Andijon shahar SEOM xodimlariga bir necha oydan beri mukofot puli berilmayapti. Moliya bo‘limi nimani kutmoqda?

Jamiyat 17:49 / 10.08.2020 16938

Murojaatchilar o‘zlariga prezidentning mart oyida qabul qilingan PQ–4652-sonli qaroriga ko‘ra rag‘batlantirish to‘lovi berilmayotgani va bu muammo bo‘yicha viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasiga, viloyat SEOMga va viloyat hokimligining moliya bosh boshqarmasiga ko‘p bora arz qilganliklari, lekin hech qanday natija bo‘lmayotganini bildirishdi.

Ma'lumki, prezident qarorida koronavirus infeksiyasidan zararlangan bemorlar bilan muloqotga kirishadigan, zararlangan bemorlar joylashtirilgan obektlarda hamda koronavirus infeksiyasini aniqlash laboratoriyalarida faoliyat olib borayotgan tibbiyot, sanitariya-epidemiologiya xizmati va boshqa xodimlarga har 14 kunlik faoliyat davri uchun vrachlar va vrach-laborantlarga — 25 million so‘m, o‘rta tibbiyot xodimlari va hamshira-laborantlarga — 15 million so‘m, kichik tibbiyot xodimlariga — 10 million so‘m, boshqa xodimlarga — 5 million so‘m miqdorida maxsus to‘lov berilishi belgilangan.

«Rahbarlardan haqqimizni so‘rayverib charchadik»

Shu paytgacha maxsus to‘lov pullarini ololmayotgan SEOM xodimlarining so‘zlariga quloq tutdik.

«Koronavirus kirib kelgan davrning birinchi bosqichidan boshlab viloyat va shahar SEOM rahbarlarining buyruqlariga asosan test analizlari olishga jalb qilinganmiz. Bakteriologiya laboratoriyamiz xodimlari tomonidan koronavirus kasalligi o‘choqlaridan, karantin joylari va karantindagi aholi xonadonlarida namunalar olinib, viloyat SEOM virusologiya laboratoriyasiga 24 soat mobaynida olib borib turildi. Men boshchiligimda 3 nafar vrach va 7 nafar laborant kecha-yu kunduz ishladik.

Birinchi bosqichda, ya'ni to‘rtta 14 kunlik davrda 9 025 ta tahlil olib borib topshirdik. Bundan 104 ta musbat natija bo‘ldi. Ana shu musbat natija bo‘lgan xonadonlardan ham «analiz» olib topshirib, hozirgi kungacha ishlab kelmoqdamiz.

Prezidentimiz bizga yordam qilib, qo‘shimcha 6 foizli ustama hamda maxsus rag‘batlantiruvchi to‘lovlar haqida qaror chiqardi. 6 foizli kunlik ustamani olyapmiz. Lekin maxsus to‘lovlarni olmayapmiz.

Hujjatlari qilindi, biroq ish moliyaga borib taqalganda ular moliyalashtirib bermayapti. Shu paytgacha sog‘liqni saqlash vaziridan ikkita xat kelgan. Ikkinchi xatda virusologiya laboratoriyalari bilan birga analizlar olib, ularni ro‘yxatlashtirgan laboratoriyalarga degan joyi ham bor, o‘zbekcha yozilgan. Moliyachilar xatni tushunishni xohlashmayapti.

So‘ng Moliya va Sog‘liqni saqlash vazirliklaridan soddalashtirilgan ko‘rinishda uchinchi xat chiqdi. Unda «tibbiyot xodimlari, sanitariya-epidemiologiya xodimlariga maxsus to‘lov to‘lanishi kerak» deb yozib qo‘yilgan. Epidemiolog-vrachlar epid kuzatuvga boradi, kasallangan bemor bilan muloqotda bo‘ladi. Undan keyin laboratoriya xodimi borib analiz oladi. So‘ngra zararsizlantirish bo‘limi xodimlari borib, u yerni zararsizlantiradi. Bemor olib borib topshirilganidan keyin davolovchi vrach va hamshiralar uni davolaydi. Biz analizlar bilan shug‘ullanamiz. Analizlarni topshirganimizdan keyin virusologiya bo‘limi natijasini chiqarib beradi.

Mukofot berilmasa ham biz baribir ishlardik, sababi bu bizning sevimli ishimiz. Mayli, menga mukofot berishmasin, bu mening vazifam, lekin laboratoriya xodimlariga berish kerak», – deydi Andijon shahar SEOM bakteriologik laboratoriya mudiri Muxtorjon Xolmirzayev.

Markaz xodimlarining aytishicha, ularning aksariyati bir stavka ishlasa-da, pandemiya davrida ikki stavkadan ish bajarishgan. Ular ishxonada yotib qolib, uyiga, farzandlari oldiga bormasdan ishlagan kunlari bo‘lganini, stolda, kushetkada, polda yotib ishlashganini aytib berishdi.

Xodimlar hujjatlarni shahar tibbiyot birlashmasi, viloyat SEOM va SSBga tasdiqlatib, moliya boshqarmasiga berishgan. Lekin mana, bir yarim oydan beri maxsus to‘lov masalasi cho‘zilib kelyapti. Xodimlar muammo nimada ekanini tushuna olmayotganini aytishdi.

«Pandemiya davri boshlangandan beri koronavirusga gumonlangan bemorlar bilan bevosita kontaktda bo‘lib kelyapmiz. Andijon shahri bo‘yicha tahlillarning 80 foizini biz oldik. Ular orasida kasallik aniqlangan soni juda ko‘p. Lekin muhtaram prezidentimizning rag‘batlantiruvchi pullarini shu kungacha ololmayapmiz.

Bu masala bo‘yicha hokimiyatga bordik, prokuraturaga ariza yozdik, bandlik bo‘limiga va yuqori tashkilotlarga murojaat qildik, lekin hech biri natija bermadi. Sabr qilib turinglar, bo‘ladi, sabr qilib turinglar, deyishyapti, bo‘lmayapti. Holbuki, biz belgilangan ish vaqtidan ancha ko‘p, xalqimiz va oilamizning sog‘lig‘i uchun, yurtimiz tinchligi uchun jonimizni xatarga qo‘yib ishladik», – deydi laborant Munira Almatayeva.

Xodimlarning aytishicha, ular O‘zbekistonga koronavirus kirib kelganidan keyingi davrda ikki oy ishxonada sutka davomida uzluksiz yotib qolib ishlashgan. Ular oila a'zolariga kasallik yuqishidan hadikda, bolalarida isitma chiqsa ham «kasallik yuqtirib olmadikmikin?» degan xavotir bilan yashashayotganini aytishdi.

«Shubhalanamiz, oilamiz uchun qo‘rqamiz. Ishimiz yarim stavka bo‘lsa ham mana shu yerda 24 soatdan yotib qolib, bir haftada 3-4 kunlab qolib ketgan kunlarimiz bo‘ldi. Uydagilar qaynota-qaynonalarimiz, erlarimiz «shuncha ishlaganingizga va'da qilingan mukofot puli qani?» deb bizdan so‘rashadi. Juda xijolatmiz», – deydi SEOM laboranti O‘g‘iloy Yo‘ldosheva.

Muassasa dezinfektori Ahmadjon Ortiqov 16 martdan beri qo‘lidan uskunasi tushmay ishlab kelayotgani, lekin va'da qilingan rag‘batlantiruvchi mablag‘dan darak yo‘qligini aytadi.

«Prezidentimiz mukofot pullarini ajratdi, lekin masala o‘zimizning Andijonda hal bo‘lmayapti. Aslida mukofot bermasa ham jon-jon deb ishlayotgandik. Lekin o‘sha pulni beradi, deb qo‘shimcha kuch bilan kechani kecha, kunduzni kunduz demasdan issiq-sovuqda ishlab keldik. Moliyaga, prokuraturaga va shahar hokimiyatiga bordik.

Masalan, men o‘zim ham Moliya vazirligiga, boshqa joylarga telefon qildim, lekin hech biri telefonni olmaydi. Hamma muammo Andijon moliya boshqarmasida bo‘lyapti.

Pensiyaga chiqishimga 6 oy qoldi. Uchta bolam hali kichkina, eng kichigi 4 yashar, kattasi – 10 yashar. Kechasi ham qolib ketaverdim, tashqarida ham, xonalarda ham yotib yurdik. Lekin mehnatimizning hosili bo‘lmadi. Faqat ish haqimiz va 6 foizli ustamani olyapmiz. Oddiy qilib aytganda, Toshkentda chiqqan qarorlar dovondan bu yoqqa o‘tmaydi, shekilli», deydi u.

Suhbat davomida ma'lum bo‘lishicha, SEOMda yarim stavkada ishlovchi xodimlarning oylik maoshlari 600-900 ming so‘m atrofida. Ular rag‘batlantiruvchi to‘lovlardan umid qilib astoydil ishlayotgan ekan.

Viloyat moliya boshqarmasi izohi

Shahar SEOM tomonidan xodimlarga maxsus to‘lov to‘lanishi bo‘yicha Andijon viloyat SSB, viloyat SEOM va Andijon shahar tibbiyot birlashmasi tomonidan tasdiqlangan ro‘yxat Andijon viloyat hokimligining moliya bosh boshqarmasiga taqdim etib borilgan.

Biz viloyat hokimligi moliya boshqarmasida bo‘lib, muammoli holat bo‘yicha izoh berishlarini so‘radik. Moliya boshqarmasi mutasaddilari ma'lumotni yozma ravishda taqdim etishdi.

Unda Respublika maxsus komissiyasi yig‘ilish bayoniga berilgan 1– ilovada, vaqtinchalik nizomning 22-bandida maxsus to‘lov bevosita koronavirus infeksiyasini yuqtirgan bemorni davolashda uzviy ishlaydigan, ular bilan muloqotga kirishadigan xodimlarga berilishi belgilangani aytilgan.

«O‘zbekiston Respublikasiga koronavirus kirib kelishi va tarqalishining oldini olish yuzasidan chora-tadbir dasturini tayyorlash bo‘yicha Respublika maxsus komissiyasining 2020 yil 30 apreldagi 20-son yig‘ilish bayoniga 1-ilovada, «Koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashish tadbirlariga jalb qilingan tibbiyot, sanitariya-epidemiologiya xizmati va boshqa xodimlarni qo‘shimcha moddiy rag‘batlantirish tartibi to‘g‘risida»gi vaqtinchalik nizomning 22-bandida: «Maxsus to‘lov koronavirus infeksiyasini yuqtirganlarni davolash uchun yuqumli kasalliklar yoki boshqa tibbiyot muassasasi negizida tashkil qilingan davolash muassasasida, shuningdek, Agentlik va SEOMlar koronavirus infeksiyasini aniqlash laboratoriyalarida faoliyat olib borayotgan hamda koronavirus infeksiyasiga shubha qilingan, kasallangan shaxslardan laborator namunalarni olishda va ularning ro‘yxatini shakllantirishda qatnashayotgan vrachlar, o‘rta tibbiyot va kichik tibbiy xodimlari hamda boshqa vazirlik va idoralardan jalb qilingan mutaxassislar, shuningdek, bevosita koronavirus infeksiyasini yuqtirgan bemorni davolashda uzviy ishlaydigan, ular bilan muloqotga kirishadigan xodimlarga nisbatan tatbiq etiladi», deb bayon qilingan.

Yuqorida ko‘rsatib o‘tilgan yo‘riqnomalarda Andijon shahar SEOM baklaboratoriya xodimlarining murojaatiga aniq javob berilmagani sababli, Andijon viloyat Moliya bosh boshqarmasining 2020 yil 24 iyul kungi № 02/04-32/52 sonli murojaat xati bilan Sog‘liqni saqlash vazirligiga maxsus rag‘batlantirish to‘lovlarini SEOM baklabaratoriya xodimlariga tatbiq etilishi yoki etilmasligi yuzasidan aloqa xati yuborilgan», – deyiladi viloyat moliya boshqarmasi taqdim etgan izohda.

Xulosa

Sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari B.Nizomov imzosi bilan Andijon viloyat SSBga kelgan xatda: «Maxsus qo‘shimcha to‘lovlar koronavirus infeksiyasini aniqlash laboratoriyalarida faoliyat olib borayotgan xodimlar, laborator tahlillarni o‘tkazish uchun olingan namunalarni yetkazish va laboratoriya ekspluatatsiyasini tashkil etishda bevosita ishtirok etuvchi xodimlarga tatbiq etiladi», deyilgan.

Ko‘rib turganingizdek, Andijon shahar SEOM baklaboratoriya vrach va laborantlariga rag‘batlantiruvchi maxsus to‘lov to‘lanishini hal etish viloyat moliya boshqarmasiga bog‘liq bo‘lib turibdi.

Moliya boshqarmasi esa Sog‘liqni saqlash vazirligidan murojaat xatiga javob kelishini kutayotganini aytmoqda.

Holbuki, bu masala allaqachon hal etilishi kerak edi. Viloyat SSB va viloyat SEOM rahbariyatining tegishli buyruqlari bilan tuzilgan ro‘yxat aprel-may oylarida tasdiqlanib, viloyat moliya boshqarmasiga taqdim etilgan. O‘shandan beri mazkur masala ochiqligicha qolmoqda.

Shahar SEOM xodimlari esa kutaverib charchashdi. Ular pandemiya davrining birinchi bosqichida o‘z hayotlarini xavf-xatarga qo‘yib, minglab odamlardan koronavirusga tahlillar olishgan, kecha-yu kunduz tinim bilmay ishlashgan, ishxonada yotib qolib bo‘lsa ham o‘z vazifalarini ikki hissadan bajarishgan.

Shunday ekan, ular o‘z xizmatlari uchun munosib ravishda rag‘batlantirishga haqli emasmi?

Elmurod Ermatov, Kun.uz muxbiri
Tasvirchi – Ahrorbek Yoqubjonov.

Ko‘proq yangiliklar: