COVID-19dan tuzalgach, o‘pkadagi jarohatlar to‘liq bitib ketadimi?

Jamiyat 14:54 / 09.08.2020 29281

Koronavirusga qarshi kurash shtabi a'zosi Sevara Ubaydullayeva 9 avgust kuni AOKAdagi brifingda aholidan tushgan savollarga javob berdi. Bu haqda agentlik Telegram kanalida xabar berilgan.

COVID-19 bilan kasallangan bemorlar o‘pkasidagi jarohatlar qayta tiklanadimi?

— Bu o‘pkaning qanday va qanchalik jarohatlanishiga bog‘liq. Ya'ni bemorda MSKT (multispiral kompyuter tomografiya)sida o‘pkadagi jarohatlanishlar qanchalik ko‘p bo‘lsa, shunchalik o‘pkaning tiklanishi qiyinroq va uzoqroq muddatni talab etadi. O‘pkada fibroz to‘qimalar paydo bo‘lsa, u to‘qimalar alveolalarni orqaga tiklanishiga to‘sqinlik qilishi mumkin, shu bois imkon qadar kasallikdan himoyalanish, uni yengil kechuvini ta'minlash hamda o‘pkaning alveolalari fibroz to‘qimalar bilan qoplanmasligiga harakat qilganingiz maqsadga muvofiqdir.

Yengil va o‘rta og‘ir kechuvidagi bemorlarda jarohatlanish foizi kamroq bo‘lgani bois, bu jarohatlanishlar inson turmush tarziga deyarli ta'sir ko‘rsatmasligi mumkin. Lekin keyinchalik o‘pkani kasallikka chalinuvchan bo‘lib qolishini kuchaytirishi mumkin.

Kasallikni yengil darajada o‘tkazdim. Shifokorlarning aytishicha, kasallikka immunitet hosil bo‘larkan. Endi ko‘chaga tibbiy niqobsiz ham chiqsam bo‘ladimi?

— Kasallanib tuzalgandan so‘ng immunitet hosil bo‘ladi, lekin bugungi kunda bizda karantin qoidalari bo‘yicha niqobsiz yurish mumkin emas. Shuningdek, kasallikdan tuzalgan bo‘lsangiz ham, hali organizmingiz tiklanmagan, tibbiy niqobsiz yurib boshqa yuqumli kasalliklarga chalinish imkoniyatingiz kuchayadi va siz boshqa kasallik bilan kasallanishingiz mumkin.

Shu bois, tibbiy niqobni karantin qoidalariga rioya qilgan holda taqib yurish talab etiladi.

Ukamda koronovirus tasdiqlandi. Oilaviy poliklinikaga murojaat etdik, ular aktibakterial dori vositasi — «Azitromitsin» ichishni buyurishdi. Bu to‘g‘rimi?

— Azitromitsin – antibakterial dori vositasi bo‘lsa-da, unda infeksiyaning hujayra ichiga kirishini bloklash xususiyati ham mavjud va hozirgi vaqtda uni qabul qilish bilan virusni kasallik chaqirish zanjirining biri uzilishiga erishish mumkin.

Menda COVID-19 boshlangani va tuzalayotganimga 14 kundan oshdi, lekin menda holsizlik va ko‘p terlash bor. Bu xavfli emasmi?

— Bugungi kunda ko‘pgina kasallik o‘tkazgan bemorlarning asosiy shikoyatlari holsizlik va ko‘p terlash bo‘lib, u kasallik jarayonida virus ta'sirida organizmga yetkazilgan jarohatlarning tiklanish davrida ayniqsa, kuchaymoqda. Buning asosiy sababi – organizm kasallik davrida ko‘p quvvat va energiyani yo‘qotishi hisobidan uning tiklanish jarayonida holsizlik alomati kelib chiqishi bo‘lsa, ikkinchi qismi asab va ruhiy tizimga ham bog‘liq. Ya'ni kasallangan odamlar kuchli qo‘rquv bilan organizmlari kuchli stress ham oladi, kasallikning bosqichlari o‘tganini his qilish boshlanganda organizmda bo‘shashtirish mexanizmi ishga tushadi, shu bilan inson holsizlik hissi yanada ortib boraveradi.

Bunday holatlarda yengil hazm bo‘ladigan, vitamin va mikroelementlarga boy ovqatlarni kam-kamdan yeb turish kerak. Tovuq bulonlari, qo‘y gushti yoki mol go‘shti qaynatma sho‘rvalarini iste'mol qilish insonga quvvat beradi. Sekin asta yengil harakatlarni davom ettirish talab etiladi.

Farzandim 19 yoshda, koronavirus kasalligi alomatlariga o‘xshash shamollashni o‘tkazdi. Oilaviy poliklinikadan kelgan shifokorlar dorilarini qabul qildik. Bolamning harorati tushib, yaxshi bo‘lib qolgandi. Mana ikki-uch kundan beri kunning ikkinchi yarmida tana harorati 37,1–37,5 darajagacha ko‘tarilib turibdi. Biz yana dorilar qabul qilishimiz kerakmi? Bunday holatlarda nima qilish kerak?

— Bunday holatlar ko‘pincha kasallikdan tuzalish davrida kuzatilmoqda, bunday holatlarda oilaviy shifokorga telefon orqali murojaat etish lozim. Bu holat qo‘shimcha ikkilamchi infeksiya qo‘shilishi oqibatida ham bo‘lishi mumkin.

Bunda shifokor umumiy qon, peshob va axlat tahlillarini topshirishni buyuradi. Shu bilan birga, bolada taxmin qilgan biror kasalligi bo‘lsa, shu kasallikka xos tekshiruvlarni o‘rganadi. Tahlillarda o‘zgarishlar bo‘lsa, albatta shu o‘zgarishlarga qarab dori vositalarini tavsiya etadi.

Agarda tahlillarda o‘zgarish bo‘lmasa, bu kasallikdan so‘nggi asab-emotsional holat, asab tizimidagi o‘zgarishlar hisobidan bo‘lishi mumkin. Bunday holatda, shifokor bilan maslahatlashgan holda tinchlantiruvchi mashqlar, autotreninglar, o‘t damlamalar, kerak bo‘lsa dori vositalarini qabul qilish tavsiya etiladi.

Ko‘proq yangiliklar: