"O‘zbekneftgaz": Boshqaruv raisi boshchiligidagi ishchi guruh Buxorodagi investitsion va modernizatsiya ishlari holatini o‘rgandi

O‘zbekiston 15:41 / 27.09.2020 8048

Yig‘ilishda zavodni modernizatsiya qilish orqali, AI-80 rusumli avtobenzindan to‘liq voz kechilishi, 100 foiz yuqori oktanli AI-91, AI-93, AI-95 rusumlardagi avtobenzin ishlab chiqarish imkoniyati yaratilishi, vodorod tozaligi 99,9 foizga yetkazilishi bo‘yicha vazifalar belgilab berildi.

Shuningdek, ishlab chiqarish ko‘rsatkichlari, erishilgan iqtisodiy samara, zavodni modernizatsiya qilish va qayta qurish loyihasi bo‘yicha olib borilayotgan ishlar, avtomatlashtirish, raqamlashtirish borasida qilinayotgan tadbirlar joyida o‘rganildi.

Boshqaruv raisi sex va bo‘limlarga tashrif buyurib, u yerda mehnat faoliyatini olib borayotgan ishchi-xodimlar bilan suhbatda bo‘ldi va eng asosiysi ularning yashash hamda ishlash sharoitlarini yanada yaxshilash, mavjud muammolarni aniqlab, bartaraf etish bo‘yicha topshiriqlar berdi.

Boshqaruv raisi avtomatlashtirish va raqamlashtirish jarayoniga alohida to‘xtalar ekan, eng avvalo, texnologik jarayonlarni avtomatik boshqarish va “O‘zbekneftgaz” AJ dispetcherlik xizmati tomonidan zavoddagi holatni to‘liq kuzatib turish hamda nazorat qilinishini ta’minlash lozimligi ta’kidlandi.

Boshqaruv raisi boshchiligidagi ishchi guruh a’zolari uglevodorod qazib chiqarish sur’atini oshirish, loyihaviy quduqlarni burg‘ilash va ta’mirlash ishlarini sifatli hamda o‘z vaqtida yakunlash bo‘yicha qilinayotgan ishlar holatini o‘rganish uchun Gazli neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasida bo‘ldi.

Boshqaruv raisi boshchiligida Gazli neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasi “Gazli" gazni qayta ishlash zavodida investitsion loyihalarning bajarilish jarayoni, gaz qazib chiqarish ko‘rsatkichlarining 9 oylik natijalari va 4-chorakda bajariladigan ishlarga oid sayyor yig‘ilish o‘tkazildi.

Investitsion loyihalar doirasidagi gaz siquv kompressori joriy yilning 5 oktyabriga qadar yakunlanishi hamda ishga tushirilishi, Gazni oltingugurtdan tozalash qurilmasining 6-sex tarmog‘ini 1 oktyabrga qadar ishga tushirish bo‘yicha topshiriq va vazifalar belgilab berildi.

Boshqaruv raisi Gazlidagi bu tashrifi davomida quduqlarni burg‘ilash, ta’mirlash, tabiiy gaz qazib chiqarish holatiga alohida e’tibor berib, Gazli hududida qidiruv va izlov quduqlaridan 4 ta quduq qazilib sinov ishlaridan so‘ng ijobiy natija olinib, ishlatishga topshirilganini e’tirof etdi.

Yil oxirigacha 12 ta quduqda ham qidiruv va izlov-burg‘ilash ishlarini rejalashtirgani, biroq amalda ularning sonini 15 taga yetkazish, o‘z navbatida ishga qo‘shish topshirig‘i berildi.

Shuningdek, gazdan propan-butan aralashmasini ajratib olish qurilmasi bo‘yicha muammoli masalalar joyida o‘rganib chiqildi va zarur texnik jihozlarni sotib olishni tezlashtirish yoki turdosh tashkilotlardan olib kelish vazifasi belgilab berildi.

O‘z navbatida, Gazlidagi obektlarda davom etayotgan qurilish-montaj ishlari birma-bir o‘rganildi, ishni yanada jadallashtirish, kuz-qish mavsumida ishchilar uchun qulay sharoit yaratish kerakligini ta’kidladi.

Shuningdek, ishchi-xodimlar bilan suhbatda bo‘lgan Boshqaruv raisi ularning yashash va ishlashi uchun mavjud bo‘lgan muammolar bilan qiziqdi va o‘rganish natijasida aniqlangan kamchiliklar, muammolar bartaraf etilishi bo‘yicha topshiriqlar berildi.

«O‘zbekneftgaz» AJ Matbuot xizmati Ⓣ

Ko‘proq yangiliklar: