Prezident inson huquqlariga oid farmon imzoladi. Sud va tergov tizimida muhim o‘zgarishlar kutilmoqda

O‘zbekiston 14:03 / 11.08.2020 24198

Farmonda inson huquqlari buzilishi, ayniqsa huquqni muhofaza qilish organlari xodimlari tomonidan fuqarolarga nisbatan g‘ayriqonuniy xatti-harakatlar sodir etilishining oldini olishga qaratilgan huquqiy mexanizmlar nazarda tutilgan.

Bundan tashqari, xalqaro standartlar asosida tergov sifatini oshirish choralari belgilangan.

1. Yarashuv institutini qo‘llash mexanizmi takomillashtirilmoqda.

Unga ko‘ra, shaxsga nisbatan tergov davrida e'lon qilingan ayblov, jinoyat ishi sudning qaysi instansiyasida ko‘rilayotganidan qat'i nazar, yarashuv instituti doirasiga tushadigan yengilroq moddaga qayta malakalangan hollarda yarashuv institutini qo‘llash imkoniyati yaratilmoqda.

2. Ushlangan shaxsning huquqlari poymol bo‘lishining oldini olish maqsadida:

– ushlab turish muddatini jinoyat sodir etishda gumon qilinayotgan shaxs huquqni muhofaza qiluvchi organga keltirilgan vaqtdan boshlab emas, balki shaxs haqiqatda ushlangan vaqtdan boshlab hisoblash;

– shaxs amalda ushlangan paytdan boshlab, tegishli mansabdor shaxs u bilan bog‘liq surishtiruv va tergov harakatlarini o‘tkazishdan oldin himoyachi bilan xoli uchrashuvni ta'minlashi shartligi haqidagi qoida nazarda tutilmoqda.

3. O‘ta og‘ir jinoyat sodir etganlikda ayblanayotgan shaxslarga oid jinoyat ishi bo‘yicha, shuningdek qamoqqa olish yoki uy qamog‘i tarzidagi ehtiyot chorasini qo‘llash holatlarida himoyachining ishtirok etishi shartligi belgilandi.

4. Sudga qadar ish yuritish davrida shaxs huquqlari buzilishining oldini olish maqsadida:

– agar ushlangan ayblanuvchining yaqin qarindoshlarini protsess ishtirokchisi sifatida jalb qilish uchun asoslar mavjud bo‘lmasa, ularni huquqni muhofaza qiluvchi organlarga chaqirish va so‘roq qilish taqiqlanmoqda;

– shaxsni jinoyat ishida ayblanuvchi sifatida jalb qilish uchun real asoslar mavjud bo‘lgan hollarda uni guvoh tariqasida so‘roq qilish, shuningdek, protsessual huquqlarini tushuntirmasdan turib, undan biron-bir yozma yoki og‘zaki ko‘rsatuvlar olish man etilmoqda.

Ma'lumki, ayblanuvchining qonun va xalqaro hujjatlarda aks etgan eng asosiy huquqlaridan biri – bu ko‘rsatuvlar berishdan bosh tortish va ko‘rsatuvlaridan jinoyat ishiga doir dalillar sifatida uning o‘ziga qarshi foydalanilishi mumkinligi haqida xabardor bo‘lish huquqidir. Farmon bilan ushbu huquqni amaliyotda to‘liq ro‘yobga chiqarish imkoniyati yaratilmoqda.

5. Aybiga iqrorlik bo‘yicha kelishuv instituti kiritilmoqda.

Unga ko‘ra, ayrim toifadagi jinoyatlar bo‘yicha shaxs aybini bo‘yniga olish to‘g‘risida arz qilgan, qilmishiga chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan, jinoyatning ochilishiga faol yordam bergan, shuningdek, keltirilgan zararni bartaraf etgan taqdirda unga nisbatan qonunda belgilangan eng ko‘p jazoning yarmidan ko‘p bo‘lmagan miqdori va (yoki) muddatigacha jazo tayinlanadi.

Bundan tashqari, endilikda ushbu toifadagi jinoyat ishlari soddalashtirilgan tartibda ko‘rib chiqilib, fuqarolarning ortiqcha ovoragarchiligining oldini olinadi.

6. Toshkent shahar prokuraturasi tergov bo‘linmalari va Ichki ishlar bosh boshqarmasi tergov boshqarmasining faoliyati xalqaro standartlar va ilg‘or xorijiy tajribaga muvofiq namunaviy tarzda tashkil etiladi.

Ushbu tergov bo‘linmalari zamonaviy kriminalistik uskunalar bilan jihozlangan avtotransport vositalari, protsessual harakatlarni audio va videoga qayd etish tizimlari hamda stenografiya qilish uskunalari bilan ta'minlanadi.

Tergov xonalari zamonaviy tarzda, xalqaro standartlarga moslashtirilib, shaxslarning himoyachi bilan xoli uchrashishi uchun mo‘ljallagan holda tashkil etiladi.

Shu bilan birga, tergov harakatlarini videokonferensaloqa rejimida o‘tkazish amaliyotini yo‘lga qo‘yish uchun jazoni ijro etish muassasalari va tergov hibsxonalarini texnik vositalar va uskunalar bilan to‘liq jihozlash choralari ko‘riladi.

Ko‘proq yangiliklar: