Ombudsman O‘zbekistonda qaysi soha yo‘nalishi bo‘yicha inson huquqlari ko‘proq poymol etilishi haqida gapirdi

O‘zbekiston 20:03 / 20.07.2019 42577

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili Ulug‘bek Muhammadiyev Kun.uzʼga bergan eksklyuziv intervyusida mamlakatda qaysi soha yo‘nalishlari bo‘yicha inson huquqlari nisbatan ko‘proq poymol etilayotgani aytilishini ma'lum qildi.

— Har yili taqdim etayotgan hisobotlarimiz taxminan 10-11 ming murojaatni qamrab oladi. Masalan, 2018 yili 10 800 ta murojaat kelib tushgan. Insonning shaxsiy, ekologik, ijtimoiy, siyosiy huquqlari buzilishi haqida suhbatimiz davomida ta'kidladik. Shular orasida shaxsiy huquqlar eng ko‘p darajada buzilishi holatlari uchramoqda. Shuningdek, ijtimoiy huquqlar poymol etilishi ham yuqori ko‘rsatkichda. 

Tahlillarga e'tibor qaratsak, shaxsiy huquqlarda fuqarolarni tergov jarayoni bilan bog‘liq holatlar eng ko‘p bezovta qiladi. Tergov esa huquqni muhofaza qilish organlari bilan bog‘liq. Masalan, ayblanuvchining advokat bilan bog‘liq huquqi yoki uning fikri to‘liq inobatga olinmaganligi bilan bog‘liq holatlardir.

Undan keyingi eng ko‘p murojaat shaxsiy huquqni sud orqali himoya qilish bilan bog‘liq bo‘ladi. Ko‘pincha, sud hukmini adolatli emas deb topgan fuqarolardan kelib tushadi. Garchi biz sud jarayoniga ta'sir qilishimiz mumkin bo‘lmasa ham, agar o‘rganishlardan keyin asosli deb topsak, sudga ombudsmanning tavsiyaviy xatini yuboramiz. Biroq ta'kidlash joizki, bu xat majburiy xarakterda emas. Dunyo tajribasida ham xuddi shunday.

Uchinchi o‘rinda eng ko‘p murojaatlar jazo muddatini o‘tayotgan shaxslar tomonidan yuboriladi. Bunday shikoyatlar soni oxirgi ikki yil ichida sezilarli darajada oshdi. Oldin taxminan yiliga 200 atrofida bo‘lsa, hozir bu raqam yarim yilning o‘zidayoq 900 tani tashkil qilmoqda.

Lekin asosiy mahkumlardan keladigan murojaatlar sudning hukmidan norozi bo‘lishgani uchun yozilmoqda.

Video: Youtube

Video: Mover (tas-ix)

— Bu ombudsmanga murojaat qilish tizimining shaffoflashganidan dalolat beradimi?

— Murojaatlar soni oshishi jazoni o‘tash muassasalaridagi islohotlar bilan bog‘liq. U yerdagi shikoyatchilarning arizalari zudlik bilan Ombudsmanga yetkazilishi tartibi joriy qilinishi imkoniga aloqador. Shuningdek, mahbuslarga nisbatan davlat rahbari tomonidan yiliga 4-5 marta afv e'lon qilinishi ham ijobiy o‘zgarishlarga sabab bo‘lmoqda. «Rahbar bizni ham afv qilsin, o‘z ishimdan pushaymonman»  kabi murojaatlarning oshishi buning isboti bo‘la oladi.

— Shaxsiy huquqlar buzilishida ko‘pincha huquqni muhofaza qilish organlari bilan bog‘liq holatlarga guvoh bo‘lyapmiz. Bundan tashqari yana qaysi masalalar kun tartibida?

— Keyingi o‘rinni ijtimoiy murojaatlar egallasa, ular ham ko‘pincha sud hukmidan norozi bo‘lib yoziladi. Lekin bu bilan sud hukmi ko‘pincha noto‘g‘ri degan fikrga kelmaslik kerak. bizda yana bitta masala- fuqarolarning huquqiy bilimini oshirish bilan bog‘liq.

Chunki ko‘pchilikning nazarida «Agar men hozir davlat organiga murojaat qilsam, ish qayta ko‘riladi va hukm mening foydamga hal bo‘ladi» degan noto‘g‘ri fikr shakllanmoqda.

Alisher Ro‘zioxunov suhbatlashdi

Ko‘proq yangiliklar: