Qonunchilik palatasi va Senat kelishmovchiligiga sabab bo‘lgan qonun Senatga qayta yuborildi

O‘zbekiston 21:18 / 05.08.2020 9026

Bugun, 5 avgust kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Qonunchilik palatasi saytida ma'lum qilindi.

Yig‘ilish davomida «Xalqaro tijorat arbitraji to‘g‘risida»gi qonun ham deputatlar tomonidan muhokama qilingan. 

Bungacha ushbu qonun 2019 yil 24 oktabr kuni qabul qilinib, Oliy Majlis Senatiga yuborilgan edi. Ammo u Senatning 2020 yil 28 fevraldagi Qarori bilan rad etilgan. Shundan keyin yuzaga kelgan kelishmovchiliklarni bartaraf etish maqsadida ikkala palata o‘rtasida kelishuv komissiyasi tuzilgan edi.

«Komissiya tomonidan bildirilgan fikr va e'tirozlar ko‘rib chiqilib, qonun qayta tahrir qilindi va shu bois, u xalq vakillarining qayta muhokamasiga qo‘yildi.

Nizo yuzasidan ikki taraf uchun maqbul bo‘lgan to‘xtamga kelish hamda o‘zaro hurmatga asoslangan munosabatlarini saqlab qolish, sud orqali nizolashishdan ko‘ra qulay va kamxarj hisoblanadi. Rivojlangan davlatlar tajribasida muammo va nizolarni ana shu muqobil usullar ya'ni, sudgacha hal etish bo‘yicha joriy etilgan zamonaviy mexanizmlar yaxshi samara berayotganligini xalqaro amaliyot ko‘rsatib turibdi.

Muhokamalarda qonunning ayrim moddalari o‘zgarishsiz qoldirilgan bo‘lsa, uning xalqaro amaliyotdagi mavjud bo‘lgan, umum e'tirof etilgan tamoyillarni ifodalovchi, arbitrlar va arbitraj sud ishini yurituvi boshqa ishtirokchilarining immuniteti to‘g‘risidagi hamda arbitraj ish yurituvida vakillik to‘g‘risidagi kabi moddalar bilan to‘ldirildi. Shuningdek, qonunning ba'zi moddalariga tegishli aniqlik kiritildi», – deyiladi xabarda. 

Shundan so‘ng qonun kelishuv komissiyasi tomonidan taklif qilingan tahrirda qabul qilingan va Senatga yuborishi belgilangan.

Eslatib o‘tamiz, qonun O‘zbekistonda nizolarni muqobil hal qilish usuli hisoblanuvchi va ommaviy ahamiyatga ega bo‘lgan funksiyani amalga oshiruvchi fuqarolik jamiyatining muhim instituti sifatida arbitraj muhokamasi institutini rivojlantirish, tashqi iqtisodiy faoliyat sohasidagi tadbirkorlik sub'yektlarining huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish uchun huquqiy shart-sharoitlar yaratish, tashqi iqtisodiy shartnomalardan kelib chiqadigan nizolarni ko‘rishda muddatlar va xo‘jalik yurituvchi sub'yektlar xarajatlari qisqartirilishini ta'minlash maqsadiga xizmat qiladi.

Ma'lumot uchun, Xalqaro tijorat arbitraj (hakamlik) sudi O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasining 2011 yil 1 fevraldagi qaroriga asosan tashkil qilingan va 2011 yil 15 fevralda adliya organida hisob ro‘yxatidan o‘tkazilgan.

U o‘z faoliyatini «O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi to‘g‘risida», «Hakamlik sudlari to‘g‘risida»gi qonunlari, reglament va nizomga muvofiq amalga oshiradi.

Ko‘proq yangiliklar: