Mobil guruhlar koronavirusdan boshqa kasallikka chalingan bemorlarga ham xizmat ko‘rsatadi - Shtab a'zosi

Jamiyat 11:41 / 12.08.2020 1647

AOKAda Koronavirusga qarshi kurashish shtabi a'zosi Nargiza Nurillayeva ishtirokida brifing bo‘lib o‘tdi.

Brifingda fuqarolardan kelib tushgan savollarga javob berildi. Xususan, murojaatlardan birida Covid-19’ni yuqtirishda qaysi guruh homilador ayollar xavf guruhiga kirishi haqida so‘ralgan.

«Birinchi navbatda qandli diabet, o‘pkaning surunkali kasalligi, yurak qon-tomir kasalliklari, kamqonlikning og‘ir darajalari, sust immunitet va surunkali jigar, buyrak kasalliklari mavjud bo‘lgan homilador ayollar Covid-19`ni yuqtirishi xavfli hisoblanadi», - dedi shtab a'zosi.

Bundan tashqari, profilaktika uchun qabul qilish mumkin bo‘lgan vitaminlar haqidagi savolga ham javob berildi.

«Maxsus vitaminlarni qabul qilish zaruriyati yuq. Hozirgi paytda insonlar sog‘lom ovqatlanishlari kerak va albatta meva-sabzavotlarni iste'mol qilish kerak. Shu bilan birga, iloji boricha uy sharoitida tayyorlangan ovqatlarni iste'mol qilish lozim», dedi Nargiza Nurullayeva.

Shtab a'zosi bugun umumiy amaliyot shifokori va mobil guruhlar kimlarga xizmat ko‘rsatishi haqida savolga ham javob berdi.

«Poliklinikalarda tashkil etilgan mobil guruhlar Covid-19 va pnevmoniya alomatlari bo‘lgan bemorlarni, shuningdek kasalxonada davolanib qaytgan bemorlarni kuzatish, tibbiy yordamga maksimal darajada kirishni ta'minlash va kasalxonada davolanishdan keyin asoratlarni oldini olish uchun tuzilgan.

Bundan tashqari, mobil guruhlar uy sharoitida surunkali kasalliklarga chalingan bemorlarga, ko‘rsatmalar bo‘yicha homilador ayollar va bolalarga patronaj xizmatlarini ko‘rsatadilar», deya Nargiza Nurullayevaning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Ko‘proq yangiliklar: