Respublikadagi bino va inshootlarda energiya tejovchi texnologiyalar joriy etiladi

O‘zbekiston 08:43 / 25.05.2020 1944

Vazirlar Mahkamasining “Respublikadagi bino va inshootlar, ijtimoiy soha va turar joy obektlarida energiya tejovchi texnologiyalar va qayta tiklanuvchi energiya manbalarini keng joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori loyihasi e'lon qilindi.

Qayd etilishicha, energiya samaradorligi va qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirish masalalari bo‘yicha Respublika komissiyasi tomonidan 2020 yilda vazirlik va idoralarning 691 ta bino va inshootlarida fotoelektr stansiyalar va kollektorlar qurilishi, energiya samarador deraza bloklarini, svetodiodli manbalarni o‘z ichiga olgan sensorli datchiklar o‘rnatish bo‘yicha dasturiy ro‘yxatlar tasdiqlanib amalga oshirilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi Energetika vazirligi bilan birgalikda 2021 yil uchun (keyinchalik muntazam ravishda kelgusi yillar uchun) “Ijtimoiy soha obektlarida hamda shahar va qishloqlarda quriladigan namunaviy arzon uy-joylarda qayta tiklanuvchi energiya manbalarini joriy etish manzilli dasturi”ni 2020 yilning 1 dekabriga qadar Vazirlar Mahkamasiga kiritadi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari “Yagona buyurtmachi xizmati” injiniring kompaniyasi Davlat unitar korxonasi bilan birgalikda:

shahar va qishloqlarda quriladigan namunaviy arzon uy-joylarda hamda ijtimoiy soha obektlarini loyihalashtirish va qurilishida zamonaviy qurilish materiallari va energiya tejovchi texnologiyalar, qayta tiklanuvchi energiya manbalarini joriy etilishini ta'minlaydi;

yangidan qurilgan va rekonstruksiya qilingan barcha turdagi bino va inshootlar, ijtimoiy soha, turar joy obektlarini energiya tejovchi texnologiyalar va qayta tiklanuvchi energiya manbalari joriy etilganligini inobatga olib ekspluatatsiyaga qabul qilish tizimini 2021 yil 1 yanvargacha ishlab chiqadi.

Barcha turdagi yangidan qurilgan va rekonstruksiya qilingan bino va inshootlarni ekspluatatsiyaga qabul qilinishida energiya tejovchi texnologiyalar va qayta tiklanuvchi energiya manbalari joriy etilganligi yuzasidan “O‘zenergoinspeksiya” tomonidan majburiy texnik ko‘rikdan o‘tkazish va xulosa berish tartibi belgilab qo‘yiladi.

O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi Moliya vazirligi bilan birgalikda uch oy muddatda “Ijtimoiy soha obektlarida hamda shahar va qishloqlarda quriladigan namunaviy arzon uy-joylarda qayta tiklanuvchi energiya manbalarini joriy etish manzilli dasturi”ni moliyalashtirishda xalqaro moliya institutlarining beg‘araz mablag‘larining jalb etilishini ta'minlaydi.

“O‘zeltexsanoat” va “O‘zsanoatqurilishmateriallari” uyushmalari uch oy muddatda energiya tejovchi texnologiyalar, qurilish materiallari va qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalarini ishlab chiqarishni mahalliylashtirish choralarini ko‘radi.

Ko‘proq yangiliklar: