Faktlarni tekshiramiz: Sarimsoqpiyoz yoki issiq vanna koronavirusdan himoya qila oladimi?

O‘zbekiston 17:12 / 10.03.2020 70222

Quyida taklif qilinayotgan turli usullarni sanab o‘tamiz va ularning samaradorligini mutaxassislar bilan o‘rganib chiqamiz.

1. Sarimsoq

Ijtimoiy tarmoqlarning ko‘plab foydalanuvchilari infeksiyaning oldini olish uchun sarimsoq yeyishni maslahat berishmoqda. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) sarimsoqni ba'zi bir mikroblarga qarshi xususiyatlarga ega sog‘lom oziq-ovqat sifatida tan oladi, ammo uning yangi koronavirusdan himoya qilishiga oid hech qanday dalil yo‘q.

Sarimsoqning o‘zi xavfli emas — hozirgi kungacha uni shifokorlar tavsiyasiga binoan insonlar tomonidan davo chorasi sifatida tanovul qilinadi.

Ammo kimdir shu yoki boshqa «xalqona» tibbiyot profilaktikasini qolgan barcha usullarga nisbatan afzal ko‘rsa va malakali mutaxassislarning tavsiyalariga e'tiborsizlik qilsa, bu sog‘liq uchun xavfli bo‘lishi mumkin. Sabzavot va mevalar salomatlik uchun foydalidir, ammo yangi virus infeksiyasining oldini olishga qodir emas. 

Sarimsoqni ko‘p miqdorda iste'mol qilish o‘z-o‘zidan muammolarga olib kelishi mumkin. Masalan, The South China Morning Post gazetasi bir yarim kilogramm sarimsoq iste'molidan keyin tomoq og‘rig‘i bilan kasalxonaga tushgan ayol haqida xabar berdi.

2. «Sehrli qo‘shimchalar»

YouTube’dagi mashhur bloger Jordan Sazer «mo‘jizaviy mineral qo‘shimchalar»ning (MMS — «miracle mineral supplement») koronavirusdan himoya qilishiga da'vo qilmoqda. 

Ushbu qo‘shimchada xlor dioksidi mavjud. Sazer, boshqa ba'zi inflyuyenserlar singari, «mo‘jizaviy dorini» yangi koronavirus keltirib chiqaradigan kasallik tarqalishidan oldin ham reklama qilgan. Yanvar oyidayoq u tvitterda shunday yozgan: «Xlor dioksidi (MMS) saraton hujayralarini o‘ldirishda samarali vositadir, ammo u koronavirus infeksiyasining oldini olishga ham yordam beradi». 

O‘tgan yili AQShning oziq-ovqat va dorilar ustidan nazorat boshqarmasi (FDA) xlor dioksidining xavfsizligi va samaradorligi tadqiqotlar bilan tasdiqlanmagani va uni iste'mol qilish ko‘ngil aynishi, qusish, diareya va og‘ir suvsizlanish alomatlarini keltirib chiqarishi mumkinligi haqida ogohlantirgan edi. Boshqa mamlakatlardagi nazorat xizmatlari ham FDA fikriga qo‘shilgan.

3. Qo‘l uchun uyda tayyorlangan gel

Dunyo bo‘ylab odamlar sanitariya vositalarini sotib olishmoqda. Ko‘pgina do‘konlarda shu kunlarda zararsizlantiruvchi gel zaxiralari tugab qolmoqda va internetda uy sharoitida gel tayyorlashga oid videolavhalarga qiziqish ortmoqda. 

Biroq, ushbu qo‘lbola gellarning ba'zilari inson terisi uchun mos emas. Do‘konlarda sotiladigan qo‘l gellari tarkibi odatda nafaqat spirtdan(60-70 foiz), balki yumshatuvchi moddalardan tashkil topadi va ular hammada ham mavjud emas.

Ba'zida ushbu retseptlarda spirtli ichimliklardan foydalanish taklif qilinadi, ammo ularning eng o‘tkirlarida ham alkogol miqdori kamdan-kam hollarda 60 foizdan oshadi. 

Bi-bi-si rus xizmatining fan masalalari bo‘yicha muxbiri Nikolay Voronin qo‘lbola antiseptik tayyorlashda spirtning 60 daraja va undan yuqori o‘tkirlikdagi turidan foydalanishni maslahat bermoqda.

4. Kolloid kumush

Amerikalik televizion targ‘ibotchi Jim Beykerning teleshousiga tashrif buyurgan mehmonlardan biri odamlarni koronavirusdan himoyalanish maqsadida kolloid kumushdan foydalanishga chaqirdi. Uning fikricha, kumushning eng mayda zarralari erigan suyuqlik 12 soat ichida koronaviruslarning ayrim turlarini o‘ldiradi. To‘g‘ri, u buning Covid-19’ga aloqasi haqida dalillar yo‘qligini tan oldi. 

Suyuq kumush koronavirusga qarshi kurashda samarali bo‘lishi mumkinligi haqidagi yangiliklar ijtimoiy tarmoqlarda, ayniqsa an'anaviy tibbiyotga shubha bilan qaraydigan jamoalar orasida tarqaldi.

Ushbu vositaning tarafdorlari u turli kasalliklarni davolaydi va antiseptik vazifasini bajaradi, shuningdek immunitet tizimini mustahkamlaydi deb hisoblashadi.

Biroq, AQSh rasmiylari kolloid kumushning foydali xususiyatlari isbotlanmagani haqida ogohlantirmoqda. Bundan tashqari, uning iste'moli jiddiy nojo‘ya ta'sirga olib kelishi mumkin, masalan buyrak funksiyasi yomonlashishi, bezgak va argiriya — teri rangining qaytarib bo‘lmas darajada o‘zgarishi.

Shifokorlar, temir va ruxdan farqli o‘laroq, kumush inson tanasida biror vazifani bajarmaydi, deb hisoblashmoqda. 

Facebook hozirda kolloid kumushning foydalari haqida ba'zi xabarlarni kuzatib, ularda noto‘g‘ri ma'lumotlar mavjudligi haqida ogohlantirmoqda. 

5. «Har 15 daqiqada suv iching»

Facebook’da qandaydir «yaponiyalik shifokorning» virusni og‘izdan yuvib tashlash uchun har 15 daqiqada suv ichish tavsiyasini bergani haqidagi xabar katta muhokamalarga sabab bo‘ldi.

Shifokorlar ushbu maslahatga shubha bilan qarashadi: virus tanaga nafas yo‘llari orqali kiradi. Ammo virus biror kishiga og‘iz orqali yuqsa ham, bu holatda suv ichish naf keltirmaydi. Vaholanki, umuman olganda suv ichishning o‘zi foydali. 

Suv ichishning foydasi ko‘p, ammo suv koronavirusdan himoyalay olmaydi / GETTY IMAGES

6. «Issiq suv iching, issiq vanna qabul qiling va muzqaymoqdan voz keching»

Yana bir keng tarqalgan va Unicef ilova qilingan xabar. Unda koronavirusdan saqlanishda issiq suv yordam berishi aytiladi: «uni iloji boricha ko‘proq ichish kerak, shuningdek quyoshda tez-tez sayr qilish kerak, shu yo‘sinda koronavirus sizga yetib bormayd».

Xuddi shu maqsadda issiq vannalar olish bo‘yicha maslahatlar ham mavjud. 

Unicef xodimi Sharlotta Gornitska deydi: «Yaqinda internetda tarqalgan bir soxta fikrda koronavirus tarqalishining oldini olish chorasi sifatida muzqaymoq va boshqa sovuq taomlardan voz kechishga chaqiriladi va u xuddiki Unicef tomonidan tarqatilgan deb da'vo qilinadi. Bu albatta mutlaqo yolg‘on ma'lumot. Biz gripp virusi yoz vaqtida inson tanasidan tashqarida omon qolmaslini bilamiz, ammo bizga yuqori harorat yangi koronavirusga qanday ta'sir qilishi ma'lum emas». 

«O‘z tanangizni isitish yoki quyoshda toblanish sizni koronavirusdan qutqarmaydi», deydi London gigiyena va tropik tibbiyot maktabi professori Salli Blumfild. Agar virus tanaga kirsa, uni faqat organizm yengishi mumkin.

Bundan tashqari, tashqaridagi harorat oshishi inson tanasi haroratini oshirmaydi.

Ko‘proq yangiliklar: