«Umrimning oxirigacha yetadigan dars bo‘ldi» – Ahmadboyga pul berganlar hikoyasi

O‘zbekiston 19:22 / 29.01.2020 35751

28 yanvar kuni Majburiy ijro byurosining Toshkent viloyati boshqarmasida o‘tgan matbuot anjumanida Ahmadboydan jabrlangan bir guruh fuqarolar ham ishtirok etishdi.

Kun.uz muxbiri ularning ayrimlari bilan suhbatlashdi.

O‘g‘iloy Ahmedova (Sirdaryo viloyati):

– Ahmadboyga hamma pul bergan paytda men ham 16500 dollar bergandim. O‘sha paytdagi ahvolimni tasavvur ham qilolmaysizlar. Unga pul berganlar qanday ko‘yga tushgan bo‘lsa, men ham shu holni boshdan kechirdim. Ancha tushkunliklarga tushdim. Endi umuman Ahmadboylarga ishonmayman, hech kimga pul bermayman, boshqalarni ham moliyaviy piramidalarga ishonmaslikka chaqiraman.

Bergan pullarimni olishdan umidimizni uzgandim. Pulimning uchdan bir qismini bugun plastigimga tashlab berishdi. Buning uchun barcha mutasaddilarga katta rahmat.

Abduqahhor Qo‘chqorov (Jizzax viloyati):

Pensionerman, ikkinchi guruh nogironiman. 2016 yil mart oyida pensiyamni yig‘ib, to‘plagan pullarimni Ahmadboyga bergandim. Berishdan oldin Chinozga borib, surishtirib ko‘rdik. Hamma topshirayotgan ekan, navbat katta. Borganimizda pullarni bankning mashinasida melisalar bilan olib ketishgandi. Shularni ko‘rgach, biz ham pulimizni ishonib berdik. Shundan foyda olamiz, deb o‘ylagandik.

Ikki oy foizini oldik, uchinchi oyga borib tashkilot yopildi. Shundan keyin pullarimizdan umidimizni uzgandik.

Xato qilganman. Ahmoqchilik deydimi, boshqami, nima bo‘lsayam, noto‘g‘ri qilganman. Shoshib qolganmiz. Bugun topshirgan pullarimning uchdan birini qaytarib berishdi. Xursandmiz.

Mahfuza Hojimatova (Toshkent shahri):

– 2016 yil ko‘chadan, tanish-bilishlardan eshitib, Ipotekabankda turgan 27 mln so‘mimni Ahmadboyga olib borib berganman. Har oyning 23-sanasida kelib, foizingizni olib ketasiz deyishdi. Birinchi oyning foizini olishimga bir hafta qolganda yopilib qoldi. Judayam qattiq siqildim. Boshimda erim, bola-chaqam yo‘q, o‘sha paytda ishsiz edim, shu pulga yashayotgandim. Ishim ham yo‘q, pulim ham yo‘q, endi nima qilaman deb «shok»ka tushdim, to‘g‘risi.

Keyin odamlar ariza bilan turli idoralarga murojaat qilayotganini eshitib, men ham yozdim. 5 yil davomida hamma joyga murojaat qildim. Arizalarimga javob keldi, tergovlarda qatnashdim, qayerga chaqirishsa bordim.

Arizalarimda keltirgan vajlar tasdig‘ini topgani uchun pulimni qaytarishlarini aytishgandi. Ochig‘i, umidimni uzib qo‘ygandim. Bugun xursandchiligimning cheki yo‘q, pulimning uchdan bir qismini plastik kartochkamga tashlab berishdi. Qolganini Ahmadboyning mol-mulklari sotilgandan keyin berisharkan. Bu ish umrimning oxirigacha yetadigan dars bo‘ldi. Boshdan kechirganlarimni dushmanimga ham ravo ko‘rmayman.

Eslatib o‘tamiz, «Ahmadboy ishi» doirasida 11700 nafar jabrlanuvchiga umumiy hisobda 418 mlrd. 293 mln. 345 ming so‘m zarar yetkazilgan.

Xalq orasida Ahmadboy nomi bilan tanilgan Ahmad Tursunboyev va boshqalarga oid jinoyat ishi yuzasidan dastlabki tergov davrida xatlangan ko‘chmas mulk, avtotransport va zargarlik buyumlari sotuvga qo‘yilgan. Sud qarori bilan sotuvdan tushgan pullarni jabrlanuvchilarga teng miqdorda taqsimlash belgilangan. Tergov davomida xatlangan hamda hozirgacha onlayn auksion orqali sotilgan mol-mulk sotuvidan tushgan pul 146 mlrd. so‘mni tashkil etadi. Bu barcha jabrlanuvchilarga yetkazilgan zararning taxminan 35 foizini tashkil etadi.

28 yanvardan boshlab Majburiy ijro byurosining Toshkent viloyati boshqarmasi sotuvdan tushgan pullarni jabrlanuvchilarning plastik kartochkalariga o‘tkazib bera boshladi.

MIB Toshkent viloyati boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Bekzod Mengliyev:

– Shu paytgacha bizga 4 mingga yaqin fuqaro pullarini plastik kartochkaga o‘tkazib berilishini so‘rab murojaat qildi. Shundan qariyb ming kishiga bank bilan kelishgan holda bepul plastik kartochkalar ochtirib berdik. Hozir ushbu plastik kartalar egalariga tarqatilmoqda. Qolganlari plastik kartalari borligini aytgani uchun to‘lanadigan pullar o‘sha hisoblarga o‘tkazib beriladi. Qolgan fuqarolar ham bizga ariza bilan murojaat qilishsa, ularga yo plastik karta ochtirib beramiz, yoki pulni o‘zlarining plastiklariga tushirib beramiz. Ungacha pullar boshqarmamizning depozit hisoblarida saqlab turiladi.

To‘g‘ri, hozirda depozitlarimizdagi pul jabrlanuvchilarga yetkazilgan zararni to‘liq qoplash uchun yetarli emas. Ammo hali onlayn auksionda sotiladigan bir qancha ko‘chmas mulk, avtomobil, zargarlik buyumlari bor. Ulardan tushgan pullar ham bosqichma-bosqich jabrlanuvchilarga maxsus dastur orqali taqsimlab boramiz, bu borada fuqarolarimizda hech qanday shubha bo‘lmasligi kerak.

Toshkent viloyati boshqarmasi katta inspektori Abdurasul Abdusherozov:

– Bugun onlayn auksion orqali sud tomonidan xatlangan «Captiva» rusumidagi avtomobil sotildi. Ayni paytda Majburiy ijro byurosining boshqa tashkilotlar bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan «MIB-Ijro» elektron dasturi orqali qarzdorlarga tegishli bo‘lgan boshqa mol-mulklarni aniqlash va aniqlangan mol-mulklarga taqiq qo‘yish choralari ham ko‘rilmoqda.

Bugungi kun holatiga «MIB-Ijro» dasturi orqali Ahmad Tursunboyev va uning jinoiy sheriklariga tegishli bo‘lgan, sud hujjatlarida ko‘rsatilmagan bitta avtomobil hamda ko‘chmas mulk qo‘shimcha ravishda aniqlandi. Ayni paytda ularning sotilishiga taqiq qo‘yilgan.

Jamshid Niyozov, Kun.uz muxbiri
Tasvirchi – Mirvohid Mirrahimov.

Ko‘proq yangiliklar: