Rossiyaning eng boy tadbirkori o‘zgardi

Jahon 21:35 / 05.08.2020 65091

Forbes Real-Time reytingi ma'lumotlariga ko‘ra, 5 avgust holatiga Dog‘istonlik senator Suleyman Kerimovning boyligi 24,7 milliard dollarga yetgan. Natijada u 24,6 milliard dollarga ega Vladimir Potanindan o‘zib, peshqadamga aylangan. Ro‘yxatning uchinchi pog‘onasida 21,9 milliard dollarga ega Vladimir Lisin turibdi.

Kerimovlar oilasi tarixda ilk marotaba Forbes reytingining eng yuqori cho‘qqisiga chiqib olmoqda. Ularning boyligini asosiy qismini Rossiyadagi eng yirik oltin qazib oluvchi «Polyus» kompaniyasi aksiyalari tashkil qiladi. Ularning 76,8 foizi senatorning o‘g‘li Said Kerimovga tegishli. Uning qo‘lidagi aksiyalar hozirgi kunda 25,6 milliard dollarga baholanyapti. Ammo Kerimovning boshqa aktivlari va qarzlari ham bor. Shu tufayli, uning boyligi 24,7 milliard dollarga baholangan.

Saiddan (1995 yilda tug‘ilgan) boshqa Suleyman Kerimovning yana ikki nafar farzandi bor — Gulnora (1990) va Amina (2003). 

Kerimovlar oilasining Forbes reytingi yuqori cho‘qqisiga chiqishiga «Polyus» aksiyalari narxining keskin ko‘tarilishi sabab bo‘lgan. 5 avgust kungi savdolarda qimmatli qog‘ozlarning qiymati 4 foizga oshgan va har birining narxi 18130 rublga yetgan. Yil boshidan hisoblaganda esa kompaniya deyarli 2,5 barobar qimmatlagan. Bu davr mobaynida oltin 34 foizga qimmatlab, troy unsiyasining narxi 1521 dollardan 2043 dollarga ko‘tarilgan.

O‘tgan oyda Forbes rossiyalik tadbirkorlar orasida Kerimovlar oilasi yil boshidan beri eng ko‘p boyiganini, ularning boyligi 10 milliard dollardan 18 milliard dollarga yetganini qayd qilgan edi. Hozirgi vaqtda esa bu qiymat 14,7 milliard dollar ekani oydinlashdi.

Ko‘proq yangiliklar: