Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Toshkent tibbiyot akademiyasi Urganch filiali direktori: O‘zim ham shu kasallikni boshimdan o‘tkazdim
Kun.uz saytining navbatdagi mehmoni Toshkent tibbiyot akademiyasi Urganch filiali direktori, tibbiyot fanlari doktori, professor Rashid Ro‘ziboyev. Suhbatdoshimizga ham pandemiya bilan bog‘liq an'anaviy savollar bilan murojaat qildik.

Rashid Ro‘ziboyev
Rashid Yusupovich Ro‘ziboyev 1965 yil 1 sentyabrda Xorazm viloyatida tavallud topgan. 1983-1989 yillarda O‘rta Osiyo meditsina pediatriya institutida ta'lim olgan (hozirgi Toshkent davlat tibbiyot pediatriya instituti). 1989-1992 yillar mobaynida Toshkent va Urganch shahridagi tibbiyot muassasalarida ishlagan.
Oliy ta'lim sohasidagi faoliyatini 1992 yildan Birinchi Toshkent tibbiyot instituti Urganch filialida «Anatomiya» kafedrasida katta laborantlikdan boshlagan. 1993-1996 yillarda Birinchi Toshkent tibbiyot instituti aspiranti, assistenti, katta o‘qituvchi lavozimlarida ishlagan. 2002-2005 yillarda I.Ya. Gorbachevskiy nomidagi Ternopol davlat tibbiyot universitetida «Gospital jarrohlik» kafedrasida doktorant (Ukraina), 2006-2010 yillarda shu kafedrada assistent lavozimlarida faoliyat olib borgan. 2009 yilda doktorlik dissertatsiyasini himoya qilgan. 2010 yilda Toshkent tibbiyot akademiyasi Urganch filialiga qaytib kelgan. 2011-2013 yillarda davolash fakulteti dekani, 2013 yildan TTA Urganch filiali direktori lavozimida ishlab kelmoqda.
– Rashid Yusupovich, bugungi kunda Xorazm viloyatida koronavirus tarqalishi bilan bog‘liq vaziyat qanday?
– Xorazm viloyati hududida koronavirus tarqalishini men ikki davrga bo‘lgan bo‘lar edim. Birinchi davri - 16 martda karantin e'lon qilingan kundan may oyining oxirlarigacha bo‘lgan davr, bu vaqtda viloyatda koronavirusga chalingan bemorlar statistikasi faqat xorijdan olib kelingan hamyurtlarimiz orasida karantin zonalarida aniqlangan fuqarolarimiz hisobiga paydo bo‘lardi. Mahalliy aholi orasida koronavirus aniqlanganini eslay olmayman. May oyi davomida karantin zonalarda test natijalariga ko‘ra musbat deb topilgan 100 nafarga yaqin fuqarolarda bu kasallik aniqlandi, kasallik simptomatikasi ularda yengil o‘tib, to‘liq davolanib Xorazm viloyati yashil zonaga kirdi. Bu davrdagi bemorlarda kasallikning og‘ir kechishi yoki asorat qoldirishi umuman kuzatilmadi.
Shundan keyin ko‘plab karantin qoidalari yumshatildi, fuqarolar yana ko‘chada, jamoat transportida va boshka joylarda erkin harakatlana boshladilar. Ikkinchi davr may oyining o‘rtalaridan keyin boshlandi, uzoq masofalarga yuk tashuvchi fuqaromiz xorijdan qaytib kelgach, oilasi va farzandlarida virus aniqlanib, davolanishga olindi. Shundan keyin voqealar bir-biriga zanjir sifatida bog‘lanib ketdi, kimdir to‘yda bo‘lgan, mehmonga borgan, ishxonalarda virus tarqalishi va hokazo.
Hozirgi kunda viloyatda koronavirus tarqalishi to‘liq nazoratga olingan, to‘g‘ri, iyul oyinig o‘rtalarida o‘sha «yuqori cho‘qqi» holati kuzatildi, lekin vaziyat tezda nazoratga olindi. Eng asosiysi, kasallik tarqalishida fuqarolar tomonidan o‘z-o‘zini nazorat qilish prinsipi ishladi, xalq tezda ahvolni tushunib yetdi va vaziyat yaxshilanish tomonga o‘zgardi.
– TTA Urganch filialida pandemiya sharoitida koronavirusga qarshi kurashish uchun kadrlar tayyorlash jarayoni qanday kechdi? Tayyorlangan mutaxassislar asosan qaysi yo‘nalishlar bo‘yicha safarbar qilindi?
– Birinchi navbatda koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashish uchun o‘rta tibbiyot va farmatsevtika xodimlarini malakasini oshirish va qayta tayyorlash zarurati paydo bo‘ldi. Shu munosabat bilan O‘zbekiston Respublikasi Sog‘likni saqlash vazirligining 2020 yil 30 martdagi 96-sonli buyrug‘i ijrosini ta'minlash maqsadida shifoxona ichki infeksiyasiga qarshi chora-tadbirlar, koronavirus kasalligi tarqalishining oldini olish bo‘yicha davolash profilaktika muassasalarining xodimlarini joriy yilning 6 aprelidan 23 apreligacha o‘rta tibbiyot va farmatsevtika xodimlari malakasini oshirish va ularni ihtisoslashtirish Urganch filialida COVID-19 kasalligi bo‘yicha 3115 nafar, 14 apreldan 23 aprelgacha COVID-19 bo‘yicha laborator tekshiruvini o‘tkazish uchun namunalar olish mavzusida masofaviy-mavzuiy malaka oshirishda 1368 nafar, jami 4483 nafar o‘rta tibbiyot xodimlari Urganch filialining «t.me/urgmalaka» telegram-kanali orqali onlayn tarzda o‘qitildi. Buning uchun filialning «Ichki va teri-tanosil kasalliklari», «Yuqumli kasalliklar va ftiziatriya» hamda «Farmakologiya, klinik farmakologiya va patologik fiziologiya» kafedralarining malakali professor-o‘qituvchilari jalb qilindi. Tinglovchilar shahar, tuman tibbiyot muassasalarining xodimlari bo‘lib o‘kish jarayonlari guruhlarga bo‘lingan holda olib borildi. Bundan tashqari, 2657 nafar shifokor va 613 nafar kichik tibbiyot xodimlari ham TTA Urganch filiali professor-o‘qituvchilari tomonidan masofaviy tarzda o‘qitildi.
– Viloyatning qaysi shifoxonalari bu kasallikka qarshi kurashga moslashtirildi, ulardagi o‘rinlar soni nechta va necha nafar tibbiyot xodimlari (xususan vrachlar) bu jarayonga jalb qilingan?
– Respublika ishchi guruhi shtabining a'zosi bo‘lganligim uchun Xorazm viloyatida koronavirus tarqalishining har bir davri, soatida xabardor bo‘lib turganman. Tumanlar doirasida oladigan bo‘lsak, viloyatdagi barcha 11 ta tuman tibbiyot birlashmasida 180 dan 200 gacha zaxira o‘rinlari tayyorlandi. Kerakli dori-darmonlar zaxiralari yaratildi, mavjud o‘rinlarning 80 foizgacha kislorod nuqtalari tashkillashtirildi. Urganch shahrida Viloyat ko‘p tarmoqli tibbiyot markazida, Toshkent tibbiyot akademiyasi Urganch filiali klinikasida 80ta o‘rin, Viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasida 120ta, Urganch shahar tibbiyot birlashmasi kasalxonasida 100ta, Viloyat endokrinologiya dispanserida 120ta, Viloyat nogironlarni reabilitatsiya qilish markazida 80ta o‘rin tez va sifatli ravishda COVID-19'ga qarshi kurashish va davolash gospitaliga aylantirildi, viloyat bo‘yicha jami 3000ga yaqin o‘rin tayyorlandi.
Bugungi kunga kelib ham, o‘sha «yuqori cho‘qqi» ga chiqish davrida ham bu o‘rinlardan to‘liq foydalanishning zarurati qolmadi, sababi Urganch shahar Olimpiya zaxiralari kolleji bazasidagi 4 ta binoda 708 o‘rinli provizor, davolash markazi tashkillashtirildi. Markazda barcha zarur tibbiy asbob-anjomlarining va bir oy davomida uzluksiz yetadigan dori-darmonlarning zaxirasi yaratildi. Shuning uchun men yuqorida aytib o‘tgan oltita vaqtinchalik gospitalning faqat uchtasi - Viloyat ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi, Toshkent tibbiyot akademiyasi Urganch filiali klinikasi va Viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasi COVID-19 bemorlarini reabilitatsiya qilish uchun xizmat qilmoqda, qolgan muassasalar, shuningdek, tuman tibbiyot birlashmalarining deyarli barcha bo‘limlari o‘z yo‘nalishlari bo‘yicha faoliyatini tikladi.
Vaqtinchalik gospitallarni tibbiyot xodimlari, xususan vrachlar bilan ta'minlashda muammolar bo‘lmadi, eng tajribali vrach-mutaxassislar bu gospitallarda faoliyat olib bordilar. Toshkent tibbiyot akademiyasi Urganch filiali klinikasi 10 iyuldan bemorlarni qabul qilgan bo‘lsa, shu kungacha faqat filial professor-o‘qituvchilari faoliyat yuritdilar. Alohida aytib o‘tishim kerakki, filialning terapiya, UASh, Anesteziologiya va reanimatsiya, Yuqumli kasalliklar kafedralari professor-o‘qituvchilari ikki va uch smenadan qolib ishlashdi. Olimpiya zaxiralari kolleji bazasidagi markazda hozirgi kunda filialning professor-o‘qituvchilaridan tashkil topgan ikki guruhi faoliyat olib bormoqda, har bir guruh 32 nafar tibbiyot xodimidan tashkil topgan, eng quvonarlisi, shu markazni tashkillashtirish davomida 200dan ortiq talabalarimizdan ishlash istagi bildirilgan arizalar kelib tushdi. Guruhlarda talabalarimiz tibbiy og‘a, hamshira, sanitariya xodimi, ovqat tarqatuvchi sifatida xizmat ko‘rsatishmoqda.
– Umuman, Xorazm misolida ayting-chi, viloyatlarda ta'minot, sharoit qay darajada? Poytaxtda namoyish qilinayotganidan farqli jihatlari qanaqa?
– Respublikadan tashrif buyurgan ishchi komissiya tarkibida viloyatning barcha tumanlarida bo‘lib, u yerda yaratilgan sharoitlar, dori-darmonlar, yetishmayotgan tibbiy asbob-anjomlarni yetkazib berish va bir qator boshqa masalalar yechimiga guvoh bo‘lganman.
Bir vaziyat bo‘lmaganda COVID-19'ga chalingan bemorlar davolanayotgan gospitallardagi ahvolni ichkaridan to‘liq bilmasdim. Chunki gospitallar ichkarisiga kirishga hammaga ham ruxsat berilmagandi. Qayerda, qanday sharoitda bu kasallikni yuqtirdim, bilmay qoldim. Oldiniga yengil o‘tib ketar degan fikrda o‘zimni izolyatsiya qildim, 7-10 kunda o‘zimni yaxshi his qildim, test manfiy chiqdi. Ishga chiqib ketdim, yana o‘n kunlar o‘tgandan keyin nafas olishimda, umumiy ahvolimda o‘zgarishlar seza boshladim, tana harorati ko‘tarilishi boshlandi. Saturatsiya tushib ketdi (80-81 edi), qisqasi, davolanish uchun o‘zimizning klinikani tanladim va 12 kun davomida davolanishimga to‘g‘ri keldi.
Ta'minot to‘g‘risida savolingizga javob berish uchun o‘z kasalligimni misol tariqasida aytib o‘tmoqchiman. 24 soat davomida 4 marta dorilar amaliyoti o‘tkazildi, har bir jarayonda tabletkalar, mushaklar orasiga va tomirdan yuboriladigan dorilar bor edi. Bu holat 12 kun davomida olib borildi, men har kungi palata davolovchi vrachi hamda klinika bosh vrachiga yuzlanib, “zarur dorilar bo‘lsa aytinglar, imkoniyatim bor, uydagilar olib kelishadi”, derdim. Lekin tashqaridan menga birorta ham dori olib kelinmadi. Baribir xayolimdan men filial direktoriman, shuning uchun dorilarda men uchun kamchilik yo‘qdir degan fikr o‘tardi, kunduz kunlari ahvoli yaxshi bemorlar koridorga chiqardi, ularning ayrimlaridan “dorilar yetarlimi, kamchiliklar bo‘lmayaptimi?”, deb so‘rardim. “Hamma kerakli dori-darmonlar o‘z vaqtida yetkazib berilyapti”, deb javob berishardi. Qo‘shimcha kasalliklari (qandli diabet, gipertoniya, semizlik) bo‘lgan ayrim bemorlar va shu singari boshqa holatlarda bemorlar o‘zlari bilan doimiy qabul qiladigan dori-darmonlarni olib kelganliklarini inkor qilmayman.
Toshkent tibbiyot akademiyasi Urganch filiali klinikasi davlat rahbarining 2017 yil 27-28 yanvar kunlari tashrifi chog‘ida bildirgan takliflari asosida qisqa muddatlarda qurib bitkazilib, 2018 yil 2 iyul kuni ishga tushirilgan. Klinika binosida 7 ta bo‘lim, 3 ta kafedra joylashgan, klinika ikki million dollarlik tibbiy anjomlar bilan ta'minlangan. 145 o‘ringa mo‘ljallangan. Klinika qisqa davr ichida COVID-19'ni davolash uchun gospitalga aylantirildi. 10 iyuldan shu kungacha 355 nafar bemor davolanib chiqdi, 28 avgust holatiga 18 nafar bemor davolanmoqda. 2 sentyabrdan klinika koronavirus, pnevmoniya asoratlari bo‘lgan bemorlarni davolashga kirishdi.
Shuni alohida ta'kidlashim kerakki, Rossiya Federatsiyasidan taklif qilingan mutaxassislar viloyatda tashkil qilingan vaqtinchalik gospitallarda bo‘lib, bemorlarni konsultatsiya qilib turishdi. Klinikaga biriktirilgan rossiyalik mutaxassislardan biri o‘zimizning sobiq talaba bo‘lib chiqdi. U 90-yillarda o‘zimizning filialda o‘qigan, ordinaturada o‘qish maqsadida xorijga ketib ishlab qolgan va hozirgi kunda Moskva viloyatidagi gospitallardan birining rahbari Muzaffar Zokirov edi.
– Xorazm viloyatida COVID-19'ga qarshi kurashishda kadrlar yetishmovchiligi qay darajada va bu qanday yechilyapti? Yuqori kurs talabalarini bu jarayonga amaliyotchi sifatida jalb qilish masalasi ko‘rilmayaptimi?
- O‘zbekistonga mart oyining o‘rtasida koronavirus kirib keldi. Shu davrda men to‘g‘risi, bizning shifokorlar vaziyatga 100 foiz tayyor holatda edilar deb ayta olmayman, hatto tibbiyot o‘ta rivojlangan mamlakatlar ham bu vaziyatga tayyor emasdi. Biz uchun bu kutilmagan holat edi.
Shu munosabat bilan SSVning 2020 yil 31 martdagi 97-sonli “Bakalavriat, magistratura va klinik ordinatura (rezidentura) bitiruvchilarini tibbiyot muassasalariga ishlashga yuborish” hamda 2020 yil 10 apreldagi 115-sonli “Tibbiyot oliy ta'lim muassasalarining bakalavriat ta'lim yo‘nalishlari va magistratura mutaxassisliklari Davlat attestatsiya komissiyasi raislarini tasdiqlash” to‘g‘risidagi buyruqlari chiqarilib, joylarga yuborildi. Mazkur buyruqlar asosida filialdan 176 nafar bakalavr, 133 nafar ordinatorlar aprel oyida davlat imtihonlarini topshirib, o‘qishni tamomlashdi va viloyat tibbiyot muassasalariga ishga yuborildi. Bu ham o‘z navbatida joylarda pandemiyaga qarshi tayyorlanish va yetishmayotgan mutaxassislar o‘rnini to‘ldirishda yaxshi yordam bo‘ldi. Nafaqat yuqori kurs talabalari, barcha kurs talabalaridan karantin zonalarda, shifoxonalarda ishlash istagini bildirib murojaat qilganlar bo‘ldi. Ularning ko‘pchiligi ishlashga muyassar ham bo‘ldilar. Tibbiyot oliy ta'lim muassasalarinig talabalari yoz oylarida amaliyot o‘tashadi, ularning ko‘pchiligi o‘zlari yashayotgan tuman tibbiyot birlashmalarida, QVP, QOP va OPlarda amaliyot o‘tashdi. Ularning ish davri amaliyot o‘tash sifatida qabul qilindi.
Abror Zohidov suhbatlashdi.
Tavsiya etamiz
Urushga tayyor Jo‘laniy, taksidagi Pizishkiyon – hafta dayjesti
Jahon | 12:00
Lyov yoki Kapadze. Milliy jamoa boshqaruvida o‘zgarish qilish kerakmi?
Sport | 11:30
Odamlar eng tez va sekin qariydigan mamlakatlar aniqlandi
Jahon | 21:57 / 17.07.2025
Jinoyat olamida bunaqasi kam uchraydi: yashirin ustaxona va g‘oyib bo‘lgan 276 ta mashina
Jamiyat | 13:40 / 16.07.2025
So‘nggi yangiliklar
-
Toshkentda 64-sonli avtobus yonib ketdi
O‘zbekiston | 15:32
-
Kamchatkada 7,2 magnitudali zilzila ro‘y berdi
Jahon | 14:53
-
Ko‘paygan suvda cho‘kishlar, ruhiy «nosog‘lom» mintaqa, shifokorlarga hujum va Rog‘un GESidan 20 yillik shartnoma
Jahon | 14:06
-
Saudiyada 20 yil komada yotgan shahzoda vafot etdi
Jahon | 13:47
Mavzuga oid

10:06 / 16.02.2023
Koviddan keyingi sindrom bir necha oy ichida o‘zini namoyon qilishi mumkin - mutaxassis

03:31 / 16.02.2023
Koronavirusning kelib chiqishi bo‘yicha JSST surishtiruvi to‘xtab qoldi

10:02 / 31.01.2023
JSST pandemiya tugaganini e’lon qilishiga ayrim hududlardagi vaziyat to‘sqinlik qilmoqda

23:06 / 16.01.2023