Xarkov halokati: Ukrainada motam e'lon qilindi, barcha An-26 parvozlari to‘xtatildi

Jahon 19:26 / 26.09.2020 25984

Avvaliga samolyot bortida 28 kishi bo‘lgani xabar qilingandi. Ya'ni, parvozdan oldin samolyotda uchishi kerak bo‘lgan 7 nafar ekipaj a'zolari va 21 nafar Ivan Kojyedub nomidagi Xarkov Havo Kuchlari universiteti kursantlari hisobga olingan. Keyinchalik ma'lum bo‘lishicha, bir kursantga samolyotga chiqishga ruxsat berilmagan.

Kursantlar sinov parvozini amalga oshirayotgan bo‘lgan. Rejaga ko‘ra, parvoz mahalliy vaqt bilan 18:50 dan 22:50 gacha davom etishi kerak bo‘lgan. 20:38 da ekipaj komandiri chap dvigatel ishlamay qolgani haqida xabar bergan. 20:40 da u favqulodda qo‘nishga ruxsat so‘ragan. 20:45 da halokat sodir bo‘lgan. Samolyotning «qora qutisi» topilgan va u o‘rganilmoqda.

Foto: Twitter

Samolyot Kiyev – Xarkov trassasining 530-kilometrida halokatga uchragan. Samolyot favqulodda qo‘nishni amalga oshirayotgan vaqtida halokatga uchragan. Ba'zi manbalarda uning qanoti yerga tegib ketgani yozilgan.

Samolyot qulashi oqibatida 26 kishi halok bo‘lgan. 25 kishi samolyot qulashi vaqtida qurbon bo‘lgan. Bortdagi ikki kishi samolyotdan o‘zini yerga tashlashga ulgurgan. Ularning ikkisi ham og‘ir kuyish tashxisi bilan kasalxonaga yotqizildi. Halokatdan omon qolganlardan biri kasalxonada vafot etgan.

Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy 26 sentyabrni mamlakatda motam kuni deb e'lon qildi. Uning ko‘rsatmasiga binoan halokat oqibatlarini o‘rganuvchi maxsus komissiya tuzilgan. Ayni damda tergovga qadar surishtiruv ishlari olib borilmoqda. Tergovchilar 4 ta variantni o‘rganishmoqda: parvoz qoidalarining buzilishi, ekipajning xatosi, parvozga tayyorlanish doirasida yo‘l qo‘yilgan xatolik, texnik nosozlik.

Ukrainaning sobiq bosh harbiy prokurori Anatoliy Matiosning aytishicha, halokat ekipaj a'zolarining xatosi sabab sodir bo‘lgan. Voqea joyiga yetib borgan Vladimir Zelenskiy mutasaddilarga barcha harbiy shartnomalarni ko‘rib chiqish topshirig‘ini bergan. An-26 va shu turdagi barcha samolyotlarning parvozi to‘xtatilgan. Ukraina prezidenti halok bo‘lganlarning oilalariga yordam berish bo‘yicha ko‘rsatma bergan.

Ma'lumot uchun, An-26 Ukrainada ishlab chiqarilgan harbiy samolyot hisoblanadi. Kiyev aviatsiya zavodida ishlab chiqarilgan An-26 ilk parvozini 1969 yilda amalga oshirgan.

Ko‘proq yangiliklar: