Gvardiola uchun pazl. «Barselona» futbolchisi yechim bo‘la oladimi?

Sport 12:55 / 03.06.2020 6945

Futbol rivojiga ulkan hissa qo‘shgan buyuk murabbiy xuddi baliqchi chivin chaqqan joyini qashlayotgandek, qanot himoyasini tinch qo‘ymaydi. Doim emas, asosiy mashg‘ulotdan chalg‘imaslik kerak, lekin juda g‘azab bilan, samarasiz...

«Manchester Siti»ning yangi nishoni - Nelson Semedu. So‘nggi kunlarda bu yangilik haqida Kataloniyadagi ikki nashr - Mundo Deportivo va Sport yozdi. Vaziyat chalkash, muzokaralarga yana «Siti»ning o‘ng qanot himoyachisi Joau Kanselu ham qo‘shilishi mumkin, zero har ikki futbolchining agenti Jorjye Mendesh hisoblanadi. Agar futbolchi almashtirilsa, kim yutadi, kim ustiga pul qo‘shib beradi. bu ham noma'lum, lekin manchesterliklar Semeduni sotib olib, Kanseluni ham saqlab qolishlari varianti ham bor.

Endi qarang, Gvardiola Angliyaga kelganidan buyon, klub qanot himoyachilari uchun 218 million sarflab qo‘ydi. Bu boshqa ampluaga ishlatilgan summalardan ko‘proq. Hatto hozirda ancha qimmatbaho sanaladigan vingerlar uchun ham bu qadar katta pul ketmagan. Mana ruyxat: Zinchenko 2 million, Danilo 30 million, Uoker 52 million, Mendi 57 million, Anxelino 12 million, Kanselu 65 million - vaziyat esa bunday: hali ham jamoaga qanot himoyachilari zarur.

Qanot himoyachilari shunchalik muhimmi?

Foto: Alex Livesey — Danehouse/Getty Images

Agar tarixga nazar tashlasak, 2008 yilda Gvardiola «Barselona» boshqaruvini qo‘lga olganida, qanot himoyachilarining roli boshqa pozitsiyalarga nisbatan ko‘proq oshgandi. Pepning baxtiga jamoa tarkibida Dani Alvesh kabi o‘ziga xos futbolchi bor edi. Alvesh nafaqat tezkor va yuqori texnika sohibi, balki kreativ ham edi. Gvardiola bilan o‘tgan to‘rt yil davomida Dani Alvesh har mavsumda 10tadan ko‘p golli uzatma amalga oshirdi va qanot himoyachilari uchun standartlarni ancha yuqoriga ko‘tardi. Pep o‘shanda Alveshning hujumkorlik qobiliyatidan maksimal ravishda foydalangan bo‘lsada, uning keyingi jamoalardagi ishlaridan ko‘rinadiki, bunday tipdagi himoyachilar uning formati emas.

«Bavariya»da qanotlarda Rafinya va Alaba, biroz vaqt Lam va Dante harakat qildi. Ha, ikkinchi diviziondagi Kimmixning iqtidorini ham aynan Gvardiola payqagan va «Bavariya»ga taklif qilgandi. Ammo markaziy himoyachi sifatida. Germaniyadagi uch yilda birorta qanot himoyachisi 7tadan ko‘p assist amalga oshira olmadi, Angliyada esa, 2017/18 yilgi mavsumdagi Uokerning ko‘rsatkichi (6) rekord bo‘lib turibdi. Top klub uchun yomon emas, lekin u qadar fantastik ham emas. Sababi, Gvardiola futbolida qanot himoyachilari boshqa vazifalar bilan shug‘ullanishadi.

«Manchester Siti» vingerlari juda keng o‘ynashadi va qanotni egallab olishadi. «Sakkizlik» futbolchilar eng aqlli sanaladilar va ularda erkinlik ko‘p, odatda tez-tez qanotga o‘tib turishadi. Bu harakatlar esa, markazda bo‘shliqlar yuzaga keltiradiki, bu qanot himoyachilari yordamida yopilishi lozim.

Sodda futbol o‘ynash eng qiyini, deganda bir paytlar Yoxan Kroyf. Gvardiola uslubida qanot himoyachilariga eng og‘ir vazifa yuklatiladi va ular bir qator taktik ko‘rsatmalarni bexato bajarishlari kerak.

O‘yin boshlashda, agar raqib har ikki markaziy himoyasiga pressing uyushtirsa, qanot himoyachilaridan biri orqada qoladi va uchta markaziy himoyachiga aylaniladi. Ikkinchi qanot himoyachisi esa, oldinroqqa chiqadi, lekin markazga yaqinlashishi kerak, chunki to‘pni oldinga yo‘naltirishda u «sakkizliklar»ning o‘rnini egallashga tayyor bo‘lishi talab etiladi. Keyingi fazada, har ikki himoyachi tayanch zonasidan o‘rin oladi va endi, «Siti»ning sxemasi 2-3-5ga aylanadi. Nihoyat uchinchi faza - hujum tashkil etishda, qanot himoyachisi vinger yoki «sakkizlik» bilan kreativ tarzda bog‘liq harakat qilishi, ya'ni to‘psiz harakatlar orqali, himoyachilarni ergashtirib, sherigiga zonalar ochib berishi kerak. Va tabiiyki, to‘p uzatishga ham usta bo‘lsin.

Bu juda keng talablar ro‘yxati. Gvardiola uchun ideal fulbek vaziyatga qarab bir necha amplua funksiyalariga ega bo‘lishi talab etiladi. Undan faqat tezlik va texnika emas, yuksak o‘yin intellekti, vaziyatga qarab, eng to‘g‘ri qarorni bera olish qobiliyati talab qilinadi. Shu bilan birga, yuqori pas madaniyati ham muhim, kerak bo‘lganda tayanch yarim himoyachisi roliga kiradigan himoyachi hujumlarni boshlash, qisqa va o‘rta masofalarga paslar berishda xato qilmasligi kerak. 

«Siti» himoyachilariga nima yetishmaydi?

Foto: Victoria Haydn/Manchester City FC via Getty Images

Hozirda «Manchester Siti» ixtiyoridagi fulbeklar, juda ko‘p murabbiylar uchun yetarli bo‘lardi. Ammo Gvardiolaga emas, chunki bu futbolchilar yuqorida tilga olingan talablarning hammasiga javob bera olishmaydi. Mendi hujumda yaxshi, lekin pozitsion o‘ynashda ko‘p xato qiladi. Sheriklarining harakatlarini baholashga kelganda, uning kamchiliklari ko‘rinib qoladi. Zinchenko - Mendining teskarisi. U to‘psiz harakatlar orqali sheriklarini yaxshi quvvatlaydi, deyarli xato qilmaydi, lekin ba'zida mahorat yetmay qoladi. Shunday bo‘lsa-da, uning mehnatkashligi va aslida klubga juda arzonga tushgani e'tirozlarni yo‘qqa chiqaradi. Zinchenko - chap qanot himoyachisi. 

Kanselu yaxshi texnika va driblingga ega, ammo jamoaviy futbolchi emas. Keyin uning himoyadagi xatolari ham boshqalarnikidan ko‘proq. Hammaning ichida, albatta. Uoker nisbatan eng qoniqarlisi, u «Tottenhem»da o‘ynab yurganida hujumkor, yaxshi uzatma qila oladigan, chidamli futbolchi sifatida o‘zini ko‘rsatgandi. Pep qo‘l ostida esa, o‘yinni o‘qish va nazorat qilish bobida ham o‘sdi. Nisbatan olganda, u har tomonlama berilgan vazifalarni uddalab kelmoqda.

Semedu kerakmi?

Semedu o‘ziga yarasha driblingga ega bo‘lgan tezkor futbolchi. Lekin birga bir aldab o‘tish uchun unga kattaroq zona talab etiladi. O‘z vaqtida hujumga qo‘shiladi va kerakli zonalarni to‘ldiradi. Uning kamchiliklari orasiga u qadar sifatli bo‘lmagan krosslarni aytish mumkin. Jarima maydoniga u qadar ko‘p oshirmaydi va ular ham odatda, u qadar xavfli chiqmaydi. Buning ustiga 26 yoshli futbolchiga hali shu paytgacha Gvardiola darajasiga yaqin bo‘lgan murakkab taktik vazifalar yuklanmagan. Ya'ni, uning jamoadoshlari bilan o‘zaro tushunishi, to‘psiz pozitsiya almashinuvlari Kanselu yoki Mendidan yaxshiroq bo‘ladi, deb aytish mushkul.

Semedu «Manchester Siti»ni kuchaytirib qo‘ymaydi. Shuning o‘zi ham Semeduning jamoaga zarur emasligini ko‘rsatadi. Ammo Gvardiolaning so‘nggi transferlari bu oddiy mantiqni rad qiladi.

Kanseluning transferi ham biroz tushunarsiz bo‘lgandi. U Uokerdan kuchli emas, shunchaki, hujumda ancha agressivroq harakat qiladi, ammo o‘yinni boshlashda muammo ko‘p. Anxelinoning sotib olinishi undan ham tushunarsiz tuyulgan. Qiziq-da, Mahrez zaxirada o‘tiradigan jamoani Anxelino kuchaytirishi mumkinligiga ishonish qiyin edi. Kanselu qishgacha atigi 8 o‘yinda asosiy tarkibda maydonga tushdi, Anxelino esa, ijaraga ketdi. Mana shu o‘xshamagan transferlar Gvardiola hali ham o‘z ko‘nglidagidek fulbeklarni topa olmayotganini isbotlaydi.

Jamoani kuchaytirmaydigan transferlarni amalga oshirish, odatda Gvardiolaga xos emas, lekin so‘nggi yillarda u aynan shu ish bilan shug‘ullanmoqda. Qarorlar emotsional tarzda qabul qilinayotganiga ishonish qiyin. Faqat taxmin qilish mumkinki, Gvardiola turli xarakteristkaga ega bo‘lgan bu himoyachilarni turli taktik vazifalar va o‘yinlar uchun o‘zini sug‘urtalayotganga o‘xshaydi. Umumiy narxi 120 million bo‘lgan Mendi va Kanselu zaxirada o‘tiradi. Lekin «Manchester Siti» uchun bu odatiy hol. Go‘yoki Gvardiola quyi diviziondan Kimmixni, dubldan Busketsni, Rossiyadan Zinchenkoni topib, top futbolchiga aylantirgan murabbiyga o‘xshamayapti. Aksincha, bir burchagi bitmagan pazl uchun kerakli figurasini topa olmay, yana va yana shuning ustida o‘tirayotgan azart o‘yinchini eslatib yuborayotgandek.

Bunday murabbiyga yetarli pulni bersangiz, butun dunyodagi top-fulbeklarni ham bir jamoaga yig‘ib qo‘yishdan ham chekinmaydi. O‘zining murakkab qarashi va tizimi bo‘lgan murabbiylar ba'zida reallikdan chiqib, aynan o‘sha pazlning mahkumiga aylanib qolishadi. Masalan, Diyego Simeonening hujumchilar bilan munosabatini ham eslash mumkin: odatda, ushbu murabbiy qo‘l ostida hujumchilar kam gol ura boshlashadi, vinger yoki «o‘nlik»lar esa, kreativlikni yo‘qotib qo‘yadilar.

Gvardiola esa, qanotlar bilan ovora. Albatta, unda hali Semedu, Chiluell, Berchiche, Tripper va bir-ikki o‘yin uchun de Shiloni sotib olishga ham pul yetarli. Ammo har doim bunday yangilik chiqqanida, «Liverpul»ga tekinga tushgan Trent Aleksander-Arnold esga tushaveradi. Muammoning mana shunday yechimi ham bor.

Ko‘proq yangiliklar: