublika bo‘yicha jami 340 nafar (ularning 320 nafari ko‘zi ojiz bolalar) imkoniyati cheklangan bolalar musiqa va san'at maktablarida ta'lim olishini ma'lum qilgan edi.

Vazirlik «O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori bilan imkoniyati cheklangan bolalar ham musiqa maktablari to‘lovidan ozod qilinuvchi 25 foizlik kvotaga kiritilganini, buning bilan respublika bo‘yicha musiqa maktablarida ta'lim oladigan barcha imkoniyati cheklangan bolalar 25 foizlik kvota asosida to‘lovdan ozod qilinganini, biroq faqat Toshkent shahridagi musiqa maktablarida ta'lim oluvchi 60 nafar o‘quvchiga mazkur kvota yetmaganini aytgan edi.

«Endilikda yangi qaror loyihasi ham tayyorlanyapti. Unga ko‘ra, imkoniyati cheklangan bolalarning barchasi musiqa maktablari uchun to‘lovdan 100 foiz ozod qilinishi ko‘zda tutilgan. Qaror loyihasi tasdiqlanmaguncha, uning bilan qanday yengilliklar bo‘lishi haqida biror narsa deya olmaymiz», – deya izoh berilgan edi.

Sobiq Madaniyat vaziri munosabati

Ayni paytda Senatning Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi raisi, sobiq madaniyat vaziri Baxtiyor Sayfullayev ko‘zi ojiz bolalarni musiqa va san'at maktablari to‘lovidan ozod qilish masalasida matbuot anjumanlaridan birida munosabat bildirgan edi.

«Kuni kecha ko‘zi ojiz bolalar musiqa va san'at maktablarida bepul tahsil olishi bo‘yicha qaror chiqardim. Ular yangi yildan to‘lov amalga oshirmay o‘qish imkoniyatiga ega bo‘lishadi», – degan edi sobiq madaniyat vaziri Baxtiyor Sayfullayev 2019 yil noyabr oyida o‘tkazilgan matbuot anjumanida.

Lekin 2020 yilda ham bu muammo hanuz to‘liq yechilganicha yo‘q.

Madaniyat vaziri munosabati

Shu yilning may oyida Kun.uz muxbiri Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov bilan suhbatda agar ma'lum hududda musiqa bilan shug‘ullanuvchi imkoniyati cheklangan bolalar ko‘p bo‘lsa, sharoitdan kelib chiqib, kvota oshirilishi mumkin yoki yo‘qligi haqida savol bergan edi.

«Albatta, buni Vazirlar Mahkamasi bilan kelishib qiyinchiliksiz hal qilsa, bo‘ladi», – degan edi vazir.

Uchinchi murojaat

Ko‘zi ojiz bolalarni musiqa va san'at maktablarining to‘lov pulidan ozod qilish masalasi bo‘yicha navbatdagi murojaat Kun.uz'ga Yashnobod tumanidagi 17-sonli musiqa va san'at maktabi o‘qituvchisi Bahodir Qurbonov va ota-onalardan kelib tushdi.

Bahodir Qurbonovga ko‘ra, unga Madaniyat vazirligi Ta'lim muassasalari va tarmoqlarni metodik ta'minlash boshqarmasi xodimi Sobir Madiyev tomonidan ko‘zi ojiz bolalarni to‘lov pulidan ozod qilish bo‘yicha qaror loyihasi Moliya vazirligi tasdig‘idan o‘tmagani aytilgan.

«Men yaqinda Madaniyat vaziri bilan ham uchrashdim, vazir bu masalani yechishga harakat qilyapti, nazarimda. Biroq boshqa tegishli tashkilotlar hali rozi emas.

Lekin ko‘zi ojiz bolalar musiqa va san'at maktablarida bepul o‘qish orqali keyinchalik bir kasbning egasi bo‘lishlari mumkin. Bu ularni daromadga ega bo‘lishga va mustaqil shaxsga aylanishlariga yordam beradi. Mas'ullardan bu borada vaziyatni kengroq tahlil qilishlarini so‘rayman», – deydi Bahodir Qurbonov.

Uchinchi murojaatga javob yo‘q

Kun.uz muxbiri murojaat bo‘yicha ma'lumot olish uchun, qaror loyihasi bilan bog‘liq qanaqa yangilik borligini aniqlashtirish maqsadida Madaniyat vazirligi axborot xizmati orqali vazirlikning Madaniyat vazirligi Ta'lim muassasalari va tarmoqlarni metodik ta'minlash boshqarmasi bilan bog‘lanishga harakat qildi.

Biroq boshqarma orqali mavzu bo‘yicha ma'lumot olishning imkoni bo‘lmadi. Telefon qo‘ng‘irog‘iga javob bergan mas'ullar bu mavzuda faqatgina boshqarma xodimi Sobir Madiyev izoh bera olishini, lekin u band ekanini aytishdi.

Sobir Madiyev bilan esa turli ishlar bilan bandligi tufayli bog‘lanish va undan javob olishning imkoni bo‘lmadi. «Qayta qo‘ng‘iroq qilamiz, ma'lumot beriladi», deya javob bergan boshqarma vakillari qo‘ng‘iroq qilib mavzuga aniqlik kiritgani yo‘q.

Xulosa

Bir necha yillardan beri muhokama qilib kelinayotgan, ota-onalar va o‘qituvchilardan doimiy ravishda murojaat bo‘lib kelayotgan mavzu nima sababdan hal bo‘lmay qolmoqda?

Davlat budjeti 400 nafar ko‘zi ojiz bola to‘laydigan pulga qarab qolmagandir axir?

Agar haqiqatan maktabni bepul qilish imkoni bo‘lmasa, bu haqida nega ochiq tarzda ma'lumot, tushuntirish berilmayapti?

Mavzu yuzasidan Madaniyat vazirligidan to‘liq izoh va munosabat kutamiz. Bundan tashqari, Senatning yoshlar masalalariga mas'ul qo‘mitasi, Yoshlar ishlari agentligi ham mavzu bilan qiziqib ko‘radi, degan umiddamiz.

Zilola G‘aybullayeva,
Kun.uz muxbiri

Ko‘proq yangiliklar: