Davlat-xususiy sheriklikni kengaytirish borasidagi ishlar keskin tanqid qilindi

O‘zbekiston 20:15 / 05.08.2020 11329

Budjetga yukni kamaytirish va yirik loyihalarga xususiy sektorni jalb etish maqsadida 2018 yili Davlat-xususiy sheriklik agentligi tashkil etilgan edi, bu borada alohida qonun va 10dan ortiq qarorlar qabul qilindi.

Shunga qaramasdan, hozirgi kunga qadar energetika, tibbiyot, kommunal xo‘jalik sohalarida hammasi bo‘lib bor-yo‘g‘i 9 ta yirik davlat-xususiy sheriklik loyihalari imzolangan. Bu ko‘rsatkich juda ham past, dedi davlatimiz rahbari.

Elektr energiyasi va tabiiy gazni iste'molchilarga sotishda davlat-xususiy sheriklikni joriy etish topshirig‘i berildi. Faqat shu orqali ishlab chiqaruvchilar va sotuvchilar o‘rtasida raqobatni ta'minlab, tannarx va yo‘qotishlarni kamaytirish mumkin. 

Prezident Shavkat Mirziyoyev sog‘liqni saqlash sohasida 270 million dollarlik 14ta loyihalarni jadallashtirishni tayinladi.

Ikki oy muddatda Qoraqalpog‘iston, Xorazm va Toshkentda gemodializ markazlarini tashkil etish bo‘yicha tenderlarni yakunlash vazifasi qo‘yildi. Ushbu loyihalar doirasida yiliga 1 100 bemorning umrini 10 yilga uzaytirish imkoni yaratiladi. Gemodializ xarajatlari uchun budjetdan yiliga 100 milliard so‘m ajratiladi.

Mamlakatimizda har yili 20 mingdan ziyod onkologik bemor ro‘yxatga olinadi. Mutasaddilarga yil yakuniga qadar 2ta radioterapiya markazini davlat-xususiy sheriklik asosida tashkil etish topshirig‘i berildi. Shuningdek, yil yakuniga qadar Nurafshon shahrida «qurish – boshqarish – topshirish» prinsipi asosida 1 ming o‘rinli ko‘p tarmoqli klinik shifoxona tashkil etish bo‘yicha loyiha hujjatlari ishlab chiqish yuklatildi.

Xalqaro ekspertlarning tahliliga ko‘ra, O‘zbekistondagi mavjud aeroportlarni modernizatsiya qilish uchun o‘rtacha 800 million dollar talab etiladi. Shu munosabat bilan, Jahon banki bilan birgalikda Toshkent, Buxoro, Farg‘ona va Urganch aeroportlarini «paket prinsipi» (zarar bilan ishlayotgan havo portlarini foyda keltirayotganlari bilan sheriklikka berish) asosida sheriklikka berish bo‘yicha texnik topshiriqlar ishlab chiqish vazifasi yuklatildi.  

Kommunal xo‘jalik sohasidagi loyihalar ham sinchiklab ko‘rib chiqildi. Tarmoqda islohotlar deyarli ko‘rinmayotgani, bu borada sustkashlikka yo‘l qo‘yilayotgani ko‘rsatib o‘tildi.

Hozirgi kunda 31ta yirik va o‘rta shaharlar, 156ta tuman markazlarining kanalizatsiya tizimini qurish hamda modernizatsiya qilish vazifasi turibdi. Kanalizatsiya tizimi Qarshida 45 foiz, Andijonda 37, Nukusda 30, Namanganda 10 foizga ta'minlangan.

Faqat 18ta yirik va o‘rta shahar uchun xalqaro moliya tashkilotlarining 912 million dollari jalb qilingan. Hisob-kitobga ko‘ra, barcha kanalizatsiya loyihalari uchun 2 milliard 600 million dollar talab qilinadi. Xususiy sheriklar bilan birgalikdagi shahar kanalizatsiyasi modernizatsiyasi ham budjetga yengillik bo‘ladi, ham xizmat sifati yaxshilanadi.

Undan tashqari, Buxoro, Namangan va Nukus shaharlari issiqlik ta'minotini sheriklikka berish modellari bo‘yicha takliflar kiritiladi.

Bosh vazir o‘rinbosarlari Jamshid Qo‘chqorov va Sardor Umurzoqovlarga har chorakda davlat-xususiy sheriklikdagi barcha loyihalarning ijrosini muhokama qilib, zarur choralarni belgilab borish vazifasi yuklatildi.

Keskin tanqidiy ruhda o‘tgan taqdimot yakunida mutasaddilarga muhokama qilingan ishlarni tashkil etish bo‘yicha aniq ko‘rsatmalar berildi.

Davlat-xususiy sheriklik bilan bog‘liq masalalar Prezidentimizning shaxsiy nazoratida bo‘lishi qayd etildi.

Ushbu yo‘nalishda olib borilayotgan ishlarning borishi xususida yaqin kunlarda mas'ullar davlatimiz rahbari huzurida tanqidiy-tahliliy hisobot berishlari belgilandi.

Ko‘proq yangiliklar: