Past Darg‘om tumani hokimi qarori yana bekor bo‘ldi: bu safar hokimlik sudda yutqazdi

Jamiyat 11:45 / 12.08.2020 26335

Kun.uz saytida «Past Darg‘omda baliqchilar xonavayron bo‘lmoqda. Tuman rahbarlari tadbirkorlarga qasd qilganmi?» sarlavhasi ostida tanqidiy material e'lon qilingan edi.

Unda tuman prokuraturasi protestiga ko‘ra, tuman hokimi Sh.Xudoyberdiyev baliqchilikka ixtisoslashgan «Shombuloq sazan baliqlari» hamda «Anhor suvi» fermer xo‘jaliklariga ajratib berilgan yer maydonlarini avvalgi tuman hokimi qarorini bekor qilib, tuman zaxirasiga qaytarish bo‘yicha asossiz qaror chiqargani tanqid ostiga olingan edi.

Ma'lumki, Biznes-ombudsmanda tadbirkorlik sub'yektlarining manfaatlarini ko‘zlab sudlarga arizalar, da'volar va shikoyatlar bilan murojaat qilish huquqi mavjud.

«2020 yilning 7 oyi mobaynida Biznes-ombudsman xodimlari tomonidan tadbirkorlar manfaatini ko‘zlab sudlarga 277ta ariza, da'vo ariza va shikoyatlar kiritildi.

Sudlar tomonidan mazkur hujjatlarni ko‘rib chiqish natijalariga ko‘ra chiqarilgan qarorlarga muvofiq, bu davrda davlat idoralarining 197ta noqonuniy qarori haqiqiy emas deb topildi, tadbirkorlar foydasiga 47 mlrd so‘m undirilishi belgilandi.

Bugungi kunda ommaviy axborot vositalarisiz insonlar hayotini tasavvur qilib bo‘lmaydi va ularda axborot va so‘z erkinligi ta'minlanmoqda. Biznes-ombudsman ham barcha OAV bilan hamkorlikda tizimli ishlamoqda va tadbirkorlar huquqlarini himoya qilishda amalga oshirilayotgan ishlar muntazam ravishda yoritilib bormoqda. OAVda tadbirkorlarni huquqlari buzilgan holatlar yuzasidan chiqarilayotgan maqolalarga tezkorlik bilan choralar ko‘rilmoqda», — deyiladi Biznes ombudsman matbuot xizmatining tahririyatga taqdim etgan ma'lumotnomasida.

Jumladan, Samarqand viloyati, Past Darg‘om tumanida faoliyat ko‘rsatuvchi «SHOMBULOQ SAZAN BALIQLARI» va «ANHOR SUVI» fermer xo‘jaliklari yer maydonlari tuman hokimligi tomonidan noqonuniy olib qo‘yilgani bo‘yicha Kun.uz saytida tanqidiy maqola chiqarilgan kunning o‘zida vaziyat Biznes-ombudsman tomonidan nazoratga olindi va tadbirkorni buzilgan huquqlarini tiklash bo‘yicha tegishli choralar ko‘rila boshlandi.

Aleksandr Yakubov, «Shombuloq sazan baliqlari» fermer xo‘jaligi rahbari.

O‘tkazilgan o‘rganishlar natijasida, Past Darg‘om tumani hokimining tegishli qarorlariga asosan «SHOMBULOQ SAZAN BALIQLARI» fermer xo‘jaligiga 7,4 gektar, «ANHOR SUVI» fermer xo‘jaligiga 8,6 gektar yer maydonlari ajratilgani, fermer xo‘jaliklari mazkur yer maydonlarida faoliyat yuritib kelib bir qancha ish o‘rinlari yaratgani, davlatga soliq to‘lovlarini to‘lab kelgani aniqlandi.

«SHOMBULOQ SAZAN BALIQLARI» fermer xo‘jaligi va «ANHOR SUVI» fermer xo‘jaligi rahbarlari tomonidan ularga ijaraga berilgan yer maydonlarini tuman hokimligi zaxirasiga qaytarish bo‘yicha rozilik berilmagan hamda mazkur holat yuzasidan sudning tegishli qarori qabul qilinmagan bo‘lsada, Past Darg‘om tuman hokimining 2020 yil 15 apreldagi №606–Q sonli va №607–Q sonli qarorlari bilan fermer xo‘jaliklarining yer maydonlari tuman hokimligi zaxirasiga qaytarib olingan.

Vaholanki, «Ma'muriy tartib taomillar to‘g‘risida»gi Qonunining 59-moddasiga asosan manfaatdor shaxsning ishonchli himoya qilinishi lozim bo‘lgan hollarda, ma'muriy hujjatni bekor qilish yoki o‘zgartirish masalasi sud tartibida ko‘rib chiqiladi.

Shuningdek, Yer kodeksining 24-moddasi, «Fermer xo‘jaligi to‘g‘risida»gi Qonunning 13-moddasi hamda «Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari to‘g‘risida»gi Qonunning 24-moddasiga muvofiq, yer uchastkalarini ijaraga olish shartnomasini muddatidan oldin bekor qilish taraflarning kelishuvi bilan, bunday kelishuvga erishilmagan taqdirda esa, sudning hal qiluv qarori bilan amalga oshiriladi.

Mazkur holat yuzasidan tadbirkorlarning buzilgan huquqlarini tiklash maqsadida to‘plangan barcha hujjatlar adolatli qaror qabul qilish uchun ma'muriy sudga yuborildi hamda taqdim etilgan hujjatlar va holat yuzasidan Kattaqo‘rg‘on tuman ma'muriy sudining raisi S.Soliyev tomonidan surushtiruvlar o‘tkazildi.

Natijada, sud tomonidan 2020 yil 21 iyul kuni chiqarilgan hal qiluv qaroriga asosan, Past Darg‘om tuman hokimining 2020 yil 15 apreldagi №606–Q sonli hamda №607–Q sonli qarorlari haqiqiy emas, deb topildi va tadbirkorning buzilgan huquqlari tiklanishiga erishildi.

Ko‘rib turganingizdek, Past Darg‘om tuman hokimining qarorlari bu safar sud orqali bekor bo‘ldi. Oldingi safar fermerlardan yerni tortib olib, tuman zaxirasiga qaytarish to‘g‘risidagi qaror viloyat hokimi E.Turdimovning qarori bilan bekor qilingan edi.

Endi ko‘ramiz. Nihoyat, tuman hokimligi oziq-ovqat mahsuloti yetishtirayotgan fermerlarga emin-erkin nafas olib ishlashga qo‘yar ekanmi yoki yana birorta «nayrang» o‘ylab topiladimi?

Shuhrat Shokirjonov,
jurnalist.

Ko‘proq yangiliklar: