Otabek Nazirov: «Rivojlangan mamlakatlardagi kabi kapital bozorini yaratish uchun O‘zbekistonga 5 yil kerak»

Jamiyat 20:56 / 05.06.2020 3963

Kapital bozorini rivojlantirish agentligi direktori Otabek Nazirov «Amerika ovozi»ga intervyusida kapital bozorini rivojlanishi oldidagi to‘siqlar, kompaniyalarning IPO tashkil qilishi (fond birjasiga qo‘shilishi) qanchalik osonligi va boshqa masalalar yuzasidan turli savollarga javob berdi.

Rivojlangan mamlakatlardagi kabi kapital bozorini yaratish uchun O‘zbekistonga yana qancha vaqt kerak?

– Menimcha, kamida 5 yil vaqt kerak.

Besh yilni ko‘pchilik optimistik qarash deb hisoblashi mumkin.

– Agar biz fundamentini mahkam, qoidalarini to‘g‘ri qilib, qura olsak, tezroq ham o‘sish mumkin. Agar boshidan fundament, qoidalarni to‘g‘ri qilolmasak, yagona siyosat orqali hamma komponentlarni rivojlantira olmasak, ana shunda qiynalamiz. Ana shunda 10 yilda ham, 20 yilda ham bo‘lolmaydi.

Chunki shu paytgacha 30 yilda bo‘lmadi.

– Afsuski, 30 yilda bo‘lmadi. To‘g‘ri aytasiz.

Maqsadlardan biri nafaqat mahalliy ishtirokchilar, balki xalqaro investorlar uchun bozor yaratish. Chunki ko‘plab kompaniyalarga xorijdan investorlar kirishi muhim. Aytganingizdek, nafaqat bank krediti orqali, balki aksiyalar, boshqa moliyaviy mahsulotlarni sotish orqali O‘zbekiston bozori, iqtisodiyoti uchun investor yig‘ish. Bunda muhim masalalardan biri – ishonch. Ya'ni O‘zbekistonda nafaqat bozorning, balki iqtisodiyotda to‘g‘ri, adolatli qoidalar asosida ishlashiga ishonch. Masalan, mol-mulk daxlsizligi va himoyasi. Bu agentlik faoliyatiga qanchalik bog‘liq bilmadim. Mana shu masalalarda nimalar qilish kerak? Ya'ni ishonchni oshirish uchun qonunchilikni yaratishning o‘zi kifoya qiladimi? Nimalar qilish kerak deb o‘ylaysiz?

– Hozirgi olib borilayotgan siyosat to‘g‘ri yo‘lda ketyapti. Muhtaram prezidentimiz ham har doim yig‘ilishlarda asosiy kuchlarini qaratyaptilar. Bu adolat. Davlatimizda, davlat idoralarida adolat degan narsa kerak. Agar adolat bo‘lmasa, bu - korrupsiyaning eng asosiy yo‘llari. Buning uchun bizga mustaqil sudyalar kerak. Biznes mojarolar bo‘lgan paytda sudyalar adolatli qarorlarni chiqarishi uchun. Bu menimcha bizning eng asosiy muammomiz. Unga ko‘proq ahamiyat berib, ustida ishlashimiz kerak.

Xoh mahalliy, xoh xalqaro investorlar shunday qonunbuzarlik holatlariga uchraganida agentlik, besh yil ichida ehtimol paydo bo‘ladigan nazorat qiladigan yangi idoraning bu muammolarni hal qilishda yoki investorlarni himoya qilishda roli bo‘ladimi?

– Bilasizmi, bunday kamchiliklarimiz juda ham ko‘p va bo‘lgan ham. Lekin umumiy ko‘rib, trendimiz qanday bo‘ladi desangiz, menimcha trendimiz to‘g‘ri yo‘lda ketyapti. Mana o‘zimizning agentligimizning ichida, hozir ham shunaqa hukmimiz bor. 2019 yilda fuqarolardan 5 yuzdan ko‘p murojaat kelgan. Ularning divident olish bo‘yicha muammolari bo‘lgan. Agentligimiz bu murojaatlarni olib, o‘rganib, sanksiya, “predpisaniye” degan narsa bo‘ladi, ularga murojaat qilib, muammolarni yechishga harakat qilganmiz. Bo‘lmagan payti prokuraturaga topshirib, ular orqali ham muammolarni yechishga harakat qilganmiz. Yoki sudyalar orqali. Bizga shunday vakolat berilgan, uni ham ishlatganmiz. Fuqarolarga 8 milliard so‘mdan ko‘p dividend to‘lanishida fuqarolarga yordam berdik. Bu yil birinchi chorakning o‘zida dividend masalasi bo‘yicha uch yuztadan ko‘p murojaat keldi. Biz aksiyadorlik jamiyatlaridan 2,8 milliard so‘m dividend undirdik. Mana shunday yutuqlar bo‘lyapti. Menimcha bu demonstratsion ma'lumot. Fuqarolar ham agentlik ularga yordam berayotganini ko‘rsa, hukumatga ishonch ham oshadi.

Otabek Nazirov O‘zbekiston IPO qoidalarini o‘zgartirish bo‘yicha AQSh bilan hamkorlikda yangi qonun ustida ishlayotgani haqida ham aytib o‘tgan.

Hozir O‘zbekistonda biror bir kompaniya aynan kapital bozori orqali mablag‘ yig‘ishni xohlasa, ya'ni aksiyalar sotishni niyat qilsa, masalan, xorijda IPO deyiladi, mana shunday bir bozor mavjudmi, bu jarayon hozir qanday va uning qanchalik soddalashtirilishi kutilyapti?

– O‘zbekiston qonunchiligi tarafidan ko‘rib chiqsangiz, IPO jarayoni judayam qiyin. Chunki oldingi vaqtda yozilgan qonunchilik davlat korxonalarining IPO’siga bog‘langan edi. O‘zingiz tasavvur qiling, agar davlat korxonasi IPO qilayotgan bo‘lsa, ularning talablari juda ham qattiq bo‘lardi. Bir misol aytaman, IPO vaqtida bir fuqaroning qo‘liga 1 foizdan ortiq aksiya sotilmasligi. Shunday qoida bor. Bundan tashqari, qonunning ichida brokerlarga talab qo‘yilgan. IPO qilinayotgan vaqtda kim sizga talabnoma beradigan bo‘lsa, ularning hammasiga qimmatli qog‘ozni sotishingiz shart. Bozorga teng bo‘lmagan shunday qoidalar bor. Misol uchun, Nyu-York yoki Londonda IPO qilinayotgan vaqtda vositachi invest banklar bor. Kimga, qanaqa narxdan sotilishini ular hal qiladi. Ko‘proq erkinlik bor. Misol uchun, shu qoidani o‘zgartiramiz desak, qonunchilikka o‘zgartirish kiritishimiz kerak. Bunga ham kamida bir yil vaqt ketadi.

Shu qoidalarni o‘zgartirish rejada bormi?

– Bor. Hozir yangi qonun ustida ish ketyapti. Kapital borzorining regulyatorlik tarafidan yangi qonun ustida ish ketyapti. Bunda AQShning Qimmatli qog‘ozlar komissiyasi, davlat departamenti, Amerika Moliya vazirligi bilan birga hozir buning ustida ish ketyapti. Reja bo‘yicha yilning oxirigacha bir yangi, yagona qonun ishlab chiqishimiz kerak. Eski qonunlarning o‘rniga yangi qonunlar taklifini kiritmoqchimiz.

O‘zbekistonda oddiy fuqarolar, ya'ni yuridik shaxs bo‘lmagan jismoniy shaxslar davlat obligatsiyalari yoki davlat korxonalari, xususiy kompaniya aksiyalarini sotib olishi mumkinmi? Bu bo‘yicha vaziyat qanday va mazkur masalada ham o‘zgarishlar kutilyaptimi?

Afsuski, O‘zbekiston fuqarolari davlat obligatsiyalarini sotib ololmaydi. Bunga to‘siq bor. Buning regulyatorlari Moliya vazirligi bilan Markaziy bank. Shuning uchun balki bu savolni ulardan so‘rasangiz, bunday qoida nima uchun belgilanganini tushuntirib berishlari mumkin. Afsus, bu bizning qo‘limizda emas. Qolgan korporativ obligatsiyalarni sotib olish mumkin. Lekin korporativ obligatsiyalarni chiqarman desangiz, ularda ko‘p to‘siqlar bo‘lgan edi. Hozir mana xudo xohlasa, iyun oyining o‘rtasida Senatga qonun o‘zgartirishlar kiritilgan. Korporativ obligatsiyalarni chiqarish uchun ko‘proq erkinliklar berganmiz. Ko‘plab kerak bo‘lmagan qoidalarni olib tashlab, investorlar va korxonalar o‘zaro kelishib, qoidalar, masalarni kelishib, orqali pulni, obligatsiyani jalb qilib, obligatsiyalar chiqarish hisoblanadi.

To‘liq suhbatni «Amerika ovozi»ning Youtube’dagi sahifasi orqali tomosha qilish mumkin.

Ko‘proq yangiliklar: