Bir she'r ortidan: Qashqadaryoning Nuristonida bog‘chalar chindan ham talab darajasida emasmi?

Jamiyat 11:00 / 25.06.2019 62021

Mamlakat qudrati uning ta'limga, sportga, umuman, yoshlari hayotiga e'tiborida o‘z aksini ko‘rsatadi. O‘zbekistonda bo‘layotgan mana shu sohadagi ishlar, ayniqsa, maktabgacha ta'limga alohida ahamiyat berish va olib borilayotgan ishlar ko‘lami, ushbu sohaning yangi bosqichga ko‘tarilishi so‘zimizning isbotidir. Mamlakatning yirik shaharlaridan tortib, to olis hududlarida qad ko‘tarayotgan, ish boshlayotgan MTMlar faoliyati barcha yerda bir tekis, birdek olib borilyaptimi? Undagi sharoitlar, bolalarga e'tibor, kadrlar malakasi va shu kabi boshqa masalalar siyosat nazarda tutgan holdami? Bunday keskin savollarni o‘rtaga tashlayotganimizning sabablari bor, albatta.

Yaqinda ijtimoiy tarmoqlarda bir she'r paydo bo‘ldi va aytish lozimki, u internetni larzaga soldi. Bu she'rda Qashqadaryo viloyatining Nishon tumanida joylashgan Nuriston shaharchasidagi holatlar, xususan, MTMlardagi qoniqarsiz sharoitlar kinoya bilan tilga olinadi.

Vaziyat bilan yaqindan tanishish, aniqroq aytadigan bo‘lsak, bu yerda bolajonlar maskani haqiqatda ham shundaymi, bilish maqsadida shaharchaga bordik.

So‘zimiz boshini Maktabgacha ta'lim vazirligining mazkur holat bo‘yicha tegishli munosabatidan boshlashga qaror qildik. Xususan, vazirlik taqdim etgan rasmiy bayonotda shunday deyiladi: «Respublika bo‘yicha eng yuqori tug‘ilish ko‘rsatkichlari Qashqadaryo viloyatida kuzatilmoqda. Viloyatda bolalarni maktabgacha ta'lim bilan qamrab olish ko‘rsatkichi respublika bo‘yicha 38,1 foizga nisbatan 25,8 foizni tashkil etadi. Nishon tumanida ushbu ko‘rsatkich 36,9 foizga teng (Nuriston shaharchasida — 53,6 foiz). Bolalarni maktabgacha ta'lim bilan qamrab olish bo‘yicha quyidagi ko‘rsatkichlarga erishish yuzasidan ishlar olib borilmoqda: 2019 yil yakuniga qadar 37,3 foiz, 2020 yil yakuniga qadar 47,6 foiz, 2021 yil yakuniga qadar 56,8 foiz.

Nuriston shaharchasidagi davlat MTMga navbatda 497 nafar bola turibdi. Mazkur shaharcha 2020 yilga mo‘ljallangan qurish, rekonstruksiya qilish va kapital ta'mirlash dasturiga kiritildi. 2020 yilda shaharchada 240ta joyli MTM quriladi va faoliyat yuritayotgan 18-sonli MTM hududidagi 120ta joyli bino qurib bitkaziladi».

Bizga taqdim etilgan ma'lumotlarga ko‘ra, mazkur hududda ayni vaqtda 3ta davlat maktabgacha ta'lim muassasasi:

- 18-sonli davlat maktabgacha ta'lim muassasasi

- «Erkatoy-1» MTM

- «Erkatoy-2» MTM

Shuningdek, 6ta nodavlat maktabgacha ta'lim muassasasi va oilaviy bog‘chalar faoliyat yuritmoqda. Navbati bilan ularga tashrif buyurdik.

Tumanda faoliyat yurituvchi 18-sonli maktabgacha ta'lim muassasasi 1980 yilda qurilgan. U 240 o‘ringa mo‘ljallangan. So‘nggi yillarda olib borilgan rekonstruksiya ishlari natijasida MTM sig‘imi 375 o‘ringa yetkazilgan. Xususan, ta'mirlash ishlari uchun 2018 yilda 100 mln so‘m mablag‘ ajratilgan, 2019 yilda esa unga qo‘shimcha blok qo‘shish orqali bog‘cha o‘rnini kengaytirish rejalashtirilgan. Mazkur bog‘chaga tashrif buyurar ekanmiz, u kattagina maydonda joylashgani, binolar ham keng qurilgani guvohi bo‘ldik. Atrof ko‘kalamzorlashtirilgan, bolalar o‘ynashi uchun hovlida o‘yingohlar tashkil etilgan. Ayni damda 375 nafar boladan 275 nafari kuni uzaytirilgan guruhlarda, 100 nafari esa qisqa muddatli guruhlarda tarbiyalanmoqda.

Hududda, bundan tashqari, «Sho‘rtangazkimyo» majmuasiga qarashli, 280 o‘ringa mo‘ljallangan 2ta («Erkatoy-1» va «Erkatoy-2») maktabgacha ta'lim muassasalari bo‘lib, unda ayni kunlarda 280 nafar bola tarbiyalanmoqda.

— Nuriston shaharchasida (2-sektorda «Nuriston», «Kimyogar» va «Nurchi» MFYlarda) 3-7 yoshgacha bo‘lgan bolalar 1512 nafarni tashkil etib, ularning 810 nafari maktabgacha ta'lim muassasalariga qamrab olingan (53,5 foiz), — deydi biz bilan suhbatda Nishon tumani maktabgacha ta'lim bo‘limi mudiri Bahriddin Davlonov. — Bundan tashqari, 2ta 50 o‘ringa mo‘ljallangan nodavlat bog‘chada 50 nafar, 1ta 30 o‘ringa mo‘ljallangan davlat xususiy sherikchiligi asosidagi bog‘chada 30 nafar hamda 3ta 75 o‘ringa mo‘ljallangan oilaviy bog‘chada 75 nafar bola tarbiyalanadi.

Mutasaddining aytishicha, 2020 yilgacha shaharchada harbiylar va ehtiyojmand oilalar farzandlari uchun yana qo‘shimcha o‘rinli MTMlar tashkil etiladi. Ularning sifati yuqori darajada bo‘ladi, chunki hozir tadbirkorlar o‘zaro raqobatlashish uchun ham o‘z bog‘chalarini yanada zamonaviylashtirishmoqda, qo‘shimcha to‘garaklar tashkil etishmoqda va bu tabiiy ravishda bog‘chalar faoliyatini yaxshilashga sabab bo‘lmoqda.

Tabiiy savol tug‘iladi: bunday bog‘chalarda bir oyda har bir bola uchun qancha to‘lanadi? Bu masala yuzasidan ota-onalarga yuzlandik.

— Men har oy bolam uchun 55 ming to‘layman. Bundan arzon va bundan qimmat bog‘chalar ham bor, ammo shunisi ishimga yaqin hududda joylashgani uchun shu bog‘chaga qo‘yganman. Sharoitlari meni qoniqtiradi, rus tilini o‘rgatishadi, bolalar bilan o‘ynatishadi, — deydi biz bilan suhbatda Adiba Mavlonova.

— Hozir hamma bolasini shunaqa bog‘chalarga qo‘yishadi. Kimdir qimmatiga, kimdir arzoniga. Sharoitiga qarab. Men masalan oyiga 70 ming to‘layman. Boshqa bog‘chalarga nisbatan, qimmatroqdir, lekin menga shunisi qulay. Shunga yarasha bolam nima yeyapti, qanday sharoitda uxlab, qanday sharoitda o‘ynayapti, nazorat qilib turaman, — deydi aholi vakillaridan yana biri Maryam Mavlyanova.

Demak, narx-navo o‘rtacha hisobda 50-80 ming atrofida. Buni qiyoslash uchun viloyatning boshqa shaharlari, masalan, Qarshi yoki Shahrisabz bilan taqqoslaganda nisbatan arzonligining guvohi bo‘lish mumkin. Chunki bu shaharlarda xususiy bog‘chalar narxi har bir bola uchun oyiga 150 mingdan 300 ming so‘mgachani tashkil etadi.

Bizning bu shaharchaga tashrif buyurishimizdan hech bir rahbar yoki mutasaddining xabari yo‘q ediki, jurnalistlar keldi deb bog‘chalarni bunday ko‘rkamlashtirib qo‘yishgan bo‘lsa. Ota-onalar ko‘zida ham xotirjamlik, birov chetga tortib, salbiy fikr bildirmadi. Barchasi tabiiydek ko‘rindi. Albatta, o‘ylaganimiz, ishlar shu sur'atda davom etayotgani rost bo‘lsin, davomiy bo‘lsin. Chunki endi ko‘zbo‘yamachilik bilan hech narsaga erishib bo‘lmaydi, xalq, odamlar ham bu holatga qarab turmaydi. Zero, zamon talabi ham shunday bo‘lmoqda.

Sarvar Anvar o‘g‘li,
Kun.uz muxbiri.

Ko‘proq yangiliklar: