«Bojxonada ovoragarchilik, imtiyozlar hanuz qonuniylashtirilmagan» – kislorod konsentratorlarini import qilayotganlar mavjud muammolar haqida 

O‘zbekiston 11:50 / 04.08.2020 7785

20 iyul kuni Shavkat Mirziyoyev O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasiga qarshi kurash borasida olib borilayotgan ishlarning chuqur tanqidiy tahliliga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida kislorod konsentratorlarini O‘zbekistonga olib kelish uchun maxsus samolyot ajratish haqida ko‘rsatma bergandi.

«Chet davlatlarda o‘pka yallig‘langan har bir bemor uchun zudlik bilan kislorod konsentratorlariga maxsus niqoblar kiygizish orqali havo olishini yengillashtirib, qo‘liga pulsoksimetr taqilmoqda va bu bilan bemorning nafas yetishmovchiligi bartaraf qilinmoqda. Buning uchun, agar kerak bo‘lsa, maxsus samolyot ajratilishi, tadbirkorlar tomonidan kislorod konsentratorlarini O‘zbekistonga olib kirish tartib-taomillarini yengillashtirish choralari ko‘rilishi lozim», degandi prezident.

Shundan keyin Vazirlar Mahkamasining qarori bilan O‘zbekistonga dori vositalari va tibbiy buyumlarni, jumladan, kislorod konsentratorlarini import qilish jarayoni soddalashtirildi.

Lekin Kun.uz tahririyatiga murojaat etgan xayriya tashkilotlari va tadbirkorlar kislorod konsentratorlari importi hamon qiyinchilik bilan kechayotganidan shikoyat qilishdi.

Husan Radjamatov, BRIKET PLUS MCHJ xodimi:

«Aeroportda shartnoma tuzish uchun bir kun ketdi, chunki shartnoma tuzish bo‘limida ertaga kelishni so‘rashdi, go‘yo o‘sha kuni shartnoma tuzish imkoni yo‘qdek. Yo‘qotilgan vaqt mobaynida qancha odamning hayotini saqlab qolish mumkin, axir. Bojxonada esa kislorod konsentratorlari uchun bojxona to‘lovlarini donada emas, kilogrammda hisoblashdi. Bazaviy hisoblash narxini esa baland belgilashdi negadir. Holbuki, pastroq belgilash ham mumkin edi. Oqibatda biz olib kelgan bu tovarning yakuniy narxi oshdi.

Pulsoksimetrlarni bojxona nazoratidan mustaqil muomalaga chiqarish uchun gigiyenik sertifikat zarur ekan. Mazkur tibbiy apparat saturatsiya va pulsni o‘lchaydi. Gigiyenik sertifikat nega kerak unga, tushunmadik. Keyin, negadir bojxona rasmiylashtiruvi uchun 0,2 foiz emas, 1,2 foiz olish ko‘zda tutilibdi. Apparatlarimiz avvalida bojxonada turib qoldi, faqatgina Kun.uz sayti muxbiri hamda Bojxona qo‘mitasidan Nurbek aka Salomovning aralashuvi bilan biz mahsulotimizni bojxonadan tez fursatda chiqarib olishimiz mumkin bo‘ldi.

Pandemiya paytida kislorod konsentratori va pulsoksimetrlarning bojxona rasmiylashtiruvini amalga oshirishda QQSni olib tashlash lozim. Nafaqat bojxona rasmiylashtiruvi paytida, balki realizatsiya paytida ham soliq undirilmasligi kerak, chunki bu oxir-oqibat ushbu tovarlarni sotib olayotgan, uyida bemor saqlayotgan oilalar uchun qo‘shimcha xarajatlarni keltirib chiqaradi».

Komoliddin Ikromov, tadbirkor, O‘zbekiston agrobiznes assotsiatsiyasi hammuassisi va rahbari:

«Boshidan aytib beray. Pandemiya kuchayib, odamlar kislorod konsentratorlarini izlab qolganini ko‘rib, biz tadbirkorlar va xayriya tashkilotlari birlashdik, ezgu maqsadda shu apparatlarni chet eldan olib kelishni maqsad qildik. Vazifalarni o‘zaro bo‘lib oldik: kimdir texnika qiymatini, kimdir yo‘lkirani, kimdir olib kelishni, volontyorlar esa apparatlarni kerakli joylarga yetkazib berishni zimmasiga oldi.

Komoliddin Ikromov

Avvalo Xitoyda kislorod konsentratorlarini xarid qilishda nimalarga e'tibor qaratish kerakligini aytay:

  • kislorod konsentratorlarini ishlab chiqaradigan korxona «oq ro‘yxat»da ekanligiga e'tibor qilish kerak. Yana ham yaxshiroq bo‘ladi, agarda korxona CE – Yevropa sertifikati yoki FDA – Amerika oziq-ovqat va dori-darmon xafvsizligi agentligi sertifikatiga ega bo‘lsa. Ya'ni korxona yaxshi mahsulot ishlab chiqarishiga, mahsuloti taqiqqa uchramaganligiga amin bo‘lishingiz kerak;
  • mahsulotni tekshirib olish kerak, sifatsiz mahsulot qo‘shilib qolmasin;
  • Xitoyda hujjatlarni tayyorlab beradigan brokerlar bor, ularga ketadigan xarajatlarni ham hisobga olish kerak.

Endi duch kelgan mummolarimiz va ularning yechimlari haqida:

  • Mahsulotni samolyotga yuklash, vatanimizga jo‘natishimiz muammoli bo‘ldi. Xususan, keyingi reysni kutib qoldik. Shu bois qo‘shimcha reyslar qo‘yilsa ayni muddao bo‘lardi. Va bunda samolyot to‘lmay qolishini ham muammo deb bilmasligimiz kerak, zero bu apparatlar bemorlar uchun hozirda hayot-mamot masalasi.
  • Bojxonada kislorod konsentratorlarimiz QQSga tortilishini aytishdi. Surishtirsak, kislorod konsentratori soliqdan ozod qilingan tibbiy texnikalar ro‘yxatiga kiritilmagan ekan, holbuki kiritilishi kerak edi. Faqatgina OAV va Bojxona qo‘mitasi mansabdoriga murojaatimizdan so‘ng QQSni to‘lashni 120 kunga kechiktirishdi. Shu o‘rinda ta'kidlash lozimki, bunday kechiktirish masalani hal etmaydi – mahsulotni sotish paytida QQS baribir iste'molchining gardaniga tushadi. Pandemiya paytida esa bu to‘g‘ri bo‘lmaydi.

Kislorod konsentratorlarini hozirda qancha ko‘p olib kelsak, shuncha yaxshi: bemori bor oilalarga ko‘proq yetib boradi, sotuvdagi narxi tushadi, moddiy imkoniyati yuqori bo‘lmagan toifa ham xarid qila oladi. Bizning jamoa birinchi safar 1000 dona kislorod konsentratori olib keltirdik, 200 donasini xayriya tarzida xayriya tashkilotlariga hamda viloyatlarga jo‘natdik. Yana 1000 dona olib kelishni rejalashtirmoqdamiz.

Tadbirkorlarga qarata yana shuni aytmoqchimizki, birlashib harakat qilmoq kerak, shunda qiyinchiliklar kamroq bo‘ladi». 

Ko‘proq yangiliklar: