AQShning Iroqdagi elchixonasi “Katyusha”dan o‘qqa tutildi

Jahon 01:37 / 20.05.2019 23826

Iroq poytaxti Bag‘dodning “yashil hududi”da “Katyusha” reaktiv snaryadi portladi. Bu haqda RT telekanali xabar berdi. 

Ta'kidlanishicha, snaryad tushgan ushbu hududda asosiy vazirliklar va elchixonalar, jumladan AQSh elchixonasi joylashgan. 

Voqea oqibatida hech kim jabrlanmagan. Ayni vaqtda iroqlik harbiylar boshqa tafsilotlarni keltirishmagan.

Al Arabiya telekanalining xabar berishicha, dastlabki ma'lumotlarga ko‘ra, AQSh elchixonasi o‘qqa tutilgan.  

“Yashil hudud” 2003 yilda Saddam Husayn tuzumi ag‘darilgandan keyin 10 kvadrat kilometrlik hududda paydo bo‘lgan. Avval Husayn saroylari, davlat idoralari, amaldorlarning uylari va villalari joylashgan, baland to‘siq bilan o‘ralgan ushbu hududda Iroqning yangi hokimiyati idoralari, jumladan parlament qo‘nim topgan. U yerga faqat maxsus biometrik ruxsatnomalar bilan sinchkov tekshiruvdan keyin kirish mumkin. Hududga tushishning qiyinligi sababli jangarilar uni minomyotdan va raketalar bilan o‘qqa tutish amaliyotini qo‘llashadi.

“Katyusha” Ikkinchi jahon urushi vaqtida sobiq ittifoqda ishlab chiqilgan ko‘p maqsadli raketa qurilmasi bo‘lib, ushbu arzon va samarali tizimlarni oddiy yuk mashinalarga o‘rnatish mumkin bo‘lgan. Ushbu qurol urushdan keyin takomillashtirilib, ko‘plab davlatlarga, jumladan Iroqqa yetkazilgan. 

Ko‘proq yangiliklar: