O‘zbekiston madaniy siyosatda nimaga e'tibor qaratishi kerak? YuNeSKOning sobiq rahbari o‘z fikrini bildirdi

O‘zbekiston 17:10 / 19.05.2019 5041

Moskva xalqaro munosabatlar davlat instituti bitiruvchilarining V forumi doirasida «Xalqaro imij siyosati» mavzusida muhokama sessiyasi bo‘lib o‘tmoqda. Unda O‘zbekistonning madaniy merosi va turistik salohiyati xususida so‘z bordi.

O‘zbekiston Madaniyat vaziri o‘rinbosari Kamola Oqilovaning ma'lumot berishicha, joriy yilning avgust oyida O‘zbekistonning moddiy va nomoddiy yodgorliklarini saqlab qolish masalalariga bag‘ishlangan xalqaro konferensiya o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

«Mamlakatning to‘rtta shahri ─ Samarqand, Xiva, Shahrisabz va Buxoro YuNeSKOning umuminsoniy meroslar ro‘yxatiga kiritilgan. Shuningdek, nomoddiy yodgorliklar ro‘yxatiga kiritilgan ko‘plab tarixiy, madaniy boyliklarimiz ham mavjud. Ammo ularni saqlab qolish, avlodlarga yetkazish bilan bog‘liq muammolar ham yo‘q emas. Yodgorliklarni saqlash bu ─ strategik muammo. Shaharlarning modernizatsiyalashuvi bilan bir qatorda ularning tarixiy ahamiyatini ham saqlab qolishimiz lozim», ─ deya vazir o‘rinbosarining so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Forumda ishtirok etgan YuNeSKOning 2009─2017 yillardagi bosh direktori Irina Bokova O‘zbekiston tarixiy-madaniy ahamiyatini saqlab qolish uchun nimalarga e'tibor qaratishi lozimligi haqida gapirdi.

«Shaharlar urbanizatsiya va modernizatsiyaga yuz tutayotgan, shahar landshafti o‘zgarayotgan bir paytda tarixiy maskanlarning o‘ziga xosligini ham saqlab qolish kerak. Bunda O‘zbekiston YuNeSKO mutaxassislari bilan muntazam hamkorlik qilishi, ularning ko‘rsatmalariga amal qilishi lozim, deb hisoblayman. Zamonaviylashuv hisobiga tarxiylik yo‘qolmasligi kerak», ─ deydi Bokova.

Shuningdek, YuNeSKOning sobiq bosh direktori O‘zbekiston madaniy boyliklarning barcha ko‘rinishlari ─ tarixiy imoratlar, festivallar, muzeylar, xalq folklori kabilarning barchasini tizimli asosda rivojlantirish orqali turizm iqtisodiyotini yaxshilashi kerakligini ta'kidladi.

«Madaniyatlararo munosabatlarni mustahkamlashda tolerantlik prinsipini ham saqlab qolish kerak», ─ deya qo‘yshimcha qilgan u.

Irina Bokova o‘z nutqida keltirishicha, hozirgi kunda turizm neft va kimyo sanoatidan keyin uchinchi o‘rindagi eng serdaromad soha hisoblanadi. Turizmdan tushadigan daromad butun dunyo yalpi ichki mahsulotining 10 foizini tashkil qiladi, har 10ta ish o‘rnidan bittasi aynan turizm sohasida yaratiladi.

«O‘zbekiston hozirda yiliga 5 milliondan ortiq sayyohni qabul qilmoqda. Turizmning ahamiyati va iqtisodiyotga foydasi ortib borayotgan bir paytda, sizning mamlakatingiz ham o‘zining bu boradagi imkoniyatlaridan maksimal foydalanishi kerak», ─  deya ta'kidlagan Bokova.

Ko‘proq yangiliklar: