Xivada «O‘zbekiston bahori» II respublika an'anaviy ijod festivali bo‘lib o‘tdi

O‘zbekiston 19:57 / 14.05.2019 4790

10-13 may kunlari Xorazm viloyati Xiva shahrida «O‘zbekiston bahori» II respublika an'anaviy ijod festivali bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi va Respublika yosh ijodkorlar kengashi tomonidan tashkil qilingan mazkur festivalda nasr, nazm, dramaturgiya, jurnalistika (telejurnalistika, gazeta va internet jurnalistikasi), tasviriy san'at va fotografiya yo‘nalishida ijod qilayotgan 90 nafar yosh ijodkorlar qatnashdi.

Festival ikki bosqichda: adabiyot va san'at sohasining yetuk mutaxassislari ishtirokida mahorat darslari hamda   ijodiy ishlarni baholash orqali o‘tkazildi.

«Mazkur festivalni o‘tkazishdan ko‘zlangan maqsad  azaldan ildizi bir bo‘lgan oltita yo‘nalishda ijod qilayotgan yoshlar o‘rtasida do‘stlik munosabatini o‘rnatish va ularga erkin ijodiy muhit yaratish hisoblanadi. Xivada kashf etilgan yangi iste'dodlar nasib bo‘lsa, o‘z sohasi rivojiga munosib hissa qo‘shadigan ijodkorlar bo‘lib yetishadi», dedi Respublika yosh ijodkorlar kengashi raisi Mehrinoz Abbosova Kun.uz muxbiri bilan suhbatda.

Tadbir doirasida, shuningdek, ishtirokchilar Xiva shahridagi «Ichan qal'a» tarixiy majmuasi yodgorliklarini ziyorat qilishdi va diqqatga sazovor boshqa joylarda bo‘lishdi. 

«Xivadan olgan ilhomlarim va ko‘ngildoshlarim bilan o‘tkazgan uyqusiz mushoira kechalari har qanday g‘oliblikdan ortiqligini angladim. Ijodkor uchun eng yaxshi mukofot - uning o‘z o‘quvchisi borligi. Shukrki, ota-onam, yaqinlarim, ustozlarim bergan ishonchni oqlay oldim. Ammo hali oldinda ijodning juda uzun yo‘li bizni kutmoqda», deydi festivalning nazm yo‘nalishida g‘oliblikka erishgan ishtirokchisi Gulhayo Anorova.

«O‘zbekiston bahori» II respublika an'anaviy ijod festivali yakunida barcha yo‘nalishlarda uchtadan, jami o‘n sakkiz nafar ishtirokchi g‘olib deb topildi. Ularga tashkilotchilarning diplom va esdalik sovg‘alari topshirildi.

Ko‘proq yangiliklar: