«Yuventus» murabbiyligi uchun asosiy nomzod ma'lum bo‘ldi

Sport 11:00 / 19.05.2019 19619

Massimiliano Allegrining iste'fosini e'lon qilgan «Yuventus» bosh murabbiyligi uchun asosiy nomzod «Latsio»da faoliyat ko‘rsatayotgan Simone Indzagi hisoblanadi. Bu haqda Corriere dello Sport manbasi xabar bermoqda.

Italiyalik mutaxassisning «Latsio» bilan shartnomasi muddati 2020 yilga qadar tuzilgan, ammo biroz avvalroq u klubni tark etishi istisno etilmasligi haqida xabarlar tarqalgandi. Football Italia ma'lumotiga ko‘ra ham aynan u Allegrini almashtirish uchun asosiy nomzoddir.

Allegri «Yuventus»ni 2014 yil yozidan buyon boshqarib kelmoqda. So‘nggi besh mavsumda turinliklar uzluksiz chempion bo‘lib kelishgandi va ikki marta Chempionlar ligasi finaliga chiqishganli, jamoa 2015 yilda «Barselona»ga (1:3), 2017 yilda «Real»ga (1:4) yutqazgandi.

YeChLning joriy mavsumida byankonerilar 1/4 finalga yetib borishdi va «Ayaks» to‘sig‘idan o‘ta olishmadi (1:1 va 1:2). A Seriyada jamoa mavsum yakuniga ikki tur qolganida eng yaqin ta'qibchisi «Napoli»ni 13 ochkoga ortda qoldirib, muddatidan oldin chempionga aylanishdi.

Bundan avvalgi xabarlarda «Yuventus» bosh murabbiyligi uchun nomzodlar qatorida Dide Desham, Maurisio Sarri, Karlo Anchelotti, Antonio Konte, Xosep Gvardiola va Maurisio Pochettino kabi mutaxassislar nomi sanalgandi. Bu ro‘yxatdagilardan Konte katta ehtimol bilan «Inter» boshqaruviga keladi, Gvardiola esa «Siti»da qolishini ma'lum qilgan.

Ko‘proq yangiliklar: