Farg‘onadan So‘xga aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yish uchun ishlar boshlandi

Jamiyat 11:42 / 12.08.2020 7514

«2020-2021 yillarda Farg‘ona viloyatining So‘x tumanini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi prezident qarori bilan Farg‘ona viloyati hokimligiga bir oy muddatda So‘x tumanida samolyot va vertolyotlar uchun uchish-qo‘nish maydonchalarini tashkil etish vazifasi yuklatilgan edi.

Viloyatning eksklav hududi bo‘lgan So‘x tumaniga aviqatnovlar yo‘lga qo‘yish bo‘yicha Farg‘ona xalqaro aeroportida dastlabki xarakatlar boshlanb yuborilgan, deb xabar bermoqda Kun.uz muxbiri.

Ma'lum qilinishicha, aviaqatnovlarga O‘zbekistondagi «Humo AIR» aviakompaniyasining An-2 samolyoti hamda O‘zbekiston havo yo‘llarining «Uzbekistan Helicopters» MJChga qarashli MI-8 vertolyotlari jalb qilinmoqda.

Farg‘ona xalqaro aeroportidan olingan ma'lumotlarga ko‘ra, An-2 samolyoti 12ta yo‘lovchi sig‘imiga, MI-8 vertolyoti esa 16 nafardan 20 nafargacha odam olish imkoniyatiga ega hisoblanadi. Yo‘lovchilar 35-40 daqiqada Farg‘onadan So‘xga yoki So‘xdan Farg‘onaga yetib olish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Parvozlarni hozircha kuniga 2tadan amalga oshirish mo‘ljallanmoqda. Kelgusida bu raqam talabga qarab yana ko‘tarilishi mumkin.

Ayni kunlarda respublika Transport vazirligi aviaqatnovlarning chipta narxlari ustida o‘rganishlar olib bormoqda. Chiptalar ham yo‘lovchilar uchun maqbul narxlarda bo‘lishi ta'kidlanmoqda. Agar chipta narxlari oshib ketishiga yetarli sabablar bo‘lsa, unda davlat tomonidan subsidiya berilib, bu holatlarning oldini olish choralari ko‘rilmoqda. Qolaversa, ko‘p bolali, nogironligi bor, kam ta'minlangan hamda qariyalar uchun maxsus chegirmalar ham yo‘lga qo‘yilishi rejalashtirilmoqda.

Ayni kunlarda Farg‘ona Xalqaro aeroportining kirish qismiga maxsus chiptaxonalar qurilmoqda.

Ko‘proq yangiliklar: