Zelenskiy Lukashenkodan «vagnerchilar»ni topshirishni so‘radi

Jahon 21:54 / 05.08.2020 16823

«Umid qilamanki, Ukraina hududida terrorchilik faoliyatida gumon qilinganlarning barchasi amaldagi xalqaro-huquqiy hujjatlarga muvofiq javobgarlikka tortish uchun bizga topshiriladi», deb yozgan Zelenskiyning o‘zi ham tvitterda.

O‘zaro suhbat davomida har ikki prezident iyul oyi oxirida Belarusda qo‘poruvchilik harakatlari sodir etishni rejalashtirganlikda gumonlanib, Minsk yaqinida qo‘lga olingan «Vagner» xususiy harbiy kompaniyasiga aloqador bo‘lgan odamlar bilan bog‘liq masalalarni ham muhokama qilishgan.

«O‘zaro suhbat chog‘ida har ikki davlatning vakolatli organlari o‘rtasidagi o‘zaro aloqalarning, xususan, Belarus hududida terrorchilik faoliyatida gumon qilingan shaxslarni Ukrainaga topshirish muhimligi qayd etildi», deyiladi xabarda.

Belarusning BelTA davlat agentligi har ikki prezident o‘rtasida bo‘lib o‘tgan suhbatda Minskda qo‘lga olingan rossiyaliklarning Ukrainaga topshirilishi masalasi muhokama qilinganini tasdiqlagan.

«O‘z navbatida Aleksandr Lukashenko, mamlakat huquq-tartibot idoralari bu masala bo‘yicha Rossiya va Ukraina bilan imzolangan xalqaro shartnomalar doirasida hamkorlik qilishini ta'kidladi», deyiladi BelTA xabarida.

29 iyul kuni Minsk yaqinida «Vagner» XHK xodimlari bo‘lgan 33 nafar rossiyalik hibsga olingan. Belarus davlat xavfsizlik kengashining kotibi Andrey Ravkovning ma'lum qilishicha, qo‘lga olinganlarning ayrimlari ukrain millatiga mansub va ular Ukraina fuqaroligiga ega. Rasmiy Minskning ma'lum qilishicha, hibsga olingan rossiyaliklar «saylov kampaniyasi paytida vaziyatni izdan chiqarish uchun» Belarusga kelgan.

Ukraina bosh prokuraturasi 31 iyul kuni Belarusda hibsga olingan rossiyaliklardan 28 nafariga, ular orasida 8 nafari Ukraina fuqarosi ham hisoblanadi, «terrorchilik tashkilotiga aloqadorlik» moddasi bo‘yicha ayblov e'lon qildi va Minskdan ularni Ukrainaga topshirishni so‘radi. Ukraina bosh prokuraturasi bayonotiga ko‘ra ular «Donbassdagi qurolli mojarolarda ishtirok etish bilan bog‘liq jinoyatlar uchun» javobgarlikka tortilishi lozim.

Belarus rasmiylarining ma'lum qilishicha, hibsga olingan rossiyaliklardan 14 nafari Donbass hududida Ukrainaga qarshi harbiy harakatlarda ishtirok etgan. Hibsga olinganlarning barchasi terakt tayyorlashda gumon qilinib, ularga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atilgan.

Rasmiy Moskva Belarusda qo‘lga olingan Rossiya fuqarolarining Turkiyaga uchib ketmoqchi bo‘lganini aytgan. Lukashenko esa Moskvaning izohini «yolg‘on va afsona» deb atagan.

Ukraina Rossiyani Donbassdagi ayirmachilarni qo‘llab-quvvatlab kelishda ayblaydi. 2014 yildan beri bu hududda Ukraina armiyasi va ayirmachilar o‘rtasidagi qurolli mojarolarda 13 mingdan ortiq odam halok bo‘lgan.

Rossiya tomoni Ukrainaning ayblovlarini tan olmaydi va Donbassdagi harbiy harakatlarda ishtirok etish uchun rossiyalik harbiylar yuborilayotgani hamda ayirmachilarga qurol-yarog‘ yetkazib berilayotganini rad etib keladi.

Ko‘proq yangiliklar: