«O‘t o‘chirish xizmatidan qoniqmadim». Uyi yongan norozi oila ko‘chada qoldi

Jamiyat 12:43 / 23.06.2019 31161

Tahririyatga jo‘natilgan navbatdagi murojaat surat ko‘rinishda va kichik izoh bilan keldi: «Uyim yonib ketdi. 4 bolam bilan ko‘chada qoldik».

Avvaliga ularning xohishi nimada ekanini anglay olmadik - muammoni ko‘tarib chiqishmi yoki xayriya tarzida yordam kerakmi? Aniqlik kiritish uchun Toshkent tumaniga chiqdik.

Video: Youtube

Video: Mover (tas-ix)

Chig‘atoy mahalla, Kamalak berk ko‘chasi, 17-uyni qidirib yo‘lga otlandik. Mahallaga kirgan vaqtimizdayoq yongan uy darrov ko‘zga tashlandi. Yong‘indan keyin bu yerda tozalash ishlari amalga oshirilgan. Uydan paxsa devor va uning poydevor qismi qolgan ekan, xolos. Talofat ko‘rgan Abdug‘aniyevlar oilasiga hamdardlik tilab, bo‘lgan voqeani so‘zlab berishini so‘radik.

«4 iyun kuni sahar payti qo‘shnining uyida yong‘in chiqdi. Yong‘in juda kuchli bo‘ldi. O‘t o‘chirish xizmatidagilar kech qolib kelishdi. Ko‘z ochib yumguncha olov bizning uyimiz tomon bostirib kela boshladi. O‘t o‘chirish xizmatidagilardan narvon qo‘yib uylar tutashgan joyga chiqishini so‘rasam, «narvonim yo‘q» deydi. Uyning ichidan turib suv sepishini so‘ragandim, shlankasi yetmasligini aytdi. Mashina ham ichkariga kirolmasligini bildirishdi. Aytishlaricha, bu mashina qimmat emish.

Bizga nima qizig‘i bor? Odamlarga unday mashina kerak emas. Yorib kiradigan bo‘lishi kerak-ku? O‘t o‘chiruvchilar ham shlankalarni ulashni bilmaydi. 15 daqiqa vaqt shunga ketdi. Uyimiz yonib bo‘ldi. Boshqalarda bunday bo‘lmasin, ishqilib. Yaxshi ham hech kim aziyat chekmadi. 13 jon yashaymiz. Hamma uydan chiqishga ulgurdi. Shunisiga shukr deymiz», deydi Muhammadjon Abdug‘aniyev.

Muhammadjon Abdug‘aniyev

Bu uyda yashovchi yana bir oila boshlig‘i Botir Abdug‘aniyevning ham dardlarini tingladik.

Botir Abdug‘aniyev

«Nima ham derdik? Jonimiz sog‘ hammamizning. Yaxshi ish bo‘lmadi. Uzoq vaqtdan beri yig‘gan-terganlarimiz edi. Hech vaqo qolmadi. Hammasi yonib ketdi. O‘sha kuni men boshqa joyda edim. Ertalab kelsam, uy yonib bitgan ekan. Kelishimdan oldin do‘stlarim qo‘ng‘iroq qilishdi va vaziyatni tushuntirishdi. Muhimi hech kimga hech narsa qilmaganini aytib taskin berishdi. Farzandlarimiz ham katta bo‘lib qolgan. To‘ylar qilish uchun tayyorgarlik ko‘rgan edik. O‘zimiz sodda hayot kechiramiz. Ukam Muhammadjon ham, men ham haydovchimiz. Hozir tashqarida yashab amallayapmiz. Ertaga sovuq tushishni boshlasa nima qilamiz hayronman», deydi u.

Uy egalarining hasratlarini eshitib ozroq dalda bo‘lishni epladik, xolos.

Bo‘lgan ish bo‘lib o‘tgan, uy ayanchli holatga tushgan edi. Biroq, masalani to‘g‘ri baholash uchun ikkinchi tarafni ham eshitib qo‘yish burchimiz sanaladi. Shu sababli, Toshkent tumani YoXXBda «kutilmagan mehmon» bo‘ldik.

«O‘sha kuni saharga yaqin yong‘in chiqqan. Uy egalari uxlayotgan bo‘lganmi, bunisi qorong‘i. Biz tezda yetib borishga harakat qildik. 7 daqiqada birinchi mashina yetib borgan. Keyin boshqa mashinalar ham yetib borgan. Yo‘l uzoqroq bo‘lgani uchun ancha vaqt ketadi. Bu yerdan 10 kilometrlar chiqadi. Mashina bo‘yicha e'tiroz qilishyapti ekan. U mahallaga mashina kira olmaydi. Odatda yong‘in bo‘layotgan vaqtda o‘t o‘chiruvchilarga ishlashga qo‘yishmaydi. Mening uyimni o‘chir, menikini o‘chir deyishadi. O‘t o‘chiruvchi o‘zining aqli bilan ish qilishi kerak bo‘ladi.

Narvon bor. Hayronman kim unday degan? Doim narvon bilan ta'minlangan. Bizdagi holat o‘rta darajada. Rivojlangan davlatlardagichalik emasmiz, to‘g‘ri. Lekin atrofdagi davlatlar ichida yaxshimiz», deyishimiz mumkin»,- deydi bo‘lim boshlig‘i Faxriddin Soatov.

Bu holatda kim aybdor, bunisini bilmaymiz. Uy egalari o‘t o‘chiruvchilarni ayblaydi, 101 xodimlari esa aybi yo‘qligini aytadi. Ularning qanchalik darajada jihozlar bilan ta'minlanganini bilmaymiz. Biz ko‘plab murojaatlardan birini ko‘rsatib o‘tdik, xolos. Saytimizga o‘t o‘chirish xizmati sekinligi va yetarli ta'minlanmagani haqida e'tirozlar kelib turadi. Bu ayanchli hodisa ham o‘t o‘chiruvchilarga, ham har qanday xonadon egalariga dars bo‘ladi, degan umiddamiz.

Hozirgi kunda ushbu oila moddiy va ruhan qo‘llab-quvvatlashga ehtiyojmand bo‘lgani uchun quyida ularning plastik karta raqamini keltirib o‘tmoqchimiz.

Mahbuba Olimova (onasi) nomiga ochilgan plastik kartasi:

Click/Payme: 8600 3329 0565 6595 (Ipotekabank)

Bahodir Ahmedov tayyorladi

Ko‘proq yangiliklar: