Yuridik va jismoniy shaxslarning yer va mol-mulklari kompensatsiya to‘liq qoplanib bo‘lganidan so‘ng buzilishi qat'iy belgilanadi

O‘zbekiston 15:44 / 05.08.2020 4799

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining joriy yil 5 avgust kuni bo‘lib o‘tgan majlisida deputatlar “O‘zbekiston Respublikasining yangi tahrirdagi Shaharsozlik kodeksi to‘g‘risida”gi qonun loyihasini ikkinchi o‘qishda muhokama qildi.

— Qonun loyihasini ikkinchi o‘qishga tayyorlash jarayonida siyosiy partiyalar fraksiyalari, umuman deputatlarimiz tomonidan uni takomillashtirishga qaratilgan ko‘plab takliflar bildirildi, — deydi Sanoat, qurilish va savdo masalalari qo‘mitasi a'zosi Botir Mardayev. — Xususan, qurilish sohasidagi o‘zgarishlar, sifat va shaffoflikni ta'minlash, korrupsiyaning oldini olish, qurilish materiallariga bo‘lgan talablar hamda xalqaro shaharsozlik qoidalari va normalari, standartlarni tatbiq etishga qaratilgan 50 ga yaqin taklif va fikr-mulohazalar inobatga olindi va loyihada o‘z aksini topdi. Loyihadan havolaki normalar chiqarilib, to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishlaydigan moddalar bilan boyitildi.

— Qonun loyihasidagi muhim yangiliklardan biri bu shaharsozlik faoliyatida aholi punktlari bosh rejalarni ishlab chiqishda jamoatchilik nazoratining joriy qilinayotganidir, — deydi Sanoat, qurilish va savdo masalalari qo‘mitasi a'zosi Aqshagul Tulegenova. — Endilikda fuqarolar o‘zi yashaydigan shahar yoki qishlog‘ining bosh rejasi tasdiqlanishida ishtirok etadi. Bu o‘z navbatida, hududlarda ortiqcha sarf-xarajatlar, noqonuniy qurilmalar, yerlarni o‘zboshimchalik bilan o‘zlashtirishlarning oldini olishga muhim omil bo‘ladi.

Muhokamalar chog‘ida deputatlar qayd etganidek, loyihada belgilanayotgan normalar bilan o‘rnatilayotgan yangiliklar shaharsozlik hujjatlarining to‘g‘ri realizatsiya qilinishiga va ortiqcha mablag‘lar sarflanishining oldini olishga xizmat qiladi.

Kodeksda yer uchastkalarini davlat va jamiyat ehtiyojlari uchun olish va zararni qoplashni ta'minlaydigan moddalar joy olmoqda. Xususan, yuridik va jismoniy shaxslarning yer va mol-mulklari kompensatsiya to‘liq qoplanib bo‘lganidan so‘ng buzilishi qat'iy belgilanmoqda. Xalq vakillarining ta'kidlashicha, mazkur normalar amaliyotda kelib chiqishi mumkin bo‘lgan barcha norozilik va shikoyatlarning oldini olishga imkon beradi.

Deputatlarning fikricha, Kodeksning yangi tahrirda qabul qilinishi qurilish va rekonstruksiya ishlarini sifatli olib borish, tizimni elektronlashtirish, eng zamonaviy, ilg‘or texnologiyalar va energiya tejovchi qurilish materiallarini qo‘llash, aholi punktlarining arxitektura qiyofasini yaxshilash, eng asosiysi odamlar turmush darajasini oshirishga xizmat qiladi.

Qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda qabul qilindi.

Ko‘proq yangiliklar: