«Bunyodkor»ning 90+5-daqiqada urgan goli inobatga olinmagan dramatik o‘yindan fotogalereya

Sport 00:04 / 18.05.2019 12583

Bugun, 17 may kuni Superliga 9-turining navbatdagi o‘yini o‘tkazildi. Amaldagi chempion «Lokomotiv» o‘z maydonida hamshahari «Bunyodkor»ni qabul qildi. Qiziqarli kechgan o‘yinda hisob ochilmadi.

Vadim Abramovning yosh jamoasi «Lokomotiv» bilan tengma-teng o‘ynagani taqsinga sazovor. Qiziqarli kechgan o‘yinni futbolimizning taniqli insonlari stadiondan kuzatishdi. Ektor Kuper ham o‘yinni stadionda tomosha qildi va balki murabbiy o‘zi uchun yangi nomlarni kashf qilgandir. Shuningdek Ravshan Ermatov, Server Jeparov, Temur Kopadzelar turning markaziy o‘yinini muxlislar qatorida kuzatishdi.

«Bunyodkor» ikkinchi bo‘limda ko‘p hujum qildi va g‘alabaga munosibdek ko‘rindi. 90+5-daqiqada «qaldirg‘cholar» gol urishdi ham. Anvar G‘ofurovning jarima zarbasidan uzatgan to‘pidan so‘ng «Lokomotiv» jarima maydonchasida palapartishlik yuzaga keldi va to‘p zaxiradan maydonga tushgan Vladislav Nuriyevga borib tushdi. Nuriyev to‘pni bo‘sh darvozaga yo‘lladi, lekin qanot hakami o‘yindan tashqari holatni qayd etdi.

Bu vaziyatda «Bunyodkor» futbolchisi passiv o‘yindan tashqari holatda turgan va hakam golni inobatga olmaslik uchun asosga ega edi. Chunki ofsaydda turgan futbolchi to‘pga tegmagan bo‘lsa-da, darvozabonga xalaqit berdi. Hakam golni inobatga olmaganidan so‘ng Vadim Abramov va uning yordamchilari hakamga keskin e'tiroz bildirishdi. Shuhrat Maqsudov maydon markazigacha chiqib bordi va u katta ehtimol bilan diskvalifikatsiyaga tortiladi.

Mana shunday dramatik tarzda yakunlangan o‘yinni Tribuna.uz fotomuxbiri stadionda kuzatdi va voqealarni kadrga joyladi. Quyida «Lokomotiv» –  «Bunyodkor» o‘yinidan tayyorlangan fotogalereyani e'tiboringizga havola qilamiz.

Ko‘proq yangiliklar: