«Maktabgacha ta'lim fidoyisi» ko‘krak nishoni ta'sis etiladi

O‘zbekiston 08:10 / 26.09.2020 2252

Maktabgacha yoshdagi bolalarni har tomonlama rivojlantirish, maktab ta'limiga tayyorlash, ularga ta'lim-tarbiya berish borasida fidokorona mehnati hamda soha rivojiga munosib hissa qo‘shib kelayotgan xodimlarni rag‘batlantirish maqsad qilingan.

Vazirlar Mahkamasining “Maktabgacha ta'lim fidoyisi” ko‘krak nishonini ta'sis etish to‘g‘risida”gi qarori loyihasi e'lon qilindi.

Ko‘krak nishoni bilan maktabgacha ta'lim sohasida o‘sib borayotgan avlodni sog‘lom va har tomonlama yetuk voyaga yetkazish, yoshlarni vatanparvarlik va istiqlol g‘oyalariga sadoqat ruhida tarbiyalash borasida fidokorona mehnat qilgan hamda soha rivojiga munosib hissa qo‘shgan fuqarolar taqdirlanadi.

Tuman (shahar) maktabgacha ta'limi bo‘limlari, pedagogika kollejlari ko‘krak nishoni bilan taqdirlash bo‘yicha takliflarni tegishlicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi Maktabgacha ta'lim vazirligi, viloyatlar maktabgacha ta'lim boshqarmalari va Toshkent shahar maktabgacha ta'lim bosh boshqarmasiga har yili 10 iyul kuniga qadar taqdim etadi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Maktabgacha ta'lim vazirligi, viloyatlar maktabgacha ta'lim boshqarmalari, Toshkent shahar maktabgacha ta'lim bosh boshqarmasi, vazirlik tasarrufidagi respublika tashkilotlari hamda idoraviy mansub tashkilotlari ko‘krak nishoni bilan taqdirlashga tavsiya qilingan nomzodlar bo‘yicha hujjatlarni ko‘rib chiqib, tegishli yig‘ilish qarorlari asosida har yili 1 avgustga qadar O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha ta'lim vazirligiga taqdim etadi.

Maktabgacha ta'lim tizimini rivojlantirishga qo‘shgan hissasi hamda ilk va maktabgacha yoshdagi bolalarga ta'lim-tarbiya berishda erishgan yutuqlari uchun fuqarolar, shuningdek, chet el fuqarolari ko‘krak nishoni bilan rag‘batlantirish masalasi Maktabgacha ta'lim vaziri tomonidan belgilanadi.

Nomzodlarni tavsiya etishda quyidagi hujjatlar taqdim qilinadi:

ko‘krak nishoni bilan mukofotlashga taqdim etish varaqasi;

ma'lumotnoma (obektivka);

tavsifnoma (annotatsiya);

pasport nusxasi;

fotosurat (9x12 hajmda, oq fonda) - 2 dona.

O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha ta'lim vaziri tomonidan ko‘krak nishoni bilan taqdirlashga oid takliflarni ko‘rib chiqish bo‘yicha Komissiya (keyingi o‘rinlarda Komissiya deb ataladi) tashkil etiladi.

Komissiya yig‘ilishida nomzodlar bo‘yicha hujjatlar o‘rganilib, har yili
10 sentyabrgacha eng munosib nomzodlar bo‘yicha yakuniy xulosa qabul qilinadi.

Komissiya tomonidan nomzodlarni ko‘krak nishoni bilan taqdirlashda quyidagilar inobatga olinadi:

ilk va maktabgacha yoshdagi bolalarni har tomonlama rivojlantirish, maktab ta'limiga tayyorlash, ularga ta'lim-tarbiya berish, bola shaxsiga axloqiy me'yor va qadriyatlarni singdirish, shuningdek, vatanparvarlik va istiqlol g‘oyalariga sadoqat ruhida tarbiyalash borasida fidokorona mehnati hamda soha rivoji bo‘yicha olib borgan ishlari;

maktabgacha ta'lim sohasida amalga oshirilayotgan keng islohotlarni targ‘ib etishdagi faolligi;

maktabgacha ta'lim sohasiga innovatsiyalarni, ilg‘or pedagogik va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha amalga oshirgan ishlari;

maktabgacha ta'lim sohasini yanada rivojlantirishga qaratilgan xorijiy investitsiyalarni jalb etishdagi samarali faoliyati;

maktabgacha ta'lim sohasidagi qonun hujjatlarining ijro etilishi ustidan samarali nazoratini amalga oshirganligi;

maktabgacha ta'lim sohasini rivojlantirish istiqbollari va mavjud muammolarni chuqur ilmiy tahlil qilish asosida ishlab chiqilgan taklif, yangilik va ishlanmalarining dolzarbligi va amaliyotga joriy etilganligi;

maktabgacha ta'lim sohasidagi davlat dasturlarini ishlab chiqish hamda amalga oshirishda faol ishtirok etganligi;

maktabgacha ta'lim tashkilotlarining muqobil shakllarini amaliyotga keng joriy etish bo‘yicha yangi tashabbuslarni ishlab chiqqanligi;

maktabgacha ta'lim tizimining nodavlat sektorining rivojiga munosib hissa qo‘shganligi.

Ko‘krak nishoni bilan taqdirlash, istisno tariqasida, O‘zbekiston vazirining buyrug‘iga asosan alohida holatlarda ham amalga oshirilishi mumkin.

Ko‘proq yangiliklar: