De Ligt – so‘nggi shtrix. «Yuventus» orzular jamoasini yig‘moqda

Sport 12:20 / 18.07.2019 20259

Italiya chempioni niderlandiyalik markaziy himoyachi Matteys de Ligt transferini e'lon qildi. Bu futbolchi uchun turinliklar «Ayaks»ga bonuslar bilan birga 85,5 million yevro to‘laydi. Ushbu 19 yoshli futbolchi 16 iyul kuni kechasi futbolchi Turinga uchib keldi va 17 iyul kuni yangi jamoasi uchun tibbiy ko‘rikdan o‘tdi. 18 iyul kuni yangi klubi bilan 5 yillik shartnomaga imzo chekdi.

Iguain yuki

Bir yil muqaddam Chempionlar ligasi g‘olibligi orzusidagi «Yuventus» bosslari nihoyat bu borada qat'iy qadam tashlashdi va Krishtianu Ronaldu transferi uchun katta mablag‘ sarflashdi (117 million yevro). Lekin ular shuni hisobga olishmagandiki, «Oltin to‘p»ning 5 karra g‘olibi qanchalik mohir bo‘lmasin, sehrgar emasdi. Qirolga mulozimlar kerak bo‘ladi, jamoaning o‘sha vaqtdagi tarkibi esa jiddiy qayta qurishlarga muhtoj edi va bu ish uchun shunchaki yulduzlarni sotib olish bilan kifoya emasdi. Shu bilan birgalikda, bu jarayonda moliyaviy feyr-pleyga rioya qilish zarurati yuzaga kelardi va jamoa klassik markaziy forvardi Gonsalo Iguain xizmatlaridan voz kechishga majbur bo‘lgandi. Argentinalik hujumchi bundan qattiq ranjigandi. U «Milan»da yosh Kutronedan yaxshiroq o‘ynay olmadi va milanliklar A Seriya kashfiyoti Pyontekka ishonch bildirishdi. «Chelsi»ga, sevimli murabbiy Maurisio Sarri yoniga borish ham vaziyatni o‘zgartirmadi. Muvaffaqiyatsiz mavsumdan keyin unga hech kim ishonch bildirmayapti, ammo uning o‘zi hech qayerga ketmayapti. U «Vest Hem»da ijara asosida o‘ynashga rozi bo‘lmadi, endilikda uni Djyekoni sotishi mumkin bo‘lgan «Roma»ga sotish varianti ustida ishlashmoqda. Xabarlarga ko‘ra, Turindagilar yoshi o‘tib qolgan tajribali hujumchidan ko‘ra vunderkind Kinga ishonch bildirishmoqda.

Yangi yarimhimoya chizig‘i va himoyada top darajadagi futbolchi

Lekin bu muammo – turinliklarning musaffo osmonidagi shunchaki bulutcha. Klub ikkita asosiy vazifani uddaladi. Maydon markazi yangilandi. Aytishlaricha, Sarri Londondan o‘zining sevimli futbolchisi Jorjinoni olib kelmoqchi bo‘lgandi. Bu mavzuni hozir ham eslab turishibdi, ammo «Chelsi» yangi futbolchilarni safga qabul qilish imkoniyatidan mahrum bo‘lgach, italiyalik mutaxassis sobiq klubiga yomonlik qilib o‘tirmadi. Qolaversa, «Yuventus»da Pyanich bor, bosniyalik futbolchining atrofidagilar esa o‘zgarmoqda. Matyuidi va Xediraning yoshi o‘tib bormoqda. Germaniyalik futbolchi jarohatlar tufayli oxirgi mavsumda barqaror o‘yin ko‘rsata olmadi, bu chiziqni to‘ldirish uchun kelgan Remsi va Rabo mashg‘ulotlar lagerida ter to‘kishni boshlashdi.

Albatta, barcha britaniyaliklar bilan bo‘lgani kabi uelslik futbolchida ham oroldan tashqarida faoliyat yuritish oson bo‘lmasligi mumkin, fransiyalik futbolchida ham yarim yil maydondan tashqarida bo‘lish asorati bo‘y ko‘rsatishi tayin. Ammo ular hali yosh va ularning darajasi ehtimoliy muammolarni yengib o‘tish uchun yetarlidir. Qolaversa, Remsini «Yuventus» afsonalaridan biri bo‘lgan Jon Charlz ilhomlantirishi ham mumkin.

Umuman olganda, turinliklar klubi menejyerlari o‘z ishlarini qilishdi, «Keksa sinoralar» ikki yulduzni erkin agent sifatida qo‘lga kiritishdi. Agar Iguainni «Roma»ning yosh futbolchisi Dzanologa almashtirishning uddasidan chiqishsa, «Yuve»da yuqori darajadagi yarimhimoya chizig‘i yuzaga keladi va jamoa ko‘p yillar davomida bu qudratini saqlab qolishi mumkin bo‘ladi.

De Ligt ham Chempionlar ligasini qo‘lga kiritish rejasidagi muhim detaldir. Bonuchchi va Kellini bilan yana bir necha yil davomida osonlik bilan skudettoni qo‘lga kiritish mumkin, ammo asosiy yevrokubok uchun kompaniyaga Kaseres yoki Rugani darajasidagi emas, top-darajadagi himoyachilar ham kerak. O‘tgan mavsumdagi o‘yinlarda tez orada 35 yoshni qoralaydigan Kellinini osonlik bilan ortda qoldirib ketishganini ko‘p marta ko‘rdik. Qolaversa, uzluksiz maydonga tushirilgan Jorjo tez-tez jarohat oladigan bo‘ldi.

De Ligt jamoaga qo‘shilganidan keyin esa jamoaning faxriy sardoriga tez-tez dam berish mumkin bo‘ladi.

Sarri uchun chempionlik tarkibi

Yozgi transferlardan keyin «Yuventus» zaif nuqtasi yo‘q jamoadek ko‘rina boshladi. Lekin barchasi juda ajoyib ko‘rinayotgan bo‘lsada, xavfsirashga sabab bo‘luvchi bir qator muammolar bor. Xususan, Joau Kanseluning kelajagi aniq emas. Hozircha uni «Manchester Siti»ga sotish bo‘yicha muzokaralar to‘xtab qolgan, agar Kuadrado Xitoyga yo‘l olishi to‘g‘risidagi mish-mishlar o‘zini oqlasa, portugaliyalik futbolchini hech qayerga qo‘yib yuborishmaydi. Faqat hujum markazi masalasi ochiq qoladi. Manjukich – jangchi, mehnatkash va professional, ammo yetakchi emas. Ikardi uchun esa – ayniqsa de Ligt uchun katta pul sarflanganidan keyin – klub «Inter» talab qilayotgan pulni (kamida 60 million yevro) bera olmasligi mumkin. Shu bilan birgalikda, milanliklarning o‘zi argentinalik snayper Antonio Kontening rejalarida yo‘qligini aytib, uning narxini tushirgandan tushirmoqda. Forvard Shveytsariyadagi yig‘inda qatnashmadi, Osiy turnesiga olib ketilmadi, u ko‘k-qoralar bazasida maxsus yollangan murabbiy bilan mashg‘ulot o‘tkazmoqda, uning narxi yana tushishi aniq.

Bu esa amalda «Yuve» uchun ideal variant, hozircha Mauritsio Sarri faqat o‘z ixtiyoridagi futbolchilar bilan shug‘ullanmoqda. Angliyada bir mavsum ishlab qaytgan mutaxassis Apenninda yana 4-3-3 sxemasi asosida o‘yin qurishi mumkin. «Chelsi»da bu sxemada Azardan mahorat bilan foydalangan Sarrida endi Ronaldu bor. Italiyalik mutaxassis uni chap qanotga joylashtiradi, ammo amalda u erkin ijodkor rolida bo‘ladi. Portugaliyalik futbolchi istagan vaqtda hujum uchligi markaziga o‘ta oladi ham.

Hozircha murabbiy o‘z jamoasida Dibalaga qayerdan joy tepib berishi mavhum. Argentinalik futbolchiga Massimiliano Allegri davrida shunday sxemada joy topilmagandi. Shuningdek, Turinga qaytgan Buffonga qancha o‘yin amaliyoti berilishi so‘roq ostida.

Lekin asosiysi, «Yuventus»da Jijiga nihoyat Chempionlar ligasining bosh sovrinini tuhfa etish uchun real imkoniyat bor. Albatta, tarkibni Azar va Yovich bilan to‘ldirib olgan «Real», yangi mavsumga Grizmann va Frenki de Yong bilan kirib boradigan «Barselona»da ham «quloqli kubok»ni yana bir bor qo‘lga kiritish uchun rejalar bor, ammo Turin yangi mavsumda Ko‘hna Yevropada futbol poytaxti bo‘lishidan mujdalar berilmoqda.

Ko‘proq yangiliklar: