Buxoroda yangi maktab-internat tashkil etiladi. U sport zaxiralarini tayyorlaydi

Sport 15:41 / 17.07.2019 3805

Buxoro viloyatida sportning olimpiya va milliy turlarini yanada rivojlantirish hamda mamlakat milliy terma jamoalarining ishonchli zaxiralarini shakllantirish maqsadida ixtisoslashtirilgan maktab-internat tashkil etiladi. Bu haqda Norma yozmoqda.
 
Ma'lumot uchun: ixtisoslashtirilgan maktab-internatlar faoliyati Vazirlar Mahkamasining 2.06.2018 yildagi «Sport turlari bo‘yicha ixtisoslashtirilgan davlat maktab-internatlari faoliyatini takomillashtirish to‘g‘risida»gi 410-son qarori asosida amalga oshiriladi.  
 
Qorako‘l maktab-internatiga o‘quvchilarni qabul qilish 2019/2020 o‘quv yilidan 5-sinfdan boshlab tashkil etiladi.
 
Sport maktab-internatining asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilandi:

• olimpiya va milliy sport turlari bo‘yicha yangi ilmiy-metodik tavsiyalar va yutuqlar asosida sport zaxiralarini, terma jamoalarga yuqori mahoratli sportchilarni tayyorlash;
• davlat ta'lim standartlari, o‘quv reja va dasturlari talablari asosida o‘quvchilarning ta'lim tayyorgarligini ta'minlash;
• zarur hollarda olimpiya sport turlari bo‘yicha xorijiy trenerlar va mutaxassislarni taklif qilgan holda ilg‘or ilmiy-metodik tavsiyalar asosida yosh sportchilarni tayyorlash borasida o‘quv-mashq jarayonlarini yuqori darajada tashkil etish;
• o‘quvchilarning jismoniy tayyorgarligi va texnik-taktik ko‘nikmalarini takomillashtirish, professional fazilatlarini rivojlantirish, sportni rivojlantirish xalqaro talablariga muvofiq holda O‘zbekiston milliy terma jamoalari zaxirasini tayyorlash darajasini oshirish;
• o‘quvchi-sportchilar va trenerlar tarkibining professional mahoratini oshirish uchun xorijiy sport maktablari va klublari bilan tajriba almashish bo‘yicha hamkorlikni kengaytirish.
 
Buxoro viloyati hokimligiga Qorako‘l maktab-internatini joylashtirish, Jismoniy tarbiya va sport vazirligiga esa bir oy muddatda uning ustavi tasdiqlanishi va davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishini ta'minlash vazifasi topshirildi. Shuningdek vazirlik maktab-internatni zamonaviy pedagogik texnologiyalarini egallagan malakali pedagog kadrlar hamda trenerlar bilan to‘ldirish yuzasidan zarur choralarni ko‘rishi lozim.
 
2020–2025 yillar mobaynida maktab-internatning bino va inshootlarini bosqichma-bosqich ta'mirlash, rekonstruksiya qilish va jihozlash ishlari amalga oshiriladi. 2019 yilda maktab-internatni ta'minlash xarajatlari ta'lim sohasiga ajratilgan mablag‘lar hisobidan moliyalashtiriladi, 2020 yildan boshlab esa bevosita Davlat budjeti parametrlarida nazarda tutiladi.
 
Hujjat 13.07.2019 yildan kuchga kirdi.

Ko‘proq yangiliklar: