Toshkent shahar hokimligi va prokuratura mutasaddilari foydalanilmayotgan obektlar egalari bilan sayyor uchrashuvlar o‘tkazdi

Jamiyat 10:00 / 19.09.2019 6219

Toshkent shahar hokimligi va prokuraturasi rahbariyatining o‘zaro hamkorligida O‘zbekiston Prezidentining 2017 yil 18 maydagi PQ-2973, shuningdek 2018 yil 4 sentyabrdagi PQ-3928-son qarorlari ijrosi doirasida poytaxt va uning tumanlaridagi mutasaddi rahbar hamda vakillaridan iborat foydalanilmayotgan obektlardan samarali foydalanish bo‘yicha idoralararo komissiya va ishchi guruhlar a'zolari tomonidan o‘tkazilgan xatlovda aniqlangan, bo‘sh turgan, foydalanilmayotgan yoki samarasiz ishlatilayotgan bino-inshootlar, ishlab chiqarish obektlarining egalari bilan sayyor uchrashuvlar o‘tkazildi. 

Bunday tadbirlar joriy yil 29 iyuldan 19 avgustga qadar poytaxtning barcha 11ta tumanida amalga oshirilib, bir qator obektlarga tashrif buyurildi.

Uchrashuvlar davomida 100dan ortiq avval xususiylashtirilgan bo‘sh binolarning egalari, shuningdek kichik sanoat zonalarida faoliyat olib borayotgan 280 nafar tadbirkor bilan birma-bir suhbat bo‘lib o‘tdi. 

O‘z navbatida, tadbirkorlarning faoliyatida uchrayotgan muammolar tinglanib, ularga zarur huquqiy va amaliy yordam ko‘rsatildi.  

Mas'ullar investitsiya loyihalari ishlab chiqilmagan, buning yetarlicha choralari ko‘rilmagan taqdirda amaldagi qonunchilikda belgilangan oqibatlar xususida ogohlantirildi. 

Tadbirlar yakunida, bo‘sh turgan binolarni qisqa muddatga ishga tushirishda tadbirkorlarga amaliy va huquqiy yordam ko‘rsatish yuzasidan «yo‘l xaritasi» ishlab chiqilib, ijrosi sektor rahbarlarining nazoratiga olindi. 

Doimiy aloqada bo‘lib turish, muammolarni qisqa muddatda hal etish, masofadan tezkor huquqiy tushuntirishlar berish maqsadida shahar prokuraturasida tadbirkorlar qamrab olingan «Telegram» ijtimoiy tarmog‘idagi bot-kanal ishga tushirildi.

Ko‘proq yangiliklar: