Yo‘l harakati qoidalarining yangi tahriri ishlab chiqiladi

O‘zbekiston 08:54 / 26.09.2020 6744

1 noyabrga qadar guvohnomasini yo‘qotgan haydovchilar arizasini qabul qilish va ichki tizim orqali ma'muriy amaliyot bo‘limidan zarur ma'lumotlarni elektron olish dasturini joriy etish nazarda tutilmoqda

Oliy Majlis Senatining beshinchi yalpi majlisida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga yo‘l harakati xavfsizligini ta'minlash va sohaga oid qonun hujjatlarining ijro etilishi holati yuzasidan parlament so‘rovi yuborilgandi. 

Senat axborot xizmati xabariga ko‘ra, so‘rovda umumta'lim maktablarida yo‘l harakati qoidalari va harakat xavfsizligi asoslarini o‘rgatish uchun o‘quv reja, dasturlar, darslik va o‘quv qo‘llanmalar mavjud emasligi masalasi ko‘tarilgan. Shuningdek, xalq ta'limi xodimlarining malakasini oshirish bo‘yicha muassasalar o‘quv dasturiga tegishli mavzular kiritilmaganligi qayd etilgan.

Shu kunlarda Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasiga kelgan javobda parlament so‘rovidan kelib chiqib, Vazirlar Mahkamasi tomonidan “O‘zbekiston Respublikasida yo‘l harakati xavfsizligini ta'minlash, yo‘l-transport hodisalarining oldini olish bo‘yicha amalga oshirilishi lozim bo‘lgan kompleks chora-tadbirlar dasturi” ishlab chiqilganligi ma'lum qilingan. Unda “Hayotiy faoliyat xavfsizligi” majburiy fanini joriy etish, tegishli dasturlarni ishlab chiqish va tasdiqlash belgilandi. Bu masala bo‘yicha normativ-huquqiy hujjat loyihasini 1 oktyabrgacha ishlab chiqish rejalashtirilgan. Shuningdek, 2021 yil yanvar oyidan o‘qituvchilar malakasini oshirish dasturiga yo‘l harakati qoidalarining kiritilishi ko‘zda tutilgan.

Parlament so‘rovida ko‘tarilgan yana bir dolzarb muammo - Vazirlar Mahkamasining 2015 yil 24 dekabrdagi tegishli qarori bilan tasdiqlangan yangi tahrirdagi “Yo‘l harakati qoidalari”ni ham takomillashtirish zarurati edi. Jumladan, mazkur Qoidalardagi ba'zi bandlarning o‘rni almashtirib yuborilgani oqibatida tegishli bandlardagi havolalar mutlaqo boshqa bandlarga taalluqli bo‘lib qolayotgani qayd etilgandi. Bundan tashqari, Qoidalarning o‘zbek va rus tillaridagi matnlarida ham katta tafovutlar mavjud. Bu masala bo‘yicha yuqoridagi dasturda 2021 yil 1 yanvariga qadar Yo‘l harakati qoidalarining yangi tahririni ishlab chiqish vazifasi belgilandi.

Shuningdek, parlament so‘rovida haydovchilik guvohnomasini olish uchun bilimlarni baholashda test savollari imtihon biletlaridagi yo‘l harakati qoidalariga zid yoki ma'naviy, texnik eskirganligi masalasi ko‘tarilgandi. Bunga javoban Vazirlar Mahkamasining tegishli chora-tadbirlar dasturida 2021 yilning 1 iyuniga qadar test savollarini qayta ko‘rib chiqish va takomillashtirish vazifasi qo‘yildi.

Yo‘qotilgan (o‘g‘irlangan, yong‘in, tabiiy ofat oqibatida va boshqa hollarda) milliy haydovchilik guvohnomasi dublikatini olishning amaldagi tartibi o‘ta murakkab, korrupsiyaga ochiqdan-ochiq yo‘l ochuvchi talablar, byurokratik to‘siqlardan iborat ekanligi – bu parlament so‘rovida ko‘tarilgan yana bir muammo. Bu masala yuzasidan yuqoridagi dasturda 1 noyabrga qadar guvohnomasini yo‘qotgan haydovchilar arizasini qabul qilish va ichki tizim orqali ma'muriy amaliyot bo‘limidan zarur ma'lumotlarni elektron olish dasturini joriy etish nazarda tutilmoqda. Bunda Ichki ishlar vazirligining yagona avtomatlashtirilgan hisobga olish tizimi ma'muriy amaliyot tizimi bilan integratsiya qilinadi.

Ko‘proq yangiliklar: