Pro-liga yangi formatda o‘tkaziladi. Chempionat iyul oyidan start olishi rejalashtirilgan

Sport 16:00 / 04.06.2020 2855

O‘zbekiston professional futbol ligasi Pro-liga klublari rahbar va bosh murabbiylari ishtirokida videokonferensiya o‘tkazib, chempionat bahslarini qaysi format va qachondan boshlashni aniqlab oldi.

Tribuna.uz manbasining xabar berishicha, nufuzi bo‘yicha Superligadan keyingi o‘rinda turuvchi Pro-liga bahslari iyul oyidan start olishi kutilmoqda. O‘zbekiston kubogi bahslari esa Pro-liga klublari uchun 23 va 28 iyun kuni o‘tkazilishi rejalashtirilmoqda. PFL tez orada chempionat o‘yinlarining yangi taqvimini e'lon qiladi.

Videokonferensiyada 8 jamoadan iborat turnir dastlab 2 davrada o‘tkazilib, 14 o‘yindan keyin turnir jadvalidagi o‘rinlarga qarab ikki guruhga – Superligaga chiqish uchun kurashadigan 1-4-o‘rinlar va ligada qolish uchun kurashadigan 5-8-o‘rinlar o‘rtasida bo‘linishi haqida kelishildi. Ushbu ikki guruhda ham o‘yinlar 2 davrali tizimida o‘tadi. Pro-ligada 1-o‘rinni olgan jamoa to‘g‘ridan-to‘g‘ri Superligaga chiqsa, 2-o‘rindagi klub Superligada 13-o‘rinni egallagan jamoa bilan pley-off bahsini o‘z maydonida o‘tkazadi.

Ma'lumot uchun, Pro-liga-2020 turnirida «Dinamo» (Samarqand), «Neftchi» (Farg‘ona), «Istiqlol» (Farg‘ona), «Turon» (Yaypan), «Xorazm» (Urganch), «Sho‘rtan» (G‘uzor), «Zomin» (Zomin), «Oqtepa» (Toshkent) klublari ishtirok etishadi.

Eslatib o‘tamiz, Pro-liga 1-tur uchrashuvlari 17 mart kuni start olishi lozim edi. Unga ko‘ra, dastlabki tur bahslari quyidagicha ko‘rinish olgandi:

Pro-liga-2020. 1-tur.
«Neftchi» - «Dinamo»
«Xorazm» - «Turon»
«Oqtepa» - «Zomin»
«Sho‘rtan» - «Istiqlol».

Ko‘proq yangiliklar: