O‘zbekistonda Vodorod energetikasi texnologiyalari markazi tashkil etiladi

O‘zbekiston 15:05 / 26.09.2020 4348

Vazirlar Mahkamasining “Vodorod energetikasi texnologiyalari ilmiy-amaliy innovatsion markazini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori loyihasi e'lon qilindi.

O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi, Energetika vazirligi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi va Fanlar akademiyasining:

O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Materialshunoslik instituti tarkibida, yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lmagan, “Vodorod energetikasi texnologiyalari ilmiy-amaliy innovatsion markazi”ni tashkil etish;

Markazni O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Materialshunoslik institutining Toshkent viloyati Parkent tumani, Katta quyosh qurilmasi qo‘rg‘oni manzilida joylashgan binosining “V” blokida joylashtirish to‘g‘risidagi takliflariga rozilik beriladi.

Quyidagilar Markazning asosiy vazifalari va faoliyat yo‘nalishlari etib belgilanadi:

mujassamlashgan quyosh energiyasi vositasida termokimyoviy usul bilan suvni parchalash orqali ekologik sof “yashil vodorod” olish texnologiyasi va uslublarini ishlab chiqish bo‘yicha tadqiqotlar olib borish;

qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalangan holda elektroliz usuli bilan vodorod olish texnologiyasini takomillashtirish;

nisbatan past haroratlarda vodorod olish uchun yangi turdagi nanokatalizatorlar yaratish bo‘yicha ilmiy izlanishlar olib borish;

vodorod gazini xavfsiz saqlash va iste'molchilarga yetkazib berish texnologiyalarini ishlab chiqish;

yoqilg‘i elementlarida vodorodni to‘g‘ridan-to‘g‘ri elektr energiyasiga aylantirish texnologiyalari bo‘yicha tadqiqotlar olib borish;

vodorod gazini sof va aralashma holida yoqilg‘i sifatida ishlatishning istiqbolli va xavfsiz texnologiyalarini rivojlantirish, rentabelliligiga erishish bo‘yicha tadqiqotlar olib borish.

Prezidentning 2017 yil 1 noyabrdagi PQ-3365-son qarori 3-ilovasining 8-bandiga muvofiq kapital ta'mirlash ishlariga ajratilgan 801,8 mln. so‘m mablag‘ Materialshunoslik institutining Parkent tumanida joylashgan Katta quyosh qurilmasi obekti hududida Markaz uchun ajratiladigan binoni ta'mirlash va jihozlash ishlariga yo‘naltiriladi.

O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Materialshunoslik instituti 2021 yil mart oyigacha o‘rnatilgan tartibda Markaz binosini ta'mirlash hamda kerakli jihozlar bilan ta'minlash bo‘yicha zarur choralarni ko‘radi.

O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi:

2021 yil davomida Markazni 500 ming AQSh dollari miqdorida ilmiy laboratoriya uskunalari bilan jihozlashni Innovatsion rivojlanish va novatorlik g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi hamda Markaz tomonidan amalga oshiriladigan ilmiy-amaliy loyihalarga ajratiladigan grant mablag‘lari hisobidan moliyalashtiradi;

“Yo‘l xaritasi”ga kiritilgan vodorod energetikasi texnologiyalari sohasida muhim ilmiy-amaliy ishlanmalarni yaratishga qaratilgan maqsadli ilmiy-tadqiqot loyihalarini belgilangan tartibda moliyalashtirilishi ta'minlaydi;

ilg‘or mamlakatlar tajribasidan kelib chiqib va Markaz takliflarini hisobga olgan holda vodorod energetikasi texnologiyalarini rivojlantirishga qaratilgan mavzular shakllantirilib, texnika fanlari yo‘nalishida ilmiy texnik loyihalar tanloviga e'lon qilish ishlarini muntazam ravishda olib boradi;

har chorakda Markaz tomonidan ilmiy-texnik loyiha bo‘yicha olib borilayotgan tadqiqotlar jarayonlarini tahlil qilib borsin va zarurat tug‘ilganida, loyihaning texnik topshirig‘iga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritadi;

Markazning ilmiy va ilmiy-texnik xodimlarini ilg‘or mamlakatlarning sohada yetakchi ilmiy markazlarida qisqa muddatli ilmiy stajirovkalarini moliyalashtiradi.

O‘zbekiston Respublikasi Energetika vazirligi ishlab chiqilgan takliflar bo‘yicha loyiha mavzularini shakllantirish jarayoniga Innovatsion rivojlanish vazirligi so‘roviga asosan o‘z mutaxassislari ishtirokini ta'minlaydi.

Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi 2021-2022 o‘quv yilidan boshlab, Toshkent davlat texnika universitetidagi “Muqobil energiya manbalari (turlari bo‘yicha)” mutaxassisligi (shifr – 5312400) qabul kvotasini 50 tadan 60 taga oshiradi. 3 kursdan boshlab “Muqobil energiya manbalari (turlari bo‘yicha)” mutaxassisligi talabalaridan 10 tasi “Vodorod energetikasi”ga ixtisoslashtiriladi va ularga ixtisosligi bo‘yicha darslar O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Materialshunoslik instituti tomonidan tashkil qilinadi.

Ko‘proq yangiliklar: