AQShdagi o‘zbekistonlik jarroh: «Ikki davlat tibbiyotini mutlaqo taqqoslab bo‘lmaydi»

Jamiyat 14:53 / 09.08.2020 105477

Kun.uz xorijdagi o‘zbekistonlik shifokorlar bilan turkum suhbatlarini davom ettiradi. Bu safargi suhbatdoshimiz – AQShning Nyu-York shtatida yashayotgan jarroh Laziz Mardonov. Unga ham an'anaviy savollar bilan murojaat qildik.

– Assalomu alaykum. Suhbatimizni sizni tanishtirishdan boshlasak.

– Assalomu alaykum, O‘zbekiston! Kamina Laziz Mardonov, 43 yoshdaman. Samarqand davlat tibbiyot institutini 2002 yilda tugatganman. Jarrohman. O‘zbekistonda akademik V.Vohidov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan xirurgik markazida ishlaganman.

AQShga ilk bor 2015 yilda qisqa muddatli dastur bo‘yicha kelgandim. Oilam ham o‘zim bilan birga edi va ularga bu davlat juda yoqib qoldi, maktablardagi ta'lim ko‘proq manzur bo‘ldi. Oila a'zolarimni qoldirib, 3 oydan so‘ng O‘zbekistonga qaytdim. Oilamdan uzoqda bo‘lish ancha og‘ir bo‘lgandi o‘sha payt.

2018 yilga qadar ikkita davlatda ishladim, ma'lum muddat AQShda, ma'lum muddat O‘zbekistonda. 2018 yilda oilam bilan to‘liq AQShda yashay boshladik. Dastlab Nyu-York shahrida yashadim. Ayni paytda Nyu-York shtatining Sirakyus shahridaman.

– O‘zbekistonda ham malakali mutaxassislardan biri bo‘lgansiz. Hatto jigar ko‘chirib o‘tkazish bo‘yicha dastlabki operatsiya jarrohlari safida ham bor edingiz. Nega xorijga yo‘l oldingiz?

– O‘zbekiston vatanimiz, baribir qaytadigan joyimiz, albatta. Lekin hozircha tibbiyotimiz tizimi rivojlangan davlatlardan sezilarli darajada ortda qoladi.

Chindan ham poytaxtdagi yetakchi klinikada ishlardim, o‘zimga yarasha obro‘yim bor edi. Ammo o‘zim yanada o‘sishni, eng zamonaviy tizimlarda ishlashni, yangiliklarni xohlardim. AQShda esa sir emaski, bularning hammasi bor. Qolaversa, oilamning kelajagini o‘yladim, farzandlarim dunyoning eng yetakchi universitetlarida o‘qishini istagandim.

Amerikaga qadar ham dunyoning ko‘p davlatlarida malaka oshirgandim. Rossiyalik hamkasblarimiz bilan birga 2018 yilda O‘zbekistonda ilk bor jigar tranplantatsiyasini o‘tkazganimiz ham bor gap. Bu juda katta operatsiya hisoblanadi – o‘rtacha 16-17 soat davom etdi.

Shundan keyin ham adashmasam yana 2-3 ta operatsiya o‘tkazildi. Ammo biz bu bilan cheklanib qolmasligimiz kerak edi. Ya'ni O‘zbekistonda necha kishi bunday operatsiyaga muhtoj, mana katta masala. Bu tizimli yondoshuvni talab qiladi. Mening hisobimcha, yiliga kamida 250-300ta shunday operatsiyalarni amalga oshirishimiz kerak O‘zbekistonda. Bu ilm-fanning oldinga siljishiga ham turtki bo‘ladi.

Ammo AQShga kelganim bilan birdaniga shifokor bo‘lib ishlab keta olmadim. Sababi, siz dunyoning qayerida o‘qiganingiz va ishlaganingizdan qat'i nazar, AQShda uch bosqichli juda murakkab imtihondan o‘ta olsangizgina ishlashingiz mumkin.

Mayli, u imtihonni bir-ikki yil ichida topshirish mumkindir, ammo bu bilan tugamaydi. Keyingi bosqich boshlanadi, unda o‘zimizning magistraturaga o‘xshash jarayonni o‘tash lozim. Buning uchun masalan terapevtlar o‘rtacha uch yilgacha, xirurglar to‘rt-besh, neyroxirurglar yetti yilgacha o‘qiydilar.

Men duch kelgan muammo ancha jiddiy edi. Sababi, yuqoridagi o‘qishlarga qabul qilishda yoshga qaraladi va 35 yoshgacha imkoniyat beriladi. Men kelganimda esa 40 yoshni qoralab qolgandim, ya'ni kechikkandim.

Ko‘pchilik tanishlarim mana shu jarayonda vaqt yo‘qotib, boshqa sohalarga o‘tib ketishga majbur bo‘lishdi. Men ham shifokor bo‘lib ishlashim uchun vaqt va mehnat talab qilinardi. Vaqtni yo‘qotmasligim kerak edi va quyiroq pog‘onadan boshlashga qaror qildim.

Imtihonlardan o‘tib, biz ko‘proq «medbrat» deb ataydiganga o‘xshash pozitsiyada (Registered Professional Nurse, BSN – Bachelor Science of Nursing) ish boshladim. Ammo maqsadim bu emasdi albatta, bosqichma-bosqich yuqorilab borish rejasida edim. Hozir Nurse Practitioner pozitsiyasiga ishlayapman, bu ham shifokor, oddiy shifoxonalardan tortib yetakchi klinikalargacha ishlayveradi. Ko‘proq umumiy amaliyot vrachi yoki oilaviy vrach tushunchasiga to‘g‘ri keladi, kichik ofislar ochishi, bemorlarni qabul qilishi va davolash ishlarini olib borishi mumkin.

Bu toifa shifokorlar davlat budjetini iqtisod qilishga ham yordam beradi va ular juda ko‘pchilik.

– Juda uzoqdasiz, sharoitlar qanaqa, u yerlarda sizdan tashqari ham o‘zbekistonliklar bormi?

– Albatta, o‘zbekistonliklar dunyoning hamma burchaklarida bor. Hatto birga o‘qigan do‘stlarimiz ham ko‘pchilik bu yerda. Oldin Nyu-Yorkda yashaganman, hammaga ma'lumki, u yerda juda katta o‘zbek diasporasi bor. Oldin kelgan o‘zbekistonliklar ko‘proq bu yerda qisqa muddat ichida ko‘proq pul ishlab qaytish va o‘zimizda barcha sharoitni qilib olishni o‘ylashardi. Hozirgi paytda kuzatishlarimga ko‘ra hammasi o‘zgaryapti va ko‘pchilik pulini jo‘natmay, shu yerda ildiz otishga harakat qilyapti. Farzandlari ta'limiga sarflashyapti, yirik kompaniyalar ochishyapti, biznes qilishyapti. Xullas, yurtdoshlarimiz oddiy ishchi sifatida qolmay, yuqoriroq pog‘onalarga chiqa boshlashyapti.

Ayni paytda oilam bilan Sirakyus shahrida yashayapmiz. Bu Nyu-Yorkdan 400 km uzoqlikda, Kanadaga yaqin joyda. Tabiati juda go‘zal, tog‘lar, ko‘llar ko‘p. Umuman, bu yerda tabiatga munosabat juda boshqacha. Nihoyatda asrab avaylashadiki, bu endi alohida bir katta mavzu.

Bu shaharga ko‘chishimga sabab qizim Sirakyus universitetiga tibbiyot yo‘nalishi bo‘yicha hujjat topshirdi va juda katta tanlovdan o‘tib, qabul qilindi. Bir yillik to‘lovi o‘rtacha 55-65 ming dollar ekan. Bu men uchun katta pul. Ammo bu mablag‘ning 54 mingini, ya'ni deyarli hammasini davlat alohida grant asosida to‘lab berdi.

Demoqchimanki, to‘lov miqdoridan qo‘rqish kerak emas, talabaning o‘qish ko‘rsatkichlariga ko‘ra hatto 90-95 foizigacha universitetning o‘zi, davlat turli grantlar orqali pul to‘lab beradi. Bu yaxshi bilim olish uchun katta stimul borligini anglatadi. Hammasi insonning o‘ziga bog‘liq.

Mana shu imkoniyatlar haqida talabalik vaqtimda bilganimda, birinchi kursdanoq til o‘rganishga alohida e'tibor bergan bo‘lardim.

– Ishingiz haqida, O‘zbekiston va AQSh tibbiyotining tafovutlari, o‘xshash jihatlar haqida so‘zlab bersangiz.

– O‘zim Sirakyusdagi bir klinikada ishlayapman. To‘rt qavatda turli bo‘limlar, har birida o‘rtacha 40, umumiy 160 nafar bemorni kuzatib turish mening vazifam. Ya'ni har bir bo‘limning o‘z «medbrat»lari bor, men esa ularning ustidan nazoratchiman. Biror zarurat bo‘lsa, maslahat beraman.

Bu ikki davlat tibbiyot tizimini solishtirish juda qiyin. Har ikkisi bir-biridan keskin farq qiladi. Hatto umuman o‘xshash jihatlari yo‘q, desam ham balki xato qilmasman. O‘zbekistondagi sog‘liqni saqlash tizimi ko‘p jihatdan sobiq ittifoq modelini saqlab qolgan.

AQShda davlat inson resursiga nihoyatda katta e'tibor beradi va eng katta boylik hisoblaydi. Qandaydir tabiiy boyliklar yoki balandparvoz gaplar emas, aynan inson kapitali birinchi o‘rinda. Har qanday sohada birinchilikka harakat qilinadi.

Tibbiyotda juda katta markazlar ishlaydi, har qanday yangilikka jiddiy e'tibor qaratiladi, tadqiqotlarda o‘ziga xos sog‘lom raqobat ruhi bor. Korrupsiya minimum, men biror marta duch kelmadim. Xodimlarning maoshi normal hayoti uchun bemalol yetadi.

Tizim shu qadar yo‘lga qo‘yilganki, uni birorta odam o‘zgartirib yubora olmaydi, ya'ni qaysidir vazir almashishi, bosh vrachning yangi bo‘lishi amalda hech narsaga ta'sir qilmaydi.

Hammasining asosida ta'lim tizimi yotadi, bolalarga maktabdan intilish o‘rgatiladi. Yana bir jihati, dunyoning eng yaxshi bilimdonlarini o‘zlariga jalb qilishadi, «oltinbosh»larni o‘ziga to‘playdi. Har bir mutaxassis ishiga, ijodiy yondoshuviga alohida e'tibor beriladi.

Masalan, ishlayotgan joyimda telemeditsina shu qadar rivojlanganki, men biror bemor bo‘yicha aniq fikrga kela olmasam, darhol yetakchi shifokorni internet orqali jalb qilaman va kamera orqali bemorni ko‘rsatib, hatto yuraklarini eshittirib, UZI xulosalarini uning monitorida aks ettirib, kerakli tavsiyalarni olaman.

Albatta, maqtayverish mumkin, qisqasi solishtirishning iloji yo‘q. AQShdagi YaIM, uning necha foizi tibbiyotga sarflanishi o‘rganilsa, hammasi tushunarli bo‘ladi.

– Ko‘pchilikni qiziqtiruvchi savol – qancha maosh olasiz?

– Albatta, hamyurtlarim uchun bu sir emas. Ammo bu yerda shunday qoida borki, kimningdir maoshi so‘ralmaydi, aytish ham odat tusiga kirmagan.

Keling, umumiy tizimdagi maoshlar haqida aytib beraman. Mening pozitsiyamdagilarning maoshi soatiga o‘rtacha 40 dollardan boshlanadi. Yangi ish boshlaganlar odatda mana shunchadan oladilar. Ikki-uch yilda bu maosh oshib boraveradi, 65-70 dollargacha yetishi mumkin. Bir haftada o‘rtacha 40 soat ishlanadi. Lekin bundan ortiq ishlanadigan bo‘lsa, to‘lov hajmi oshadi.

Qisqasi, «medbrat»larning yillik daromadi 80-85 ming dollar atrofida, ya'ni haftasiga 40 soat, 5 kun 8 soatdan yoki 3 kun 13-14 soat ishlanganida. Ko‘proq ishlasa, tabiiyki ko‘proq oladi.

Men rejalashtirayotgan keyingi bosqich – Nurse Practitioner pozitsiyasidagi yillik maosh (haftasiga 40 soat ishlanganida) 120-130 ming dollardan boshlanadi. Qo‘shimcha ishlasa, daromadi oshaveradi.

Endi bevosita shifokorlarning maoshi 220-250 ming atrofida. Albatta, qaysi shifoxonada ishlashiga qarab, bu ham o‘zgaradi, ya'ni ko‘proq bo‘lishi mumkin. Kardioxirurg, neyroxirurglar orasida yiliga 1 mln dollar oladiganlar ham ko‘pchilik.

– Siz yashab turgan hududda koronavirus bilan bog‘liq vaziyat qanday? Bu kasallikka qarshi kurashga shaxsan o‘zingiz jalb qilindingizmi?

– Mart oyida Nyu-Yorkda koronavirus juda tez tarqaldi va butun davlat bo‘yicha shifokorlar chorlandi. O‘sha paytda «medbrat»larning maoshi soatiga 200-250 dollargacha ko‘tarilib ketdi. Boshqa shtatlarda vaziyat tinch edi. Keyinchalik kasallik butun davlatga tarqaldi.

COVID-19 dastlab tarqala boshlanganda bir muddat parishonlik sezildi. Ayni paytda vaziyat barqarorlashdi. Bu orada AQSh davlati aholini qanday ta'minlab turganini ko‘pchilik biladi, bunga to‘xtalib o‘tishim shart emas.

Shaxsan o‘zim epidemiya hududiga yoki maxsus shifoxonalarga borib ishlamagan bo‘lsam-da, klinikamizga bu kasallikka chalingan ko‘plab bemorlar olib kelindi va ular ma'lum vaqt shu yerda davolanib, keyin maxsus shifoxonalarga jo‘natildi.

Abror Zohidov suhbatlashdi.

Ko‘proq yangiliklar: