Tanlovdan olingan yer: Oqdaryoda tadbirkor 4 yildan buyon kutmoqda, nizom buzilgan, hokimlik o‘z da'vosini o‘zgartirgan

Jamiyat 11:14 / 09.08.2020 10719

Ochig‘i, Ulug‘bek Mansurov taqdim etgan hujjatlar, yozishmalar kitob bo‘ladi. Ushbu mavzu sohaga tegishli deyarli barcha tashkilotlarda ko‘tarilgan, muhokama qilingan.

U.Mansurov tadbirkorlik qilish maqsadida Samarqand shahriga yaqin hududdan bo‘sh turgan yer olib, aholiga xizmat ko‘rsatishni rejalashtiradi. Shu maqsadda «BIZNES DAILY» gazetasining 2016 yil 23 aprel sonida e'lon qilingan tanlovda qatnashmoqchi bo‘ladi. Gazetaning o‘sha sonida Vazirlar Mahkamasining 2015 yil 7 oktyabrdagi 285-sonli qarori va Samarqand viloyat hokimining 2016 yil 11 apreldagi 03/2-2-506-sonli xatiga asosan Oqdaryo tumani «Boshdarxon» mahallasida har biri 64 kvadrat metr bo‘lgan 5ta bo‘sh maydon qo‘yilgan edi. Tanlov shartlariga ko‘ra, bu maydonlarda dorixona, kompyuter xizmati, xo‘jalik mollari, oziq-ovqat savdo do‘konlari hamda go‘zallik saloni qurilishi kerak edi.

Tadbirkor o‘z loyihasi va hujjatlarini tanlovda qatnashish uchun «Ko‘chmas mulk savdo xizmati» MChJ Samarqand viloyati filialiga taqdim qiladi va shartnoma tuziladi. Ochiq tanlov 2016 yilning 9 iyun kuni Yoshlar markazi binosida o‘tkazilishi belgilanadi. Tanlov boshlanib, aynan U.Mansurov qatnashayotgan yer maydonlariga navbat yetganda, o‘zini «BAHS» gazetasi muxbiri deb tanishtirgan Sadriddin Qosimov kelib, tanlov komissiyasiga ariza yozadi, natijada, Oqdaryo tumani «Boshdarxon» mahallasidagi yer uchastkasi savdodan olinadi.

Mana, oradan to‘rt yil o‘tsa-da, ushbu joy bahsli. Ulug‘bek Mansurov yer qonuniy tanlov asosida tadbirkorga berilishini talab qilib kelyapti. Shu maqsadda Senat, Qonunchilik palatasi, Bosh prokuratura, sud va qator vazirliklarga murojaat qilgan. O‘z navbatida, xizmat guvohnomasini ko‘rsatib, tanlovning o‘tkazilishini to‘xtata olgan Sadriddin Qosimov ham o‘sha yerga da'vo qilib keladi. Boz ustiga, o‘tgan fursatlar ichida S.Qosimov o‘sha yerda allaqachon qurilish boshlab yuborgan.

S.Qosimov qaysi hujjatlarga asosan yerga egalikni da'vo qilayotgani va qurilish boshlagani bilan qiziqdik.

Sadriddin Qosimov ham o‘nlab tashkilotlarga xat yozgan va javob olgan. Uning qo‘lidagi hujjatlar ichida eng muhim deb bilingani — Oqdaryo tuman hokimining 2017 yil 5 dekabrdagi qarori. Qarorda S.Qosimovga Qirqdarxon qishlog‘ida joylashgan sobiq xotira maydonini rekonstruksiya qilish hamda tarixiy muzey va kutubxona binolari qurishga ruxsat berilgani bayon etilgan.

Shu o‘rinda aytib o‘tish joiz, Oqdaryo tuman hokimligining bu qarori g‘alati: nega o‘sha yer bir yil avval tenderga qo‘yilgan va aynan hokimlikning o‘zi S.Qosimovga noqonuniy qurilishni buzishini so‘rab, sudga murojaat qilgan? Bu fursat ichida nima o‘zgardi?

Va yana ajablanarlisi, Oqdaryo tuman hokimligi ushbu qarordan yana besh oy o‘tib S.Qosimovga yuklatilgan vazifalarning birortasi bajarilmayapti, deb ogohlantirish xati yuborgan. Qurilishni to‘xtatishni so‘ragan.

Ikki tomonning o‘nlab yozishmalari, sud va hokimliklarning qaror-xulosalari shu qadar ko‘pki, ularning har biriga batafsil to‘xtalish imkonsiz. Ammo, mazkur ish yuzasidan taqdim qilingan so‘nggi hujjatlardan biri — 2020 yilning 18 yanvarida Samarqand viloyat hokimligi ishchi guruhining xulosasidan foydalanishni joiz topdik.

Viloyat hokimligi ishchi guruhi bergan xulosada haqiqatan ham 2016 yilning 9 iyunida Oqdaryo tumani «Boshdarxon» MFYdagi o‘sha joy tanlovga qo‘yilgani ma'lum qilingan. Unda U.Mansurov va yana boshqa bir nomzod Z.Xudoyorov qatnashgan. Ammo S.Qosimovning shikoyati sababli mazkur tanlov savdosi keyinga qoldirilgan.

S.Qosimovning shikoyatida o‘n yildan ortiq vaqt davomida o‘sha joyni obodonlashtirib kelgani yozilgan. Shuningdek, Oqdaryo tumani hokimining 2004 yil 10 iyundagi farmoyishiga asosan tuzilgan komissiya tomonidan yer maydonida urush qatnashchilari xotirasini abadiylashtirish uchun bog‘ yaratishga ajratilishi maqsadga muvofiqligi to‘g‘risida dalolatnoma tuzilgani, biroq tuman hokimi qarori qabul qilinmagani aytiladi.

Madaniy meros obektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish ilmiy-ishlab chiqarish bosh boshqarmasining Samarqand va Jizzax viloyatlari bo‘yicha mintaqalararo davlat inspeksiyasi boshlig‘ining 2017 yil 10 fevraldagi xati orqali monumental yodgorlik joylashgan xotira maydoni qisqartirilib, qaytadan ta'mirlash ishlari olib borilishi to‘g‘risida Oqdaryo tuman hokimligiga taklif kiritishi so‘ralgan.

Shundan so‘ng tuman hokimligi huquqshunosi xotira maydonining 0,11 ga maydonini saqlab qolib, qolgan 0,22 ga maydoni tanlovga qo‘yilishi mumkinligi to‘g‘risida ijobiy xulosa bergan. Ammo, tanlov savdolari takror o‘tkazilmagan.

S.Qosimov esa 2017 yilning mart oyida xotira maydonining 0,12 ga yer qismini qoldirib, qolgan qismida tuman hokimining qarorisiz qurilish ishlarini boshlab yuborgan. Hokimlik 2017 yilning 22 martida S.Qosimovga noqonuniy qurilishni to‘xtatish va ixtiyoriy buzish to‘g‘risida ogohlantirish xati yuborgan.

Oqdaryo tumani hokimligi da'vosi bilan fuqarolik ishlari bo‘yicha Payariq tumanlararo sudi javobgar S.Qosimov hisobidan noqonuniy qo‘yilgan fundamentni buzdirish to‘g‘risida 2017 yilning 8 iyunida hal qiluv qarori qabul qilgan. Viloyat sudida ham ushbu qaror o‘zgarishsiz qoldirilgan va ijro qilish uchun MIB Oqdaryo tuman bo‘limiga yuborilgan.

Shundan so‘ng S.Qosimov ishni nazorat tartibida ko‘rib chiqish uchun Oliy sudga murojaat qilgan. Natijada fuqarolik ishlari bo‘yicha Payariq tumanlararo sudining 2017 yil 18 sentyabrdagi xati bilan ijro harakatlari vaqtinchalik to‘xtatilgan.

Mazkur nizo sudda ko‘rilayotgan bir paytda Oqdaryo tuman hokimi (2017 yil 5 dekabrida) ushbu hududda sobiq xotira maydonini rekonstruksiya qilish hamda tarixiy muzey va kutubxona binolari qurishga ruxsat berish to‘g‘risida qaror qabul qilgan.

Viloyat hokimligi ishchi guruhi xulosasida tuman hokimining o‘sha qarori 3-bandida xotira maydonini rekonstruksiya qilish ko‘rsatilgan bo‘lsada, viloyat madaniy meros boshqarmasi bilan kelishilmagan.

Tuman hokimining qarori Vazirlar Mahkamasining 2015 yil 7 oktyabrdagi 285-sonli qarori bilan tasdiqlangan «Yuridik va jismoniy shaxslarga tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish uchun doimiy foydalanishga tanlov asosida yer uchastkalari berish tartibi to‘g‘risida»gi nizom talablariga zid tarzda qabul qilingan. Mazkur nizomga ko‘ra, aholi punktlaridagi maydoni 1 gektargacha va 1 gektar bo‘lgan yer uchastkalarini doimiy foydalanishga berish faqat tanlov asosida amalga oshirilishi belgilangan.

Aytish mumkinki, fuqarolik ishlari bo‘yicha Payariq tumanlararo sudi 2018 yil 19 apreldagi ajrimi bilan 2017 yil 8 iyunda chiqarilgan hal qiluv qarorini yangi ochilgan holat bo‘yicha, ya'ni Oqdaryo tuman hokimining sobiq xotira maydonini rekonstruksiya qilish hamda tarixiy muzey va kutubxona binolari qurishga ruxsat berish to‘g‘risidagi qarori qabul qilingani munosabati bilan bekor qilgan.

Viloyat hokimligi bergan xulosaga ko‘ra, Oqdaryo tuman hokimining 2017 yil 5 dekabrdagi 2016-Q-sonli qarorini bekor qilishdan avval fuqarolik ishlari bo‘yicha Payariq tumanlararo sudining 2018 yilning 19 aprelidagi ajrimi ustidan nazorat tartibida Oliy sudga shikoyat qilish lozim, deyilgan.

Faraz qiling, endi Oliy sudga kim murojaat qiladi? Yana tadbirkorlik qilish maqsadida yurgan Ulug‘bek Mansurovmi? Chunki, S.Qosimov murojaat qilmaydi. Sababi, Oqdaryo tumani hokimining 2017 yil dekabrdagi qarori uning zarariga xizmat qilmaydi, har holda.

Savol tug‘iladi. Shundoq ham nizoli bo‘lgan, qolaversa, Oliy sudda muhokama qilinayotgan hudud yuzasidan tuman hokimi qaror qabul qilishi qanchalik to‘g‘ri? Hokimlik nega bir yil avvalgi da'vosidan voz kechgan? Nega nizom talablariga zid ekanligi viloyatga ham ma'lum bo‘lib turgan yer qayta tanlovga qo‘yilmagan?

Shunisi aniqki, bu savollarga Ulug‘bek Mansurov javob bermasligi kerak. Kimdir tadbirkorlik qilmoqchi bo‘lsa, tanlovda halol qatnashmoqchi bo‘lsa, bunchalik sarson qilinmasligi, yillab asab va vaqtini ketkazmasligi lozim edi.

Darvoqe, maqola yozilish jarayonida tadbirkor Ulug‘bek Mansurov bilan yana bog‘landik. U viloyat hokimligining xulosa-tavsiyasiga asosan Oqdaryo hokimining qarorini bekor qilishni so‘rab, Oliy sudga murojaat qilibdi. O‘z navbatida Oliy sud ham arizani yana fuqarolik ishlari bo‘yicha viloyat sudiga yo‘naltiribdi. Demak, hozircha arqonning uchi ko‘rinmayapti.

Umid qilamizki, bu yechimsiz muammo emas. Tegishli mutasaddilardan munosabat kutamiz.

Isomiddin Po‘latov,
Kun.uz muxbiri.

Ko‘proq yangiliklar: