«Namangandan bir yilda 10 ming fuqaroni Rossiyaga tartibli ravishda ishga yuborish rejalashtirilgan» - viloyat hokimi o‘rinbosari

Jamiyat 14:12 / 21.09.2020 6739

Ma'lumki, ishlash uchun xorijga jo‘nash vodiy viloyatlarida ham an'ana tusiga kirgan. Bugungi kunda migratsiya masalalari bo‘yicha olib borilayotgan ishlar yuzasidan Namangan viloyati hokimining birinchi o‘rinbosari Tolib Yusupov bilan suhbatlashdik.

– Tolibjon aka, bilamizki, Namangan viloyati ham aholi juda zich viloyatlardan biri va bu hududda ham migratsiya oqimi kuchli. Avvalo, aholi soni va muhojirlar haqidagi raqamlar bilan tanishtirsangiz.

– To‘g‘ri, chindan ham Namangan viloyati aholi soni va zichligi bo‘yicha yetakchilardan biri hisoblanadi. Hozirgi kunda viloyatda 2 mln 813 mingga yaqin aholi ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lib, uzoq muddatga chet elda bo‘lgan shaxslar soni 157 410 nafarni (shundan erkaklar 133 542 nafar, ayollar 23 868 nafar va voyaga yetmaganlar 1589 nafarni) tashkil etgan.

Joriy yilning 1 avgust holatiga 85 750 nafar shaxs xorijdan qaytib kelgan bo‘lib (shundan erkaklar 69 129 nafar, ayollar 16 621 nafar hamda voyaga yetmaganlar 381 nafarni tashkil etib), shundan 46 405 nafarining bandligi ta'minlangan.

Viloyatimiz bo‘yicha xorijdagi yurtdoshlarimizning asosiy qismi Rossiya (44 foiz), Qozog‘iston (38 foiz) va Janubiy Koreyaga (3 foiz) to‘g‘ri kelib, 65 ming nafari ishlashga, 1,4 ming nafari o‘qishga, 2,5 ming nafari boshqa maqsadlarda chiqib ketgan.

Xorijda ishlash istagida bo‘lganlarga ko‘mak berish uchun Tashqi mehnat migratsiyasi agentligiga tobora ko‘proq vakolat va mas'uliyat yuklanmoqda. Bu natija beryaptimi?

– Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi Namangan filiali tomonidan pandemiya davrida fuqarolarni Rossiya (40 nafar), Qozog‘iston (17 nafar) davlatlariga tashkiliy tartibda ishga yuborilgan. Hozirgi kunda, chet davlatlarida ishlash istagida murojaat qilganlar 1,7 ming nafarni tashkil etadi.

Ish izlovchilarning 42 foizi qurilish sohasi bo‘yicha mutaxassislar, 12 foizi yengil sanoat sohasi, 17 foizi qishloq ho‘jaligi, 29 foizi kasb-malakaga ega bo‘lmaganlarni tashkil etadi.

Chet davlatlarda ishlash istagi bo‘lgan, biroq pandemiya sababli chet elga keta olmagan 130dan ziyod fuqaro 12 turdagi (santexnik, elektrik, payvandlovchi, tokar, asalarichilik, oshpaz-qandolatchilik, avtomobillarga texnik xizmat ko‘rsatish va h.k.) yo‘nalish bo‘yicha har bir guruhlarda 15 nafardan kasb-hunar va xorijiy til kurslariga o‘qitish boshlandi.

Rossiya xalqlar do‘stligi universiteti (RUDN) bilan hamkorlikda xalq ta'limi tizimidagi rus tili o‘qituvchilari ishtirokida «Rus tili imtihon markazi» tashkil etildi.

Ma'lumot o‘rnida: 2020 yilning 8 oyida migrantlar tomonidan oila a'zolari uchun pul o‘tkazmalari orqali 231,6 mln dollar (2019 yilda 455,8 mln dollar) miqdorida pul mablag‘lari yuborilgan. Bunda, 300 dollardan yuqori jo‘natganlar 21 257 nafar, 200–300 dollar oralig‘ida pul yuborganlar 24 217 nafar, 200 dollargacha mablag‘ jo‘natganlar esa 18 666 nafarni, pul jo‘natmayotganlar 953 nafarni tashkil etadi.

– Lekin bu raqamlar talabni to‘liq qondira olmasligi tayin. Yirikroq loyihalar ustida ham ishlanyaptimi?

– Albatta, bu harakatlarimizdagi dastlabki qadamlar xolos. Hududlararo hamkorlik doirasida Rossiyaning Sverdlovsk va Samara viloyatlari bilan yil yakuniga qadar muzokaralar o‘tkazish rejalashtirilgan bo‘lib, kamida 3,5 ming nafar fuqaro tartibli asosda ishga yuboriladi.

Shuningdek, hozirda Rossiya Federatsiyasining Amur viloyatidagi Yamata va Renosans korxonalarida mavjud 4 mingdan ortiq bo‘sh ish o‘rniga viloyatdagi 1000 nafar fuqaroni yuborish bo‘yicha ro‘yxatlar shakllantirilmoqda. U yerdagi ishchilarning maoshi 400-600 AQSh dollari atrofida bo‘ladi.

2021 yilda 10 ming nafar fuqaroni Rossiyaga, 3 ming nafar fuqaroni Qozog‘istonga va 1,4 ming nafar fuqaroni boshqa davlatlarga tartibli asosda va manzilli ishga yuborish rejalashtirilgan.

Migrantlar aniq kasb bilan xorijga chiqishlari uchun viloyatdagi ishsiz aholi va band bo‘lmagan yoshlarni kasb-hunarga o‘qitish maqsadida tumanlarda 11 ta kasb-hunar kollejlarining foydalanilmayotgan binolarida o‘quv monomarkazlari tashkil qildik. Mazkur maqsadlarga mahalliy budjet hisobidan jami 5,2 mlrd so‘m, shundan ta'mirlash xarajatlari uchun 3,5 mlrd so‘m, jihozlash xarajatlariga 1,6 mlrd so‘m mablag‘lar ajratilgan.

Shuningdek, Namangan shahridagi Namangan qurilish va dizayn kasb-hunar kolleji binosida yil yakuniga qadar «Ishga marhamat» monomarkazi faoliyati to‘liq yo‘lga qo‘yiladi.

Namangan shahrida «MIGO Overseas Consulting» xususiy bandlik agentligi tashkil etilgan bo‘lib, 10ga yaqin davlatlardagi korxonalar bilan shartnomalar imzolangan.

Yaponiya kabi rivojlangan davlatlarda ham pandemiya bo‘lsa-da, ishchilarga talab yuqoriligicha saqlanib qolmoqda. Shu bois, xususiy agentlik uchun yapon tili va madaniyatini o‘qitish uchun Namangan shahridagi sanoat kasb-hunar kollejida qo‘shimcha tashkil etilayotgan o‘quv markazidan qo‘shimcha xonalar ajratish rejalashtirildi va Yaponiyadan 4 nafar tajribali o‘qituvchi kelishi kutilmoqda.

Natijada, kelgusi yildan 300ga yaqin xorijda ishlash istagini bildirgan ishsiz fuqarolar bandligi ta'minlanadi.

– Bilamizki, namanganlik mashhur va badavlat shaxslar xorijda talaygina. Yurtdoshlarimizni ish bilan ta'minlash, ko‘mak berishda xorijdagi vatandoshlarimiz o‘rni qay darajada?

– Viloyatdan boshqa davlatlarga ishga va boshqa maqsadlar bilan ketib, yillar davomida shu mamlakatlarda fuqaroligini olgan yoki uzoq davrda yurgan yurtdoshlarimiz (diaspora) tomonidan viloyatimizda shu yilning o‘zida 9ta loyiha amalga oshirilib, natijada 565ta yangi ish o‘rinlari yaratish rejalashtirildi.

Misol uchun, Namangan shahrida Abdullayev Jobirxon 2005–2016 yillar Rossiya Federatsiyasida ishlagan bo‘lib, «Yuksalish» kichik sanoat zonasida o‘z mablag‘lari va bank kreditlari hisobiga 151,7 mlrd so‘mlik qog‘oz va gipsokarton mahsulotlari ishlab chiqariladigan korxona ochmoqda. Mazkur korxona sentabr oyidan ishga tushirish rejalashtirilib, 300ta ish o‘rnilari yaratiladi.

Yangiqo‘rg‘on tumanidan Bekzod Yo‘ldoshev 2002–2015 yillarda Rossiya Federatsiyasida ishlagan bo‘lib, hozirda tibbiyot diagnostika va xizmat ko‘rsatuvchi «Iskavot shifo maskani»ni ochgan. Maskanda hozirda 80ta ishchi o‘rni yaratilgan.

Pop tumanida Chodak qishlog‘ida yashagan Dilshod To‘raxo‘jayev – 2000–2020 yillarda Rossiya Federatsiyasi fuqaroligini olgan tadbirkor. U tomonidan jami 400 ming dollar hamda 4 mlrd so‘m kredit hisobiga «Chodak» MFY hududida «Aparat Hotel Kosmos» dam olish maskani – mehmonxona-kemping xizmatlarini ko‘rsatuvchi turizm obektiga asos solib, 50ta ish o‘rni yaratish choralari ko‘rilmoqda.

Shu tumanda yashagan Jannatoy Toshmatova 2000–2020 yillarda Rossiya Federatsiyasi fuqaroligini olgan. U tomonidan 1 mln dollar investitsiya hamda 4 mlrd so‘m kredit hisobiga «Qo‘shminor» MFY hududida jami 15 mlrd so‘mlik «POP EXPORT STORY» dam olish maskani – mehmonxona-kemping xizmat ko‘rsatuvchi turizm obektiga asos solinib, 30ta ish o‘rni yaratish choralari ko‘rilmoqda.

Abror Zohidov suhbatlashdi.

Ko‘proq yangiliklar: