O‘zbekistonda xospislar tarmog‘i va palliativ yordam ko‘rsatish bo‘limlari ochiladi

O‘zbekiston 13:10 / 31.10.2019 3216

Hukumat onkologik xizmat va onkologik bemorlarga tibbiy-psixologik yordam ko‘rsatishni rivojlantirish dasturi, shuningdek nuklear tibbiyotni rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqladi.
 
Ma’lumot uchun: nuklear tibbiyot – bu inson organlari funksiyalarining biologik yoki patologik o‘zgarishlari, buzilishlarini aniqlash uchun turli radioizotoplarni qo‘llashga asoslangan zamonaviy tibbiyotning tez rivojlanib borayotgan tarmog‘i. Aksariyat hollarda, radioavtiv izotoplar yordamida inson organizmidagi o‘zgarishlar radiologik tadqiqotlarning boshqa usullariga nisbatan ertaroq aniqlanadi.
 
Norma’ning yozishicha, quyidagilar konsepsiyani amalga oshirish doirasida asosiy yo‘nalishlar va vazifalar etib belgilandi:

• onkologik kasalliklarga chalingan bemorlarga tashxis qo‘yish, ularni davolash va holatini nazorat qilishning yuqori texnologik ilg‘or usullarini, shu jumladan radiofarmpreparatlardan foydalangan holda radioterapiya, radioxirurgiya hamda radiodiagnostikani amaliyotga joriy qilish; 
• birlamchi tekshirish bosqichida va kasallikning qaytalanish yoki metastazlanish xavflarini erta aniqlash, davolash samaradorligini baholash uchun monitoring jarayonida xavfli o‘sma paydo bo‘lgan bemorlarni tekshirish sifatini oshirish;
• bemorlarga tashxis qo‘yish, ularni davolash va kuzatish usullarini takomillashtirish, onkologik kasalliklarga chalingan bemorlarning nogiron bo‘lib qolish va vafot etish ko‘rsatkichlarini pasaytirish orqali yangi paydo bo‘lgan xavfli o‘sma aniqlangan bemorlar hayotining davomiyligi hamda sifatini oshirishni ta’minlashga qaratilgan kompleks tashkiliy-amaliy chora-tadbirlarni ishlab chiqish va bosqichma-bosqich amalga oshirish.
 
Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi hududiy filiallarining mavjud quvvatlari doirasida 20 tacha o‘ringa mo‘ljallangan palliativ tibbiy yordam ko‘rsatish bo‘limlari tashkil qilinadi.
 
Samarqand, Farg‘ona, Xorazm viloyatlarida va Toshkent shahrida Sog‘liqni saqlash vazirligi tizimidagi tashkilotlarni optimallashtirish davomida tugatiladigan tibbiyot muassasalari yoki bo‘linmalari negizida 50 tadan o‘ringa mo‘ljallangan mahalliy hududlararo xospis ochiladi. Toshkent shahridagi xospis respublikadagi hududlararo xospislarga yordam ko‘rsatuvchi uslubiy markaz etib belgilandi.
 
Hududlararo xospislar onkologik va yuqumli bo‘lmagan boshqa kasalliklarning o‘tkazib yuborilgan bosqichini boshidan kechirayotgan bemorlarni statsionar hamda ambulatoriya sharoitida, shuningdek, uyda tibbiy davolash imkoniyati bo‘lmaganda, ularga tibbiy-psixologik yordam ko‘rsatadigan mustaqil tibbiyot muassasalari sifatida tashkil etiladi.
 
Markaz muvofiqlashtirish-uslubiy ishlarni hamda onkologik kasalliklarning oldini olish va skrining tekshiruvlar o‘tkazish, onkologik kasalliklarga chalingan bemorlar haqida axborot bazasini shakllantirish, epidemiologik vaziyatni monitoring qilish bo‘yicha samarali dasturlar ishlab chiqilishini ta’minlaydi. Shuningdek, Markaz tegishli sohada ilmiy xodimlarni tayyorlaydi va ularning malakasini oshiradi, klinik onkologiya bo‘yicha ilmiy tadqiqotlar o‘tkazadi.
 
Sog‘liqni saqlash vazirligi oldiga quyidagi vazifalarni qo‘yishdi:

• o‘sma paydo bo‘lishidan oldingi va o‘sma bilan bog‘liq kasalliklarni aniqlash maqsadida sog‘liqni saqlashning birlamchi bo‘g‘ini muassasalarini ilg‘or tibbiyot uskunalari bilan qo‘shimcha jihozlash orqali ularda sut bezi va bachadon bo‘ynini skrining tekshirishlarni tashkil etish;
• Hududlararo xospislar to‘g‘risidagi nizomni ishlab chiqish va tasdiqlash (2 oy muddatda);
• Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi hamda Moliya vazirligi bilan birgalikda hududlararo xospislar va palliativ yordam ko‘rsatish bo‘limlari xodimlarining namunaviy shtat normativlarini tasdiqlash;
• 2020 yil 1 fevralgacha bo‘lgan muddatda OO‘MTV bilan birgalikda oliy tibbiyot ta’lim muassasalari va Toshkent vrachlar malakasini oshirish institutining onkologiya kafedralari bazasida onkolog shifokorlarning malakasini oshirishni hamda magistrlar va klinik ordinatorlar uchun palliativ yordam ko‘rsatish o‘quv kurslarini tashkil qilish.
 
Moliya vazirligiga Davlat budjeti parametrlarini shakllantirishda hujjatda nazarda tutilgan tadbirlarni amalga oshirish uchun har yili zarur mablag‘lar ajratilishini nazarda tutish topshirildi.
 
Tasdiqlangan dasturni amalga oshirish uchun 10 170,8 mln so‘m va ekvivalentda 31,5 mln AQSh dollari ajratiladi. Manbalar – respublika va mahalliy davlat budjetlari mablag‘lari, ijrochilarning budjetdan tashqari mablag‘lari, shuningdek donor-mamlakatlar va xalqaro tashkilotlar kreditlari va grantlari. Tadbirlarni 2025 yilgacha amalga oshirish nazarda tutilgan.

Ko‘proq yangiliklar: